13:28 / 17.08.2020
23444
«Messini qo‘riqlash mening chekimga tushgandi». Gochkuli Gochkuliyev O‘zbekistondagi faoliyati, Stoichkov, Shevchenko, Rivaldo bilan o‘yinlari haqida 

Osiyo futbol konfederatsiyasi oradan 18 yil o‘tib, Turkmaniston chempioni Osiyo chempionlar ligasida ishtirok etishini e'lon qilgach, «Turkmanportal» muxbiri Toshkentning «Paxtakor» va «Bunyodkor» jamoasi safida klublar o‘rtasidagi qit'aning eng nufuzli turnirida ajoyib o‘yinlarni o‘tkazgan turkmanistonlik taniqli sobiq futbolchi Gochkuli Gochkuliyev bilan suhbatlashdi. Turkmaniston milliy jamoasining sobiq sardori intervyuning asosiy qismida O‘zbekistondagi faoliyatini eslab, Messiga qarshi uchrashuv, Rivaldo, Shevchenko, Stoichkov singari futbolchilar bilan o‘yinni yodga oldi.

- Gochkuli, suhbatni futbolchilik faoliyatingiz davomida erishgan yutuqlaringiz bilan boshlasak...

- Turkmanistonda Ashxobodning «Kopetdog‘» klubi safida ikki karra chempionga aylanganimdan keyin legioner sifatidagi ilk klubim Qozog‘istonning «Irtish» jamoasi bo‘lgandi. 2002 yilda esa O‘zbekistonning «Paxtakor» klubiga o‘tib, Toshkent jamoasida to‘rt marta mamlakat chempionligini qo‘lga kiritdim. 2006 yilda esa faoliyatimdagi eng muhim murabbiylardan biri Tachmurod Agamurodov taklifi bilan Qozog‘istonga qaytib, «Qayrat» klubi safida bir yil o‘ynadim. 2007 yilda esa yana O‘zbekistonga qaytib, yangi tashkil etilgan «Bunyodkor» klubi bilan shartnoma imzoladim. Toshkentning ushbu jamoasida ham 2010 yilgacha ajoyib damlarni o‘tkazib, uch marta chempion bo‘ldim.

- Faoliyatingiz davomida bolgariyalik mashhur hujumchi Xristo Stoichkov, ukrainalik goleador Andrey Shevchenko, argentinalik yulduz Lionel Messiga qarshi o‘ynagansiz. Taqdir ular bilan qachon va qanday uchrashtirib qo‘ygan?

- Maqtovni oshirib yubormaganingiz ma'qul (kuladi). Darhaqiqat, ushbu yulduzlarga qarshi maydonga tushish baxtiga muyassar bo‘lganman. 1998 yilda «Kopetdog‘» bilan Osiyo kubok egalari kubogi yarimfinalida Saudiya Arabistonining «An-Nasr» klubiga ro‘baro‘ bo‘ldik. Ar-Riyodga yetib kelganimizdan keyin raqibimiz o‘z tarkibini kuchli legionerlar evaziga kuchaytirib olganligini bildik. Ulardan biri 1994 yilgi «Oltin to‘p» sohibi, bolgar futboli afsonasi Xristo Stoichkov edi.

O‘yindan oldin bosh murabbiyimiz Tachmurod Agamurodov menga ko‘rsatma berib, Stoichkovga qarshi personal tarzda o‘ynashim kerakligini uqtirdi. O‘shanda 20 yoshda bo‘lsam-da, «Oltin to‘p» sohibiga qarshi o‘yindan oldingi hayajon hakamning hushtagidan keyin yo‘qolgandi. Bahsda 1:2 hisobida mag‘lubiyatga uchragan bo‘lishimizga qaramay, ajoyib jamoaga qarshi o‘yin foydamizga ishlagandi. Darvoqe, o‘sha kuni men qo‘riqlagan Stoichkov gol ura olmagandi.

2004 yilgi «Oltin to‘p» sohibi Andrey Shevchenkoga qarshi esa Moskvada o‘tgan Hamdo‘stlik kubogida maydonga tushgandim. Turnir yarimfinalida «Kopetdog‘» bilan Kiyevning «Dinamo»siga 0:5 hisobida yutqazgandik. Keyinchalik Shevchenko «Milan»ga o‘tib, katta muvaffaqiyatlarga erishgandi.

Futbol tarixidagi eng yaxshi o‘yinchilardan biri bo‘lmish Lionel Messi bilan «Kamp Nou»da uchrashgandik. «Bunyodkor» «Barselona» bilan o‘rtoqlik uchrashuvi tashkil etgandi. Eng qizig‘i shu kuni ham Messini qo‘riqlash mening chekimga tushgandi. 1:1 hisobi qayd etilgan bahsda Messi gol ura olmagandi (kuladi).

- O‘yindan keyin Messi bilan futbolka almashdingizmi?

- Leo bilan yo‘q, ammo «Barselona» markaziy himoyachisi Karles Puyol bilan futbolkalarimizni o‘zaro almashgandik.

- Braziliya milliy jamoasi bilan JCh-2002 g‘olibi bo‘lgan futbolchi bilan ham birga o‘ynagan edingiz...

- Rivaldoni nazarda tutayapsizmi? Ha, «Bunyodkor» safida 1999 yilgi «Oltin to‘p» sohibi, jahon chempioni bo‘lgan braziliyalik hujumchi Rivaldo bilan birga to‘p surish baxtiga muyassar bo‘lganman. Aynan u bilan birga yonma-yon to‘p surib, uch karra O‘zbekiston chempioniga aylangan edik.

- JCh-2010 saralash bosqichi doirasidagi Shimoliy Koreyaga qarshi bahs va «Kopetdog‘»ning «Gerta» klubiga qarshi o‘yinida 11 metrlik nuqtada adashgan edingiz. Penaltidan gol ura olmaslik futbolchiga qanday ta'sir qiladi?

- Hamma ham hayajonlanadi, bunday vaziyatlarni boshdan kechirish qiyin. Albatta, yuqoridagi ikki o‘yindan keyin ham ancha vaqt o‘zimga kela olmagandim. Nemis klubiga qarshi o‘rtoqlik bahsida durang qayd etilayotganda so‘nggi daqiqalardagi penaltini ura olmaganim qattiq ta'sir qilgan. Jamoadoshlarim, murabbiylar qo‘llab-quvvatlashgandi.

Koreyslarga qarshi o‘yindagi omadsizlik ko‘proq ranjitgan. O‘sha o‘yin oldidan «Bunyodkor» safida jarohat olganimga qaramay, muhim bahsda milliy jamoa futbolchilarini qo‘llab-quvvatlash uchun kelgandim. Ammo vatan jamoasini muhim bahs kutib turganda og‘riqlarga qaramay, yakka tartibda mashg‘ulotlarda qatnashdim. Jamoaga yordamim kerakligini tushunib, jarohatimga qaramay murabbiylardan asosiy tarkibda tushirishlarini so‘radim. Jamoaning shtatli penaltichisi ekanligim uchun Shimoliy Koreya bilan og‘ir o‘yindagi 11 metrlik zarbani amalga oshirishim kerak edi. Ammo og‘riqlar ta'sirini o‘tkazmay qolmadi – penaltidan foydalana olmadim. Yakunda muhim o‘yin 0:0 hisobida tugadi. Uchrashuvdan keyin o‘zimni aybdordek his qilganman. Bosh murabbiy Rahim Qurbonmemedov va boshqa futbolchilar qiyin pallada qo‘llab-quvvatlashgandi.

- Faoliyatida yutuqlarga erishgan futbolchi sifatida yoshlarga qanday maslahatlar bera olasiz?

- Hayotda ham, sportdagi faoliyatlarida ham eng avvalo qat'iy intizomga amal qilishlari shart. Sababi ular doim e'tiborda bo‘lishadi, ko‘pchilik uchun o‘rnak hisoblanishadi. Aynan ushbu mas'uliyatni ham unutmasliklari lozim.

Usmon Ibodov tarjimasi.

Ma'lumotnoma:

Gochkuli Gochkuliyev

Tug‘ilgan joyi: Turkmaniston, Balkanobod.

Tug‘ilgan sanasi: 1977 yil, 26 may.

Futbolchilik faoliyati:

«Arkach» (Turkmaniston) - 1994 yil

«Nebitchi» - 1995

«Bezmein» - 1996

«Kopetdog‘» - 1997–2001

«Irtish» (Qozog‘iston) – 2002

«Paxtakor» (O‘zbekiston) – 2002-2005

«Qayrat» (Qozog‘iston) – 2006

«Bunyodkor» (O‘zbekiston) – 2007-2010

«Gara Oltin» (Turkmaniston) – 2011-2012 yil.

Murabbiylik faoliyati:

«Oltin asir» (Turkmaniston) klubi murabbiyi.

Top