11:23 / 15.08.2020
9987
Yaponiya imperatori Ikkinchi jahon urushi paytidagi Tokio siyosatidan pushaymon ekanini aytdi

Yaponiya imperatori Naruxito mamlakatning o‘tmishdagi urushlar paytida olib borgan siyosatidan chuqur afsusda ekanini aytdi.

Foto: Getty Images

Bu haqda u urushlarda halok bo‘lganlar xotirasiga bag‘ishlangan motam marosimi paytida bayonot berdi.

«Biz urush paytida aziz hayotidan ajralgan insonlar va ularning oilalari xotirasi uchun chuqur motamdamiz. Urush tugaganiga 75 yil bo‘ldi, fuqarolarimiz say'-harakatlari bilan tinchlik va farovonlikda yashayapmiz. Ammo xalqimiz yo‘lidagi falokatlarni esga olsak, fikr yuritish uchun sabab paydo bo‘ladi.

Urushdan keyingi tinchlik davrini yodda tutgan holda, o‘tmishdagi voqealardan chuqur afsusdamiz. Urush dahshatlarining takrorlanmasligini istaymiz. Dunyoda tinchlik bo‘lishini va yurtimiz farovonligini tilab, duo qilamiz», - dedi imperator.

Shuningdek, Naruxito Yaponiya va dunyo yangi ofatga – koronavirus infeksiyasi pandemiyasiga yo‘liqqanini qayd qilib, birgalikda uni yengib o‘tishdan umidvor ekanini aytdi.

«Qo‘lni qo‘lga berib, birgalikda bu qiyinchiliklarni yengib o‘tishimizni, insonlar bundan keyin ham tinchlik va farovonlikda yashashini istayman», - dedi monarx.

15 avgust kuni Yaponiyada Ikkinchi jahon urushi qurbonlari xotirasiga bag‘ishlangan an'anaviy xotira tadbirlari o‘tkaziladi. 75 yil oldin hozirgi imperatorning bobosi Xiroxito Yaponiyaning Ikkinchi jahon urushidan chiqqanini e'lon qilib, rasman mag‘lubiyatni tan olgan edi.

Top