21:45 / 16.08.2020
6997
Tramp AQShdagi saylovlargacha Putin bilan uchrashishni rejalashtirayotgani ma'lum qilindi 
Foto: RIA Novosti / Ilya Pitalev

AQSh prezidenti Donald Tramp AQShda noyabrda o‘tadigan prezident saylovlarigacha Rossiya prezidenti Vladimir Putin bilan uchrashmoqchiligi haqidagi o‘z yordamchilariga ma'lum qilgan. Bu haqda o‘z manbalariga tayanib NBC News telekanali xabar berdi.

Ma'lum qilinishicha, Tramp ma'muriyatida AQSh prezidenti Putin bilan uchrashishi mumkin bo‘lgan joylar va sanalar variantlari ko‘rib chiqilgan. Variantlardan biriga ko‘ra, Tramp va Putin sentyabrda Nyu-Yorkda uchrashishi mumkin. 

“Sammitdan ko‘zlangan maqsadlardan biri ikki yetakchi AQSh va Rossiya o‘rtasida yadro qurollanishi ustidan nazorat haqidagi SNV-3 shartnomasini uzaytirish bo‘yicha muzokaralarda keyingi qadamlar rejasini imzolashidan iborat”, deb ma'lum qilgan manbalardan biri. 

Manbalardan birining fikricha, Oq uy shu tarzda o‘z saylovchilariga kelishuvlar tuza olishini namoyish qilmoqchi.

“Bu shunchaki katta sahna”, deb qo‘shimcha qilgan manba.

Venada 17-18 avgust kunlari Rossiya tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari Sergey Ryabkov va AQSh prezidentining qurollanishni nazorat qilish bo‘yicha maxsus vakili Marshall Billingsli o‘rtasida muzokaralar bo‘lib o‘tadi.

SNV-3 Rossiya va AQSh o‘rtasida qurollanishni cheklash haqidagi yagona amaldagi kelishuv hisoblanadi. Uning muddati 2021 yil 5 fevralda yakunlanadi. Vladimir Putin shartnomani hech qanday shartlarsiz 5 yilga uzaytirishni taklif qilmoqda. AQSh ma'muriyati esa unga Xitoyni qo‘shish zarurligini ta'kidlamoqda, biroq Pekinda bunga qarshi chiqilmoqda.

Top