23:04 / 17.08.2020
21248

Muhit omili. Korrupsiya yo‘qolmayotgani haqida

Kishi korrupsioner bo‘lib tug‘iladi deysizmi? Yo‘q, uni muhit korrupsioner qiladi.

Masalan, biror-bir vazirlik tizimida korrupsiya holatlari ko‘pmi, demak o‘sha vazirlik ichida hukm surayotgan muhit yomon. Chunki, o‘sha vazirlikka tegishli idoralarda muhit nurli bo‘lsa, bunday nur korrupsiyani keltirib chiqaradigan illatlarni kuydirib yo‘q qilib yuborardi. Qanday qilib, deysizmi?

Muhit

Deylik, bir yosh yigit o‘qishni bitirib, qaysidir vazirlik tizimidagi idoraga ishga kirdi. U o‘sha vazirlik oilasiga qo‘shildi. Agar u bu jamoada halollik va rostgo‘ylik muhitiga duch kelsami...

Gap shundaki, halollik va rostgo‘ylik muhiti bu – «sehrli tayoqcha». Bunday muhitga tushib qolgan har qanday yigit-qizning dunyoqarashi yaxshigina, ba'zida esa inqilobiy taftishga uchraydi, ichki olamida ijobiy burilish hosil bo‘ladi.

To‘g‘ri, o‘sha yigit yoki qiz o‘ta ziyoli oilada tug‘ilgan bo‘lsa, ota-onasidan halollik va rostgo‘ylik o‘gitini olgan bo‘lsa, unda bunday muhit uning uchun yangilik bo‘lmaydi, uni go‘yo o‘z oilasidagi muhitning davomidek qabul qiladi. Biroq...

Bizning sharoitda – inson esini tanigandanoq yolg‘on, ikkiyuzlamachilik, pora-yu yulg‘ichlik voqelikning bir qismi deb qabul qilinadigan voqelikda, har bir ish pul bilan bitadigan holatimizda unib-o‘sgan yoshlar uchun bunday yorug‘ muhitga tushib qolish – yangi olamga tushib qolish kabi.

Yangi olam         

Yana ham yaxshi tushunish uchun, tasavvur qiling, siz yoshsiz, yangi jamoangizda deyarli hamma halol, prinsiplariga sodiq, hamma xalq ravnaqi uchun urinyapti, hammani ishi tartibli, zero rahbariyatning talabi ham shu, idorada yuritilayotgan siyosati ham shu.

Siz bunaqa «olam»ni hali ko‘rmagansiz va u sizga rosa yoqib tushadi, chunki illatlardan xoli bo‘lgan muhitda kishilarning yuzidan nur yog‘ilib turadi, ularning odobi, muomalasi a'lo bo‘ladi. Bunday joyda maza qilib ishlaysiz, chunki atrofdagi kishilardan taraladigan ijobiy quvvatdan ozuqa olasiz, bahorgi yomg‘ir ostida qolgandek his qilasiz o‘zingizni, shaxsingiz yaxshi tarafga o‘zgarayotgani his etasiz. Toza-halol ishlagan qayoqda-yu, harom-harish, aralash-quralash ishlarni qilib, ko‘ngilni xira qilish, yuzingizdan nur ketishi qayoqda?

Qaysidir vazirlikka tobe idoralarning qaysidir pog‘onasi korrupsiya duchor bo‘lganini ko‘rdikmi, demak bu birgina o‘sha idoraning emas, butun tizimning muammosi. Gap o‘sha oilada qaror topgan muhitda, illatlarni yondirib yuboradigan nurning yo‘qligida.

Yulg‘ich soliqchi, insofini yeb qo‘ygan bojxonachi, hokimlikning poraxo‘r xodimi, oxirat savol-javobini esidan chiqargan SOEM xodimi, esi dardi kamchiliklarni yashirib, soya ostida xalq pullarini o‘maradigan SSB yoki XTB boshlig‘i – bular bir xususiy holatlar emas, balki o‘sha idoralarda hukm surayotgan muhitdan dalolat.  

Ijobiy seleksiya    

«Baribir kimningdir korrupsiyaga moyilligi kuchli keladi, muhitga qaramasdan» deyish mumkin. To‘g‘ri, hatto a'lo muhit shakllangan chet korporatsiyalarida ham bitta-yarimta korrupsiya holatlari uchrab turadi. Biroq...

«Bitta- yarimta» bu – favqulodda hol deb qaraladigan, ammo tizim duchor bo‘lgan dard deb qaralmaydigan, tendensiya o‘laroq ko‘rilmaydigan holat. Yana bir muhim jihat – halollik va rostgo‘ylik muhitida o‘sha – korrupsiyaga moyilligi yuqori bo‘lgan tabiati buzuq shaxs ko‘p ishlay olmaydi, illati ishkor bo‘ladi va idoradan, ya'ni oiladan chetlashtiriladi. Bu degani yaxshi muhitda o‘ziga xos ijobiy seleksiya bo‘lib turadi. Muhit o‘z-o‘zini himoya qiladi, tozalaydi.

Teskari seleksiya     

Yaxshi muhit yaxshi seleksiya qilsa, yomon muhit... bunga teskari seleksiya qiladi. Ya'ni, yomon muhitga tabiatan poklik va rostgo‘ylikka moyilligi bor yoxud yaxshi tarbiya ko‘rgan inson kirib qolsa, bunday muhit uni, o‘z navbatida, tanasidan chiqarib tashlashga «bel bog‘laydi». Pirovardida yomon muhit ham o‘zini himoya qilib, turg‘un qolishga urinadi.

Nega korrupsiya bilan kurashish qiyin bo‘lyapti deysizmi? Savolingizga javob o‘sha – idoralarda yillar, o‘n yillar davomida shakllangan yomon muhit o‘zini himoya qilyapti. Nega davlat idoralari ishida, yumshoq qilib aytganda, tartibsizlik ko‘p deb so‘rasangiz, javob o‘sha – teskari seleksiya.

Xulosa shuki, davlat idoralari va tashkilotlari binolari ichidagi muhit o‘zgarmas ekan, bunday o‘zgarish uchun omillar paydo qilinmas ekan, vaziyat o‘zgarmaydi, zero, korrupsiyaning kelib chiqish sabablari yashab qolaveradi.

Shokir Sharipov

Muallif fikri tahririyat nuqtayi nazarini ifodalamasligi mumkin.

Top