21:27 / 17.08.2020
3946

Misr Bayrutdagi portlashdan keyin o‘z portlarini xavfli moddalardan tozalashga qaror qildi

Misr hukumati Livan poytaxti Bayrutdagi portlashdan keyin o‘z portlarida saqlanayotgan barcha xavfli moddalarni yo‘q qilishga qaror qildi. Bu haqda Misr moliya vaziri Muhammad Ma'itga tayanib Reuters axborot agentligi xabar berdi

“Bayrutda yuz bergan portlash bizdagi vaziyatni o‘rganishga undadi va biz portlarimizda saqlangan ko‘p miqdordagi qarovsiz va egasiz xavfli materiallardan xalos bo‘ldik”, deb ma'lum qilgan vazir.  

Uning ta'kidlashicha, joriy yil qishigacha Misr portlari xavfli moddalardan to‘liq tozalanadi.

Bundan tashqari, yangi bojxona tartib-qoidalari portlardagi nazoratni yaxshilaydi.

4 avgustda Bayrut portidagi omborlardan birida saqlangan 2700 tonnadan ko‘proq selitra portlab ketgan. Portlash oqibatida 170 dan ko‘proq odam halok bo‘lgan, minglab kishilar jarohat olgan. Shuningdek, halokat oqibatida port va shaharning yarmi vayron bo‘lgan, 300 mingga yaqin odam boshpanasiz qolgan.

Livanda portlashdan keyin norozilik namoyishlari boshlangan. Oqibatda hukumat iste'foga ketgan. Livan prezidenti Mishel Aun portlashdan yetkazilgan ziyonni 15 mlrd dollardan ko‘proqqa baholagan. 

Top