16:46 / 16.08.2020
10844
Toshkentda 3-sonli yuqumli kasalliklar shifoxonasi faoliyati tiklandi. Xodimlarning talablari qanoatlantirildi

Sog‘liqni saqlash vazirligi mas'ullari Toshkent shahar 3-sonli yuqumli kasalliklar shifoxonasi xodimlarining ushbu muassasa faoliyatini qayta tiklash va tegishli to‘lovlarni to‘lab berish bilan bog‘liq murojaatini o‘rganishdi.

Vazirlik matbuot xizmati xabar berishicha, O‘zbekiston bosh vaziri o‘rinbosari - Sog‘liqni saqlash vaziri vazifasini bajaruvchi Behzod Musayev ham bevosita ishtirok etgan va tibbiyot xodimlari bilan yuzma-yuz muloqotda bo‘lib, vaziyatga oydinlik kiritgan.

«Ma'lumot uchun aytish kerakki, 3-sonli yuqumli kasalliklar shifoxonasi xodimlari Zangiota tumanida 2 807 o‘rinli yangi ochilgan yuqumli kasalliklar shifoxonasiga jalb qilingani munosabati bilan ushbu muassasa o‘z faoliyatini vaqtincha to‘xtatgan edi.

Ma'lum bo‘lishicha, 3-sonli yuqumli kasalliklar shifoxonasining 243 nafar tibbiyot xodimi bo‘lib, ular Respublika maxsus komissiyasining 2020 yil 6 iyuldagi 32-sonli bayoniga asosan Zangiota yuqumli kasalliklar shifoxonasiga safarbar etilgan. Muassasa ishga tushgach, birinchi 14 kunlik navbatda ushbu shifoxonadan 63 nafar xodim (shifokor, o‘rta va kichik tibbiy xodimlar), 21 iyuldagi ikkinchi 14 kunlikka 16 nafar xodim ishga chaqirilgan. 5 avgustdagi uchinchi 14 kunlik navbatda ishlash istagida bo‘lgan 53 nafar xodim jalb qilingan.

O‘rganishlar davomida tibbiyot xodimlarining barcha talablari qondiriladigan bo‘ldi. Xususan, epidemik vaziyatning barqarorlashayotgani inobatga olinib, aholiga ko‘rsatiladigan tibbiy xizmat sifati va samaradorligini oshirish maqsadida Toshkent shahar 3-sonli yuqumli kasalliklar shifoxonasi faoliyati qayta tiklanib, xodimlar ish jarayoniga qaytarilishi belgilandi. Shunga ko‘ra, ushbu shifoxona ochilib, 15 avgustdan boshlab bemorlarni qabul qila boshladi», deyladi Sog‘liqni saqlash vazirligi Jamoatchilik bilan aloqalar bo‘limi xabarida.

Bundan tashqari, karantin sabab ish jarayonidan uzilib qolgan xodimlarga qonun hujjatlarida ko‘rsatilgan tartibda asosiy lavozim maoshidan kam bo‘lmagan miqdorda ish haqi ham to‘liq to‘lab berilgan. Qolaversa, Zangiota yuqumli kasalliklar shifoxonasida ishlash istagini bildirgan xodimlarning murojaatlarini tegishli tartibda ko‘rib chiqish bo‘yicha kerakli topshiriqlar berilgan.

Mavzu
Koronavirus O‘zbekistonda
15 mart kuni O‘zbekistonda koronavirusga chalingan ilk bemor aniqlandi.
Barchasi
Top