19:10 / 16.08.2020
50742
Belarus. Minskda Lukashenko tarafdorlari ishtirokida miting va unga qarshi «Ozodlik marshi»

Yakshanba kuni ham Belarusning ko‘plab shaharlarida Lukashenkoning iste'fosi va namoyishchilarga qarshi kuch ishlatganlarni javobgarlikka tortish talabi bilan namoyishlar boshlandi. Undan oldinroq Minskda Aleksandr Lukashenkoni qo‘llab-quvvatlovchilar tomonidan miting uyushtirildi

Foto: EPA/Vostock-photo

16 avgust kuni Minsk shahri markazida, Mustaqillik maydonidagi Hukumat uyi qarshisida Belarus prezidenti Aleksandr Lukashenkoni qo‘llab-quvvatlovchilar ishtirokida miting boshlandi.

Undan avvalroq OAVda ushbu mitingga davlat xizmatchilari, zavodlar ishchilari va harbiylar avtobuslar orqali olib kelinayotgani suratlari tarqalgandi.

15 avgust kuni Lukashenkoning tarafdorlari ishtirokida miting o‘tkazilishi haqida xabarlar tarqalgandi. Tut.by nashrining yozishicha, unda ishtirok etish uchun Belarusning turli hududlaridan davlat xizmatchilari majburan jalb etilgan. Kelishdan bosh tortganlarga ishdan bo‘shatish yoki yotoqxonadagi joyidan haydash bilan tahdid qilingan. Nashrning qayd etishicha, qonun bo‘yicha dam olish kunlari xodimlarni mitinglarda ishtirok etish yoki ma'lum bir siyosatchini qo‘llab-quvvatlashga majbur qilish mumkin emas.

OAV ma'lumotiga ko‘ra, mitingga bir necha o‘n ming atrofida kishi to‘plangan. Ularning bir qismi Minskka poyezdlar va avtobuslar orqali regionlardan olib kelingan. Shuningdek, maydonga qishloq xo‘jaligi texnikalari va harbiy texnikalar joylashtirilgan.

RIA Novosti agentligi ma'lumotiga ko‘ra, maydonga dastlab bosh vazir Roman Golovchenko, Senat spikeri Natalya Kochanova va prezident administratsiyasi rahbari Igor Sergeyenko kelgan. Ko‘p o‘tmay prezident korteji ham maydonga kirib kelgan va Aleksandr Lukashenko yig‘ilganlar qarshisida nutq so‘zlagan.

Prezident nutqi avvalida yig‘ilganlar soni 50 mingga yaqinligini aytdi. Ichki ishlar vazirligi esa 65 ming, BeLTA rasmiy davlat agentligi 70 ming raqamini keltirdi.

Miting vaqtida olingan suratlarda esa ishtirokchilarning haqiqiy sonini chamalash mumkin:

Tatyana Zenkovich / EPA / Vostock Photo

Lukashenko mitingda mahalliy vaqt bilan soat 14:00da chiqish qildi va 90-yillardagi ochlikni va o‘zining jinoyatchilarga qarshi kurashini esladi.

U yangi saylovlar o‘tkazilishi ehtimolini yo‘q deb baholadi va 80 foiz ovozni soxtalashtirish imkonsizligini aytib, yangi saylovlarni aynan G‘arbdagi kuchlar istayotganini qo‘shimcha qildi.

Valeriy Sharifulin / TASS / Scanpix / LETA

«Kimdir yangi saylovlarni istamoqda. Deraza ortiga qarang! NATO harbiylari chegaralarimiz yaqinida to‘plarini joylashtirgan. Litva, Latviya, Polsha, Ukraina biz yangi saylovlar o‘tkazishimiz kerakligini aytmoqda. Agar ularga imkon qoldirsak, biz sho‘ng‘iy boshlaymiz va hech qachon kemamizdagi vaziyatni o‘nglay olmaymiz», - dedi Lukashenko «Batka - molodets!» hayqiriqlari ostida

U namoyishchilarni «begonalar tomonidan boshqariladigan» kalamushlarga qiyoslagan.

Ushbu mitingdan keyin Minsk markazida Lukashenkoga qarshi yirik «Ozodlik marshi» boshlandi.

Minskdagi «Minsk — gorod geroy» yodgorligi atrofida 100 mingga yaqin kishi yig‘ildi.

Lukashenkoga qarshi ommaviy namoyishlar mamlakatning boshqa shaharlarida ham o‘tkazilmoqda.

 

Mavzu
Belarus-2020
2020 yilning 9 avgustida Belarusda prezidentlik saylovlari o‘tkaziladi. 26 yildan buyon mamlakatni boshqarayotgan Lukashenko bu safar ham nomzodini qo‘ygan.
Barchasi
Top