15:35 / 15.08.2020
4079
Xalq demokratik partiyasi: karantin yumshatildi, bekor qilingani yo‘q
Foto: Xalq demokratik partiyasi

2020 yil 15 avgust kuni O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasidagi O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi fraksiyasi va partiya Markaziy Kengashi Ijroiya qo‘mitasining qo‘shma majlisi o‘tkazildi. Unda videomuloqot dasturi orqali respublikamizning barcha hududlaridan 300 nafarga yaqin deputat, senator va partiyaning boshqa faollari ishtirok etdi.

Yig‘ilishda pandemiya davrida partiya tashkilotlari va deputatlik birlashmalari tomonidan amalga oshirilgan ishlar sarhisob qilindi. Joriy yil 15 avgustdan respublika bo‘yicha karantin tartibi bosqichma-bosqich yumshatilishi jarayonida partiya tashkilotlari va deputatlik birlashmalarining asosiy vazifalarini belgilab olish masalasi muhokama etildi.

Qo‘shma yig‘ilishni O‘zXDP Markaziy Kengashi raisi, Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi partiya fraksiyasi rahbari Ulug‘bek Inoyatov ochib berarkan, yaqinlashib kelayotgan, bu yil “Sen – qudrat manbai, saodat maskani, jonajon O‘zbekiston!” shiori ostida nishonlanadigan eng ulug‘, eng aziz bayram – mamlakatimiz Mustaqilligining 29 yilligi bilan barchani tabrikladi. Bu bayram xalqimizni sinovli kunlarda yanada jipslashtirish, qiyinchiliklarni yengib, yutuqlar sari intilish hissini mustahkamlashda har birimizga ulkan ruhiy kuch-qudrat beradi.

Qo‘shma yig‘ilishda kun tartibidagi asosiy masala, pandemiya davrida hududiy partiya tashkilotlari, barcha darajadagi deputatlik birlashmalari, jumladan, Xorazm, Surxondaryo va Farg‘ona viloyatida amalga oshirilgan ishlar, erishilgan natijalar tahlil qilindi.

Fuqarolar hayoti va sog‘lig‘i himoyasini yanada kuchaytirgan holda, pandemiya sharoitida yashash va ishlashda davom etish, karantin talablarini bosqichma-bosqich yumshatish bo‘yicha asosiy vazifalar belgilab berildi.

15 avgustdan boshlab hayot asta-sekin izga tusha boshlaydi. Iqtisodiyotni qaytadan jonlantirish, odamlarning ruhiyatini ko‘tarish, yuzaga keladigan muammoli masalalarni tez fursatda va hamjihatlikda hal etish qaysi sohada ishlayotganimizdan qat'i nazar, zimmamizga katta mas'uliyat yuklaydi, dedi partiya yetakchisi U.Inoyatov.

Karantin qoidalari bosqichma-bosqich yumshatilishi, pandemiya sharoitida yashash va ishlashga o‘tish jarayoni barchamizdan yanada birdam bo‘lish, belgilangan tartiblarga rioya etilishi bo‘yicha xayrixohlik va mas'uliyatni oshirish, jamoatchilik nazoratini kuchaytirishni taqozo etishi ta'kidlandi. Xalq demokratik partiyasi bu muhim jarayonda 400 nafardan ko‘proq xodimlari, 1700 nafarga yaqin deputatlari hamda mamlakatimizning barcha hududlaridagi ming-minglab faollari bilan birga hamfikr, hamjihatlikda ishtirok etadi.

Shu bilan birga, partiyaning parlamentdagi fraksiyasi bir qancha qonunchilik tashabbuslari, jumladan,“yashash minimumi”, “iste'mol savatchasi” va “kambag‘allik darajasi” tushunchalarini qonunchilikda mustahkamlash bo‘yicha loyiha tayyorlab hukumatga kiritilgan “Yashash minimumi to‘g‘risida”gi qonun loyihasi bo‘yicha ishlarni davom ettiradi. Chunki bu elektorat manfaatlarini tizimli himoya qilish, bu borada muhim huquqiy asosni yaratishda partiya uchun prinsipial ahamiyatga ega masala.

Qo‘shma yig‘ilishda parlament a'zolari, partiya mahalliy kengashlari rahbarlari karantin tartibi bosqichma-bosqich yumshatilishi jarayonida partiya tashkilotlari va deputatlik birlashmalarining asosiy vazifalari bo‘yicha o‘z taklif-mulohazalarini bildirdi. Shular asosida quyidagi vazifalar belgilandi.

Birinchi vazifa:ehtiyojmand oilalar a'zolari o‘zini-o‘zi band qilish imkoniyatlari va imtiyozlaridan foydalanishi uchun amaliy yordam ko‘rsatiladi.

Ikkinchi vazifa:jamoat ishlari jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan tashkil qilinayotgan ish o‘rinlari, ularga ishga joylashayotganlar haqidagi ma'lumotlar haqqoniyligi, qishloq xo‘jaligi kooperativlarini tashkil etish uchun ajratilgan subsidiyalarning maqsadli sarflanishi bo‘yicha deputatlik va jamoatchilik nazorati kuchaytiriladi.

Uchinchi vazifa:deputatlar va partiya faollari “Saxovat va ko‘mak” xayriya tadbirlarini davom ettirib, elektorat vakillariga oziq-ovqat mahsulotlari, dori-darmon vositalari yetkazilishida faol ishtirok etadi.

To‘rtinchi vazifa: aholining ehtiyojmand qatlamlarini qo‘llab-quvvatlash uchun naqd pul shaklida berilayotgan budjet mablag‘lari o‘z egalariga yetib borishi bo‘yicha deputatlik va jamoatchilik nazoratini kuchaytirishga alohida e'tibor qaratiladi.

Beshinchi vazifa:ommaviy axborot vositalari va ijtimoiy tarmoqlar orqali pandemiya davridagi tartib-qoidalar, joylarda yuzaga kelgan muammolarni hal etish bo‘yicha amalga oshirilgan ishlar haqida targ‘ibot, tushuntirish davom ettiriladi.

Oltinchi vazifa: karantin tartibi bosqichma-bosqich yumshatilishi jarayonida ishlab chiqarish va xizmat ko‘rsatish muassasalarida sanitariya talablariga rioya etilishi,bemorlarga kerakli tibbiy yordam ko‘rsatilishi doimiy o‘rganilib, zarur hollarda mutasaddilarning axborot va hisobotlari xalq deputatlari mahalliy Kengashlarining sessiyalarida ko‘rib chiqilishi bo‘yicha takliflar kiritiladi.

O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi
Axborot xizmati

Top