12:55 / 16.08.2020
35643
Belarus. Lukashenko Putin bilan kelishib olgan, Tsepkalo amerikalik siyosatchi bilan uchrashmoqchi

15 avgust kuni Minskda Aleksandr Taraykovskiy bilan vidolashuv marosimlari o‘tkazildi. U 10 avgust kungi namoyishlar vaqtida halok bo‘lgan. Shanba kuni OAVda uning halok bo‘lish vaqti tasvirlangan video e'lon qilindi, unda OMON tomondan o‘qotar qurol ishlatilgach, Taraykovskiy yerga qulaganini ko‘rish mumkin.

Taraykovskiy bilan xayrlashuvga o‘n minglab kishilar kelgan VALERY SHARIFULIN/TASS

Davlat televideniyesi binosi qarshisida kechqurun minglab namoyishchilar to‘plandi. Ichkarida OMON kuchlari navbatchilik qildi.

Belarus prezidenti Aleksandr Lukashenko Rossiya «Belarus xavfsizligi uchun birinchi so‘rovdayoq har tomonlama yordam ko‘rsatishi»ni ma'lum qildi.

Faolning o‘limi va uning sharafiga ommaviy tadbirlar
Shanba kuni Minskda Aleksandrom Taraykovskiy bilan xayrlashuv marosimlari o‘tkazildi. U Belarus poytaxtida 10 avgust kuni o‘tkazilgan namoyishlar chog‘ida halok bo‘lgandi.

Belarus IIV ma'lumotlariga ko‘ra, Aleksandr Taraykovskiy o‘zining qo‘lidagi portlovchi modda portlab ketishi oqibatida halok bo‘lgani aytilgan.

Euroradio telegram kanali va «Assoshieyted press» agentligi shanba kuni Taraykovskiyning o‘limi ro‘y bergan lahzalar videosini tarqatdi. Kadrlardan ko‘rish mumkinki, u maxsus kuchlar qator turgan joyga qo‘llarini ko‘targan holda yaqinlashgan, uning qo‘lida hech qanday buyum ko‘rinmagan. U safga juda yaqin kelganida, OMON kuchlari tomonida yorqin chaqin paydo bo‘lgan, natijada u yerga qulagan.

Conflict Intelligence Team tadqiqotiga ko‘ra, Taraykovskiy KGB yoki IIVning maxsus topshiriqli jangchisi tomonidan granatomyot yoki drobovik orqali otib tashlangan.

Tut.by yana bir o‘lim holati haqida yozmoqda. 15 avgust kuni Gomelda Aleksandr Vixorning jasadi qarindoshlariga topshirilgan. U 9 avgust kungi namoyishlarda qo‘lga olingan, 11 avgust kuni vafot etgan. IIVning rasmiy ma'lumotiga ko‘ra, qo‘lga olinganidan keyin uning sog‘ligi keskin yomonlashgan va shifoxonaga olib borilgach vafot etgan.

OMON davlat televideniyesida
Kun davomida OAVda Belteleradiokompaniyasi xodimlari ish tashlashga tayyorlanayotgani haqida yozildi.

«Xartiya-97» nashri teleoperatorlar talablarini e'lon qildi - ular saylovlarni haqiqiy emas deb tan olishni, qon to‘kilishini to‘xtatishni, siyosiy mahbuslarni qo‘yib yuborishni va senzurani bekor qilishni talab qilishgan.

Natijada BT ofisiga Belarus parlamenti yuqori palatasi raisi Natalya Kachanova va prezident matbuot kotibi Natalya Eysmont tashrif buyurdi. Tut.by Belteleradiokompaniyadagi manbaga asoslanib xabar qilishicha, Eysmont va Kachanovaning javoblari xodimlarning hech birini qanoatlantirmagan. «Bu uchrashuvdan natija chiqmadi», — degan manba.

Amaldorlar ham shunday deb hisoblashgan va ko‘p o‘tmay BT ofisiga OMON jangchilari kirib kelgan.

Davlat televideniyesi ofisiga minglab namoyishchilar to‘plangan.

Belarus jurnalistlari uyushmasi rahbari RIA Novosti muxbiriga Belteleradiokompaniyaning faqat texnik xodimlari namoyish o‘tkazgani va efirlarda uzilishlar ro‘y berishi tahdidi yo‘qligini ma'lum qilgan.

«Ular bilan uchrashuv o‘tkazildi, ertaga yana bir uchrashuv o‘tkaziladi», degan u. U muloqot turli mavzularda kechgani, kimdir namoyishlarga qarshi bo‘lsa, kimdir buni qo‘llab-quvvatlayotganini aytgan.

Lukashenko namoyishlar haqida
Belarus prezidenti Aleksandr Lukashenko shanba kuni namoyishlar bo‘yicha bir necha chiqish qildi.

Xususan, Lukashenko Rossiya «birinchi so‘rovdayoq Belarus xavfsizligini ta'minlash bo‘yicha yordam ko‘rsatishi»ni aytgan.

«Harbiy mavzuda gap ketganida, Ittifoq davlati va KXShT doirasida Rossiya bilan shartnomamiz bor. Shuning uchun bugun Rossiya prezidenti bilan vaziyat haqida uzoq va batafsil suhbatlashdik.

Va u bilan birinchi so‘rovimizdayoq Belarus xavfsizligini ta'minlash bo‘yicha har tomonlama yordam ko‘rsatilishiga kelishib oldik», deya uning so‘zlarini keltirgan «Belta».

Bundan tashqari, u zavodlarning ish tashlagan xodimlarini ishdan bo‘shatishga chaqirgan.

«Bu qanday yondashuv. Prezident, hukumat, biz barchamiz bunday og‘ir davrda maoshlarni to‘lashda davom etish uchun kurashmoqdamiz. Korxonalarni ishlatyapmiz, bu korxonalarga katta yordamlar bermoqdamiz. Natijada nima bo‘ldi? Bu orqadan pichoq urishmi?», degan u.

«Yana bir bor takrorlayman: hech kimni ishontirishga urinmang. Barcha nima bo‘layotganini tushunib turibdi. Agar ishchi siyosatga aralashib, maydonga chiqishni istasa, u ortiq ishchi emas. Mayli, ketaversin. MTZ, MAZ, BelAZda ishchilar ko‘p. Qo‘ying, ketsin. Ammo shundan keyin ularga zavodlarda joy yo‘q», - deya qo‘shimcha qilgan Lukashenko.

Ko‘p o‘tmay prezidentning yana bir bayonoti paydo bo‘ldi: «Agar kimdir hukumat zaiflashgan deb hisoblasa, xato qiladi. Prezident qochib ketmagan, hech kim kasal bo‘lmagan, hech kim o‘lmagan… Kutmang!».

Lukashenkoning tanqidchilari qidiruvga berilmoqda. Rossiyada ham
Belarusdagi voqealarni yoritib borayotgan eng yirik manba - Nexta telegram kanali asoschisi Stepan Putilo xalqaro qidiruvga berildi.

Nexta kanalida xabar qilinishicha, Putiloni ommaviy tartibsizliklar uyushtirishda ayblashmoqda, unga 15 yilgacha qamoq jazosi tahdid soladi.

Putilo 2018 yildan buyon Polshada yashab kelmoqda.

Bundan tashqari, Belarus prezidentligiga sobiq nomzod, yuqori texnologiyalar parki ma'muriyatining sobiq rahbari Valeriy Tsepkaloga jinoiy ish ochilgan. OAV ma'lumotiga ko‘ra, uni korrupsiyada gumon qilishmoqda.

Tsepkalo iyulda Rossiyaga ketgandi, avgustda esa Ukrainaga o‘tdi va u hamon shu davlatda bo‘lib turibdi.

Putilo va Tsepkalo nomlari Rossiya IIV ma'lumotlar bazasida paydo bo‘lgan. Aftidan, bu Belarus va Rossiya huquq-tartibot organlari o‘rtasida gumonlanuvchilarni qidirishda hamkorlik bo‘yicha kelishuv mavjudligi bilan bog‘liq.

Belarus hududlarida va Moskvadagi aksiyalar
Shanba kuni Grodno, Bobruysk, Brest, Lid, Jabinke va Gomelda norozilik aksiyalari davom etdi. Ayrim aksiyalarda bir necha ming kishi ishtirok etgan, ularning barchasi tinch o‘tgan.

Belarusning Moskvadagi elchixonasida namoyishchilar bilan birdamlik namoyishlari o‘tkazilgan.

TASS ma'lumotiga ko‘ra, Moskvadagi aksiyaga 400dan ortiq kishi kelgan, ularning aksari yoshlardir. Ularning qo‘llarida gullar va oq rangdagi sharlar bo‘lgan. Bundan tashqari, ular uzun oq lenta tutib olishgan va bir safga tizilishgan.

Agentlik ma'lumotiga ko‘ra, aksiyada politsiya bir yosh yigitni qo‘lga olgan, yana bir namoyishchiga tez yordam chaqirilgan, u elchixona oldida o‘ziga kuch ishlatilganini ta'kidlagan.

Shuningdek, Xabarovskdagi namoyishlarda Belarus bilan hamdarlikni ifodalovchi shiorlar aytilgan.

Lukashenko Putin bilan maslahatlashdi
Aleksandr Lukashenkoning matbuot xizmati prezident Rossiya prezidenti Vladimir Putin bilan telefon orqali muloqot qilgani haqida xabar berdi.

«Prezidentlar Belarus Respublikasidagi va uning atrofida rivojlanayotgan vaziyatni muhokama qilishdi, - deyiladi xabarda.

Biroz o‘tib Kreml matbuot xizmati yanada aniqroq ma'lumot berdi.

Xabarda aytilishicha, muloqot Lukashenko tashabbusi bilan tashkillashtirilgan, «unda Belarusda prezidentlik saylovidan keyin yuzaga kelgan murakkab vaziyat haqida ma'lumot berilgan».

«Ikki tomon ham barcha muammolar tez orada hal etilishiga ishonch bildirdi. Asosiysi, bu muammolardan ikki davlatning ittifoqchilikdagi hamkorligiga zarar yetkazishni maqsad qilgan buzg‘unchi kuchlar foydalanmasligidir», deyiladi Rossiya prezidenti sayti xabarida.

Bloomberg ma'lumotiga ko‘ra, Lukashenkoning mamlakatdan ketishni o‘ylamagani haqidagi bayonotlariga qaramasdan, uning atrofidagilar davlat to‘ntarishi ro‘y bergan taqdirda Rossiyaga qochish masalasida Kreml vakillariga murojaat qilshgandi.

«Kremldagi ayrim shaxslar Lukashenko ag‘darilishidan xavotirga tushishgan», degan agentlik vaziyatdan xabardor bo‘lgan bir necha manbalarga tayangan holda.

Ma'lum qilinishicha, 15 avgust kuni Lukashenko Minskdagi yig‘ilishda shunday degan: «Hozir Rossiya prezidenti Putin bilan bog‘lanishim kerak, men hozir u bilan gaplasha olaman. Chunki bu (mamlakatdagi jarayon) nafaqat Belarus uchun xavf tug‘diradi… Agar Belarusda muvaffaqiyatsizlik bilan tugasa, bu namoyishlar u yerda (Rossiyada) ham jonlanadi».

MSK tomonidan rasman g‘olib deb e'lon qilingan Aleksandr Lukashenko 15 avgust kuni hukumatning keyingi faoliyati bo‘yicha hujjatlarni tayyorlashga ko‘rsatma berdi.

O‘z navbatida, Svetlana Tixanovskayaning shtabi hokimiyatni topshirish jarayoni bo‘yicha muvofiqlashtiruvchi kengash shakllantirishni boshlagani haqida e'lon qilgan.

Putin bilan gaplashganidan keyin Lukashenko mamlakat qurolli kuchlari Bosh shtabiga tashrif buyurgan. U harbiylar va ularning oila a'zolari hayotiga tahdid mavjudligi haqida gapirgan. «Men erkakchasiga so‘ramoqchiman: bunday qilmang! Olov bilan o‘ynashish kerak emas! Harbiylarimiz o‘zini, oilasini va davlat xavfsizligini himoya qilish uchun yetarli resurslarga ega», — degan Lukashenko.

«Belarusga mamlakat uchun xorijiy hukumat tuzish taklif etildi. Eshiting, bizda konstitutsiya bo‘yicha tuzilgan oddiy hukumat bor. Bizga hech qanday xorijiy hukumatlar va vositachilarning keragi yo‘q. Menimcha, ushbu respublikalar rahbariyatini xafa qilmasdan aytmoqchiman, siz o‘z mamlakatingizda tartib o‘rnatasiz», — dedi Lukashenko Belarus Mudofaa vazirligining strategik boshqaruv markazida bo‘lib o‘tgan yig‘ilishda.

Lukashenko xorijda tuzilgan hukumat hech qachon mamlakatni boshqarmasligini aytib, vaziyatni o‘zlari hal qilishini ma'lum qilgan.

«Mamlakatda nimalar bo‘layotganidan men kabi xabardorsiz. Ular asta-sekin vaziyatni va jamiyatimizni o‘zgartirishni boshlamoqda yoki davom ettirmoqda. Biz mehnat jamoalariga murojaat qilishimiz kerak. Men bu haqda ko‘p marotaba gapirganman. Shuni yana bir marta aytmoqchimanki, bundan hech narsa chiqmaydi. Mamlakatni hech kimga bermaymiz», — dedi Lukashenko.

Slovakiyadagi elchi namoyishchilar tomonda
Belarusning Slovakiyadagi elchisi Igor Leshchenya vatanidagi tinch namoyishchilarni qo‘llab-quvvatladi.

Leshchenya namoyishchilar tomonidaligini bildirgan ilk belaruslik diplomat bo‘ldi. U mamlakatdagi zo‘ravonliklar va qo‘lga olinganlarga qo‘llangan qiynoqlar haqidagi xabarlardan shokka tushgani haqida gapirgan.

«Afsuski, bunga shart-sharoitlar mavjud edi. 15 yil oldin bizda „Liniya Stalina“ (tarixiy-madaniy majmua) ochiq edi. Va gap nafaqat sovet xalqining qahramonliklari haqida ketmoqda. E'tiborga molik jihati — unda Stalin nomining uchrashi. Shundan so‘ng, ichki ishlar vaziri paydo bo‘ldi, undagi Stalin NKVDsining formasi 1937 yilgi qirg‘inlar va GULAG haqida emas, G‘alaba kuni haqida eslatib turardi. Bugun yuzlab hamyurtlarim huquq-tartibot organlarining qator vakillari bag‘rikeng Belarusda, XXI asrda NKVD an'analarini to‘liq qayta tiklanganini his qilishmoqda», u.

Leshenyaning qo‘shimcha qilishicha, «birdam, kuchli va tashqi ta'sirlarga uchramaydigan davlat tarkibini o‘z xalqi xohishi, uning tili, tarixi va madaniyatiga hurmat kabi qarashlar tashkil etadi».

«Slovakiyada men Konstitutsiyaga ko‘ra mamlakatimizga yagona hukumat manbasi hisoblanuvchi Belarus davlati va xalqining vakiliman. O‘z ovozlarining hisobga olinishini istab ko‘chada tinchlik namoyishini o‘tkazayotgan belarus xalqi bilan hamfikrman», degan elchi.

Tsepkalo Varshavaga boradi
Avvaliga Tsepkalo rafiqasi va farzandlari orqali o‘ziga bosim uyushtirilayotganini aytgan. Uning tvitterdagi sahifasida yozishicha, rafiqasi va ikki farzandi Rossiya va Ukraina chegarasidan o‘tkazilmagan. So‘nggi ma'lumotlarga ko‘ra, uning rafiqasi Veronika Tsepkalo chegaradan o‘tishga muvaffaq bo‘lgan.

Ayni damda Tsepkalo respublikada «Milliy qutqaruv fronti» tuzilganini e'lon qilgan. Uning shtabidagilarning ma'lum qilishicha, Tsepkalo tez orada Varshavada AQShdan kelgan «nufuzli siyosatchi» bilan uchrashuv o‘tkazishni rejalashtirgan. 

«Bu (Polshaga o‘tish – tahr.) bir necha kunlar ichida bo‘lishi kutilmoqda. Ha, uning shunday rejalari bor - Varshavaga borish. Bu vaqtincha turar joyi bo‘ladi. Valeriy Varshavada Vashingtondan keladigan juda nufuzli siyosatchi bilan uchrashuv o‘tkazishi rejalashtirilgan», - deya shtab vakili Aleksey Urbanning so‘zlarini keltirmoqda TASS agentligi.

Shu bilan birgalikda, bu siyosatchi AQShning hozirgi hukumati a'zosi emasligi qayd etilgan.

Manbaning ma'lum qilishicha, agar barcha hujjatlar tayyor bo‘lsa, Tsepkalo seshanba kuni Polshaga oilasi bilan ko‘chib o‘tmoqchi.

YeI sanksiyalarga tayyorlanmoqda
Yevropa Ittifoqi mamlakatlarining vazirlari Belarusga qarshi qo‘shimcha sanksiyalar qo‘llashni bir ovozdan ma'qulladi.

«Tashqi ishlar vazirlarining bir ovozdan Belarusdagi mas'ullarga nisbatan qo‘shimcha sanksiyalar qo‘llashni ma'qullagani, yaxshi bo‘ldi», deb yozgan Yevrokomissiya rahbari Ursula fon der Lyayyen tvitterdagi sahifasida.

Shuningdek, u Yevroittifoq diplomatiyasiga rahbar Jozep Borrelning fikriga ham munosabat bildirgan. Borrel Yevropa ittifoqining Belarus saylovlarida qayd etilgan natijaga qo‘shilmasligi haqida yozgandi.

«Ovozlarni qalbakilashtirish va mamlakatda fuqarolarga nisbatan zo‘ravonlik, kuch ishlatishga yo‘l qo‘yganlarga nisbatan sanksiyalar belgilanadi», degan Borrel.

Avval Reuters agentligi YeI davlatlarining tashqi ishlar vazirlari Belarusga sanksiya qo‘llashni kelishib olgani haqida xabar bergandi. Manba ma'lumotiga ko‘ra, Bryussel «qora ro‘yxat»ga kiritiladigan Belarus rasmiylari haqida ma'lumot to‘plamoqda. Polsha tashqi ishlari vaziri Yatsek Chaputovichning aytishicha, hamkasblarining aksariyati ushbu tashabbusni qo‘llab-quvvatlagan.

16 avgust kuni Lukashenkoning muxoliflari «Za svobodu!» marshini o‘tkazishni rejalashtirgan. Ular namoyishlar vaqtida qo‘lga olinganlarning barchasini ozod qilishni, Lukashenkoning iste'fosini va tinch namoyishchilarga kuch ishlatganlarning barchasini sud qilishni talab qilishmoqchi. Xuddi shu vaqtda Lukashenko tarafdorlarining namoyishlari o‘tkazilishi ham rejalashtirilgan. Ma'lumotlarga ko‘ra, bunday namoyishlarga davlat xizmatchilari, harbiylar va ishchilar jalb qilinishi rejalashtirilgan.

Mavzu
Belarus-2020
2020 yilning 9 avgustida Belarusda prezidentlik saylovlari o‘tkaziladi. 26 yildan buyon mamlakatni boshqarayotgan Lukashenko bu safar ham nomzodini qo‘ygan.
Barchasi
Top