08:19 / 17.08.2020
6183

Gid, ekskursiya yetakchisi va yo‘riqchi-yo‘l boshlovchilar sertifikat olishi lozim

Vazirlar Mahkamasining 10.07.2020 yildagi «O‘zbekiston Respublikasida turizm sohasini tiklash va rivojlantirish uchun qulay shart-sharoitlarni yaratish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi 433-son qarori qabul qilindi.

Hujjat bilan quyidagi nizomlar tasdiqlangan:

• Gid (gid-tarjimon), ekskursiya yetakchisi va yo‘riqchi-yo‘l boshlovchilarga malaka sertifikatini berish tartibi to‘g‘risida nizom (1);
• Turizm sohasida mutaxassislarni qayta tayyorlash va malakasini oshirish tartibi to‘g‘risidagi nizom (2).
 
Norma’ning yozishicha, nizom (1) gid (gid-tarjimon), ekskursiya yetakchisi va yo‘riqchi-yo‘l boshlovchilarga malaka sertifikatini berish tartibini belgilaydi.
 
Gid (gid-tarjimon), ekskursiya yetakchisi va yo‘riqchi-yo‘l boshlovchilar malaka sertifikati va beyjik olish uchun malaka imtihonini topshirishi lozim, imtihon Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi huzuridagi Turizmni rivojlantirish institutining ishchi organi tomonidan o‘tkaziladi.
 
Malaka sertifikati va beyjik quyidagi hollarda O‘zbekiston hududida turizm xizmatlarini ko‘rsatish huquqini beradi:

• yuridik shaxs shtatida bo‘lsa;
• fuqarolik-huquqiy shartnoma asosida yuridik shaxs bilan ishlayotgan bo‘lsa;
• yakka tartibdagi tadbirkor yoki o‘zi-o‘zini band qilgan bo‘lsa.
 
Oliy, o‘rta va o‘rta maxsus professional ta'lim muassasalari yoki qayta tayyorlash kurslarini gid (gid-tarjimon), ekskursiya yetakchisi va yo‘riqchi-yo‘l boshlovchi mutaxassisligi bo‘yicha bitirganlar ta'lim muassasasini tamomlagandan keyin dastlabki uch yilda malaka imtihonini topshirishdan ozod etiladi.
 
Nizomda quyidagilar keltirilgan:

• malaka imtihonini topshirishga talabgorlarga qo‘yiladigan talablar;
• imtihon topshirish uchun taqdim etiladigan hujjatlar ro‘yxati;
• imtihon topshirishga ruxsat olish tartibi;
• imtihon o‘tkazish bosqichlari;
• apellyatsiyani ko‘rib chiqish tartibi;
• malaka sertifikati va beyjikni berish, qayta rasmiylashtirish va dublikat berish tartibi;
• reyestrni yuritish tartibi;
• malaka sertifikati va beyjikning amal qilishini to‘xtatib turish, tugatish va bekor qilish tartibi.
 
Ishchi organ tomonidan malaka sertifikati va beyjikning elektron varianti gid (gid-tarjimon), ekskursiya yetakchisi va yo‘riqchi-yo‘l boshlovchilar yagona reyestriga kiritiladi. Ular so‘rov olingan kundan boshlab 5 kun mobaynida beriladi.
 
Malaka sertifikati va beyjikni rasmiylashtirish va berish uchun Ishchi organ tomonidan BHMning 25 foizi miqdorida yig‘im undiriladi.
 
Nizom (2) turizm sohasida mutaxassislarni qayta tayyorlash va malakasini oshirish tartibini belgilaydi.
 
Nizomga muvofiq turizm sohasida mutaxassislarning qayta tayyorlanishi va malakasini oshirish amalga oshiriladigan lavozim va mutaxassisliklar nomenklaturasi Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi tomonidan tasdiqlanadi, Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi huzuridagi Turizmni rivojlantirish instituti realizatsiya qiluvchi organ hisoblanadi.
 
Nizomda turizm sohasida qayta tayyorlash va malaka oshirishning maqsad va asosiy vazifalari ko‘rsatilgan.
 
Turizm sohasi tashkilotlari xodimlarni qayta tayyorlash va malaka oshirish buyurtmachilari hisoblanadi. Har yili, mutaxassislar soni, ularning tayyorgarlik darajasi, mutaxassislarning ish tajribasidan kelib chiqqan holda, o‘quv kurslari dasturlari shakllantiriladi.
 
Tegishli texnik ta'minot mavjud bo‘lganda onlayn-kurslar tashkil etiladi.
 
Turizm sohasi mutaxassislari uch yilda bir marta malaka oshirishdan o‘tishi lozim. Qayta tayyorlash va malaka oshirish shartnoma bo‘yicha pullik asosda amalga oshiriladi.
 
Shuningdek Nizomda quyidagilar belgilangan:

• ta'lim jarayoni sifatini va ta'lim muassasalarining faoliyatini monitoring qilish tartibi;
• ta'lim muassasalariga nisbatan talablar;
• o‘quv dasturlariga qo‘yiladigan talablar.
 
Hujjat 10.07.2020 yildan kuchga kirdi.

Top