14:29 / 17.08.2020
11311
Koronavirus: Samarqandda foydalanishga topshirilgan 1080 o‘rinli maxsus kompleks qanday tashkil etilgan?

Koronavirus pandemiyasi hukumat va tibbiyot sohasining tezkor qarorlar qabul qilishi, shoshilinch vaziyatlarga tayyor bo‘lishi uchun zarur tajriba to‘planishiga zamin yaratmoqda. Bu tizimdagi bir qator loyihalarda, hududlarning kasallik bilan kurashishdagi yondashuvida ham aks etyapti.  

Xususan, Samarqand viloyati hokimligi, sog‘liqni saqlash boshqarmasi tashabbusi bilan foydalanishga topshirilgan 1080 o‘rinli maxsus shifoxona viloyatda vaziyatning barqarorlashuviga xizmat qilyapti. Muassasada hozirgi vaqtda 34 nafar shifokor, 90 nafar hamshira va 90 nafar kichik tibbiyot xodimlari xizmat qilyapti. Bemorlarga sifatli tibbiy yordam ko‘rsatish maqsadida 24 soat davomida, 3 ta smenada kuzatuv ishlari olib borilyapti.

Shifoxona zarur jihozlar bilan ta'minlanib, koronavirus infeksiyasiga shubha qilingan fuqarolarni tibbiy ko‘rikdan o‘tkazish va yuqtirganlarni davolash uchun barcha sharoitlar yaratildi. Zarur tibbiyot uskunalari – Bobrov nafas olish uskunasi, nebulayzer, IVL, SIPAP, kardiomonitor, kislorod konsentratorlari va kislorod stansiyasi o‘rnatilgan.

Kompleks ultra tovushli zamonaviy kuzatuv kameralari bilan ta'minlandi. Bu ham mutaxassislarga bemorlarga tezkor yordam berishda qo‘l kelmoqda. Bemorlar ahvoli haqidagi kunlik axborot sog‘liqni saqlash vazirligiga yuborilmoqda.

Bemorlarga malakali tibbiy yordam ko‘rsatishda Samarqand davlat tibbiyot institutining bir guruh malakali professor-o‘qituvchilari va talaba-yoshlari jalb qilinib, ular tomonidan tegishli tavsiyalar berib kelinmoqda.

Samarqandda bundan tashqari koronavirus infeksiyasini yuqtirgan bemorlarni davolash uchun zarur dori-darmonlar zaxirasi yaratilgan. Ambulator sharoitda davolanayotganlar uchun esa zarur dori-darmonlar bilan jihozlangan 8 mingta maxsus tibbiy yordam to‘plamlari aholiga tarqatildi.

Isomiddin PO‘LATOV,
Kun.uz muxbiri.

Top