11:42 / 15.08.2020
5942
Toshkent viloyatida giyohvandlik vositasi yetishtirgan shaxs aniqlandi

Holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 270-moddasi 1-qismi va 276-moddasi 2-qismi “a” bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. 

Foto: Tergov departamenti

2020 yilning 3 avgust kuni IIB xodimlari tomonidan Toshkent viloyati Yuqori Chirchiq tumanida “Qoradori-2020” tezkor tadbiri o‘tkazilgan.

IIV huzuridagi Tergov departamenti xabariga ko‘ra, Toshto‘g‘izoq mahallasida yashovchi 61 yoshli Ye.K.ning xonadoni ko‘zdan kechirilgan vaqtda, tomorqadagi hojatxonaning orqa tomonidagi quruq o‘tinlar orasiga yashirincha 2 kvadrat metr yer maydoniga jami 10  tup “kannabis” o‘simligini qonunga xilof ravishda yetishtirib parvarishlab kelayotganligi, bundan tashqari 3  dona kesilgan sig‘imi 1,5 litrli yelim baklajkalar ichida 41,92 gr. “marixuana” giyohvandlik vositasini saqlab kelayotganligi aniqlanib, ashyoviy dalil tariqasida rasmiylashtirib olingan.

Mazkur holat yuzasidan Yuqori Chirchiq tumani IIB huzuridagi Tergov bo‘limi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 270-moddasi 1-qismi (taqiqlangan ekinlarni yetishtirish) va 276-moddasi 2-qismi “a” bandi (Giyohvandlik vositalarini o‘tkazish maqsadini ko‘zlamay qonunga xilof ravishda tayyorlash, egallash, saqlash va boshqa harakatlar) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. 

Ye.K. gumon qilinuvchi tariqasida jalb qilingan. Hozirda dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.

Top