22:16 / 18.08.2020
9274

BMT vakili: «Shavkat Mirziyoyevning Yoshlar huquqlari konvensiyasini ishlab chiqish taklifi dunyo davlatlarida qiziqish uyg‘otmoqda»

Bugun, 18 avgust kuni AOKAning anjumanlar zalida «Yoshlar-2020: global hamjihatlik, barqaror taraqqiyot va inson huquqlari» mavzusidagi Samarqandda o‘tgan veb-forum yakunlariga bag‘ishlangan matbuot anjumani tashkil qilindi.

Tadbirda jurnalistlar spikerlarga Samarqand forumida muhokama qilingan Yoshlar huquqlari bo‘yicha xalqaro konvensiyaga rivojlangan davlatlar tomonidan qanchalik rag‘bat va qiziqish bildirilayotgani va o‘zbekistonlik yoshlar tomonidan berilgan takliflar ushbu hujjatda qanchalik aks etishi borasida savol berishdi.

Savolga dastlab BMTning Narkotiklar va jinoyatga qarshi kurash bo‘yicha boshqarmasi mintaqaviy vakili Ashita Mittal javob berdi.

Unga ko‘ra, prezident Mirziyoyev bildirgan bu taklif ko‘plab davlatlarda va yoshlarda qiziqish uyg‘otgan.

«Savolga javoban shuni aytmoqchimanki, BMTning yirik bir konvensiyasini qabul qilish qisqa vaqtda amalga oshadigan ish emas. U juda uzoq vaqt va jarayonlarni talab qiladi.

Biz bunday takliflarni olqishlaymiz va u BMT bosh kotibining yoshlar masalalariga qaratilgan strategiyasiga ham to‘la mos keladi.

O‘ylaymanki, ushbu konvensiyaga uni tayyorlashga ketadigan uzoq vaqt davomida dunyoning barcha davlatlari yoshlari o‘z takliflarini berishadi», – deya BMT vakilining so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.

Ashita Mittal shuningdek, UNICEF tomonidan qo‘llab-quvvatlanayotgan «u-report» loyihasi bo‘yicha 10 mingdan ortiq yosh respondentlar orasida yoshlar uchun qaysi ehtiyojlar eng yuqoriligi borasida so‘rovnoma o‘tkazilgani va uning natijalari bo‘yicha ham ma'lumot berdi.

«So‘rovnoma natijalari dunyo yoshlarining birinchi o‘rinda ta'lim olish, ish bilan bandlik (mehnat qilishga) va inson huquqlari bo‘yicha huquqlari ta'minlanishini xohlaashini ko‘rsatdi.

Bundan tashqari, yoshlar hech qachon muhtoj bo‘lishni istashmaydi.

Ular shuningdek, qandaydir kamsitishlar va diskriminatsiyani qoralashgan. Javoblar orasida yigit va qizlarning teng huquqqa ega bo‘lishini xohlaganlar ham juda ko‘p», – dedi Ashita Mittal.

BMTning Narkotiklar va jinoyatga qarshi kurash bo‘yicha boshqarmasi mintaqaviy vakili Ashita Mittal

Matbuot anjumani davomida Inson huquqlari bo‘yicha Milliy markaz direktori Akmal Saidov ham konvensiya dunyoning rivojlangan davlatlari tomonidan qanday kutib olingani borasida fikrlarini bildirgan.

«Men Samarqand forumida tushgan takliflarni yig‘ib chiqdim. Ishtirokchi yoshlar jami 26 moddadan iborat konvensiyaga yana 14 ta yangi modda qo‘shish kerak degan taklifni berishyapti.

Ular bu takliflarni matnlarigacha tayyor holda berishgan. To‘g‘ri, bu takliflar ustida hali ko‘p ishlash kerak, lekin baribir takliflar bizni xursand qiladi.

Bu takliflar ichida yoshlarning ta'lim olishi, uyushgan holda va tinch yig‘ilishlar o‘tkazish, favqulodda holatlar sharoitida va  qurolli mojarolar davrida himoyalanish huquqlari keltirilgan.

Yoshlar shuningdek, o‘z sog‘lig‘ini muhofaza qilish, ijtimoiy ta'minotga ega bo‘lish, mehnat qilish, fikrlash hamda vijdon erkinligi borasidagi huquqlari to‘la ta'minlanishini ham xohlashmoqda.

Bu takliflar O‘zbekistonning barcha xududlaridagi yoshlardan tushyapti.

Bundan tashqari, fikr va taklif bildirgan yoshlar konvensiyada imkoniyati cheklangan yoshlarga alohida bo‘lim ochish taklifini ham bildirishgan.

Masalan, bu bolalar huquqlari to‘g‘risidagi konvensiyada yo‘q», – dedi Akmal Saidov.  

Inson huquqlari bo‘yicha Milliy markaz direktori Akmal Saidov

Huquqshunosga ko‘ra, Samarqand forumi davomida yig‘ilgan takliflar endilikda BMTning O‘zbekistondagi vakillari, Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti hamda boshqa xalqaro ekspertlar ishtirokida umumlashtiriladi.

«Ashita Mittal xonim juda to‘g‘ri aytdi. BMTda qandaydir konvensiya qabul qilish juda qiyin jarayonlardan o‘tadi.

Ha, siz to‘g‘ri savol berdingiz, rivojlangan mamlakatlarning bu taklifga munosabati ham juda muhim.

Ularda ham konvensiyaga e'tibor katta. Ular Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkilotining 40 foiz aholisini yoshlar tashkil qilishi, bu tashkilotga 57 ta davlat a'zoligi hamda  konvensiyaga hech kim befarq bo‘lmasligini aytishmoqda.

Bundan tashqari, hozirda dunyo aholisining 23 foizni, ya'ni salkam 2 milliard nafarini yoshlar tashkil qiladi. Bu butun dunyoda aholi soniga nisbatan yoshlarning o‘rni eng ko‘p bo‘lgan davr. Lekin qaytaraman, konvensiyani qabul qilish asta-sekinlik bilan bo‘ladigan ish», – dedi Inson huquqlari bo‘yicha milliy markaz direktori.

Top