13:47 / 18.08.2020
19411

Hamkorlar va milliardlar – Belarus YeI sanksiyalari tufayli nimalarni yo‘qotishi mumkin?

So‘nggi kunlarda Belarusda sodir bo‘layotgan voqealar ortidan Yevropa Itttifoqi rasmiylari bu davlatga nisbatan iqtisodiy sanksiyalar joriy qilishni rejalashtirmoqda. TUT.BY portali Yevroittifoq iqtisodiy sanksiyalar joriy qiladigan bo‘lsa, Belarus nimalar yo‘qotishi mumkinligini tahlil qildi.

Yevropa Ittifoqi rasmiylari, o‘z aholisiga tinch namoyishlar uchun keskin choralar qo‘llayotgan Belarusga qarshi iqtisodiy sanksiyalar qo‘llashni rejalashtiryapti. S&P xalqaro reyting agentligining ta'kidlashicha, agar Yevroittifoq tomonidan Belarusga qarshi iqtisodiy sanksiyalar qo‘llansa, bu mamlakat iqtisodiy o‘sishi keskin pasayadi va sarmoyadorlarning ishonchi yo‘qoladi. Xo‘sh, G‘arb tomonidan sanksiyalar qo‘llansa, Belarus qanday yo‘qotishlarga uchraydi?

Kreditlar

Belarus avval ham bir necha bor G‘arb sanksiyalariga duch kelgan. Biroq so‘nggi yillarda rasmiy Minsk Yevropa Ittifoqi bilan ijobiy muloqot o‘rnata oldi va iqtisodiy tarafdan G‘arb mamlakatlarining qo‘llab-quvvatlashiga erishdi. Natijada 2019 yil Belarus iqtisodiyotning xususiy sektorlaridagi loyihalarni moliyalashtirishga G‘arb banklari ko‘plab sarmoyalar kiritdi.

2019 yilda Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki Belarusdagi 24ta loyihaga 390 million yevrodan ortiq mablag‘ sarfladi. Taqqoslash uchun, 2018 yil ushbu bank Belarusga bor yo‘g‘i 30 million yevro ajratgandi. Bank tomonidan ajratilgan mablag‘ning eng katta qismi - 126 million yevro Belarusdagi 12ta ko‘prikni rekonstruksiya qilish uchun ajratildi.

Bundan tashqari, YeTTB Belarusning turli shaharlarida suv ta'minoti tizimini modernizatsiya qilish uchun 42 million yevrodan oshiqroq mablag‘ ajratdi. Rasmiylar yaqin kelajakda YeTTB Belarus iqtisodiyotiga har yili 500 million yevrogacha sarmoya kiritishi mumkinligiga umid qila boshlashgandi.

2019 yilda Yevropa investitsiya banki Belarusdagi investitsiya portfelini 550 million yevrogacha oshirdi. Ta'kidlash joizki, Yevroittifoqning asosiy banki Belarus bilan de-fakto faqat 2018 yildan hamkorlik qila boshladi. O‘sha yili bank Belarusga 168 million yevro ajratgan edi. Ushbu mablag‘ M7/Ye28 Minsk-Oshmyan-Kamenniy Log (Litva chegarasi) avtomobil yo‘lini rekonstruksiya qilish, suv ta'minoti obektlarini modernizatsiya qilish va uy-joy kommunal xo‘jaligidagi islohotlarni qo‘llab-quvvatlash, shuningdek, kichik hamda o‘rta biznes loyihalarini moliyalashtirish uchun sarflandi.

Bundan tashqari, YeIB Belarus bilan energiyadan barqaror foydalanishni kengaytirish loyihasini moliyalashtirish uchun 100 million yevro miqdorida shartnoma imzoladi. Ushbu loyihani amalga oshirish uchun YeIBdan tashqari, Jahon banki (taxminan 100 million dollar) va Global ekologik jamg‘armasi (3,65 million dollar) ham kreditlar ajratdi. Loyihaning umumiy budjeti 202 million dollardan oshadi.

2019 yilda Jahon banki Belarusga qariyb 300 million dollar ajratdi. Energiyadan foydalanish bo‘yicha yuqorida aytib o‘tilgan loyihadan tashqari, mablag‘lar ta'lim va uy-joy kommunal xo‘jaligini rivojlantirishga ham yo‘naltirildi.

2020 yil mart oyida Belarus hukumati va mamlakat Milliy banki koronavirus pandemiyasiga qarshi kurashish uchun Xalqaro valuta fondiga moliyaviy yordam so‘rab murojaat qildi. Bu zudlik bilan moliyalashtirilishi lozim bo‘lgan mablag‘ edi. Belarus XVFning teng huquqli a'zosi sifatida tashkilotdan qariyb bir milliard dollar miqdoridagi mablag‘ni yordam sifatida olish huquqiga ega edi. Ammo 19 iyun kuni Aleksandr Lukashenko Belarus XVFning kredit berish uchun «karantin cheklovlari va lozim bo‘lganda komendantlik soatlarini joriy qilish» talabini bajarmasligini ma'lum qildi. Shundan so‘ng, bu masaladagi muzokaralar boshi berk ko‘chaga kirib qoldi.

Umuman olganda, Yevroittifoq tomonidan joriy qilinadigan iqtisodiy sanksiyalar Belarusga kirib kelayotgan sarmoyalar va turli kreditlarning yo‘lini yopib qo‘yadi.

Savdo

Belarus va G‘arb o‘rtasidagi iqtisodiy aloqalar faqat sarmoya kiritishdan iborat emas. So‘nggi yillarda bu davlat Yevropa Ittifoqiga a'zo mamlakatlar bilan o‘zaro savdo-sotiqni ancha kuchaytirdi. Bugun Yevropa Ittifoqi Belarusning Rossiyadan keyingi eng yirik savdo hamkori hisoblanadi va mamlakat tashqi savdosining uchdan bir qismi Yevroittifoq davlatlari hissasiga to‘g‘ri keladi. Shu bilan birga, Yevropa Ittifoqi bozori Belarus mahsulotlarining eng muhim eksport yo‘nalishi hisoblanadi.

2008 yilda Belarus va Yevropa Ittifoqi o‘rtasidagi tovar ayirboshlash hajmi 23 milliard dollarni tashkil etgandi. Shundan 14,4 milliard dollar Belarus eksportiga, 8,6 milliard dollar Belarus importiga to‘g‘ri kelgan. Bu juda yaxshi ko‘rsatkich. 2009-2010 yillarda global iqtisodiy inqiroz tufayli Belarus va Yevroittifoq o‘rtasidagi savdo hajmi 30 foizga kamayib ketadi. 2012 yilga kelib vaziyat ancha barqarorlashdi va Belarusning Yevropa Ittifoqi bilan savdo hajmi 2007 yildagi eng yuqori ko‘rsatkichni takrorladi hamda 26,9 milliard dollarga yetdi. Xususan, eksport 17,6 milliard dollargacha o‘sdi. Ammo keyinchalik yana o‘zaro savdo hajmi pasayib borib, 2019 yilda Belarus va Yevropa Ittifoqi mamlakatlari o‘rtasidagi savdo hajmi 15,5 milliard dollarni tashkil etdi. Bunda Belarus eksporti qariyb 8,4 milliard dollargacha kamaydi.

Agar Belarus G‘arbning iqtisodiy sanksiyalariga uchrasa, mamlakatning Yevroittifoq bilan o‘zaro savdo ko‘rsatkichlari hajmi butunlay pasayib ketadi.

Belarusning Yevropa Ittifoqidagi asosiy savdo sheriklari

Belarusning Yevroittifoqdagi asosiy savdo sheriklari – Germaniya, Polsha, Litva, Latviya, Niderlandiya va Buyuk Britaniya hisoblanadi.

Belarus Yevropa Ittifoqiga asosan neft, yoqilg‘i, neft-kimyo, metallurgiya va yog‘ochni qayta ishlash zavodlarining mahsulotlari, oziq-ovqat, avtoulov uskunalari hamda to‘qimachilik mahsulotlarini yetkazib beradi.

Yevropa Ittifoqi davlatlari esa Belarusga, birinchi navbatda, mashinalar va texnologik uskunalar sotadi.

Rasmiy Minsk Belarus tovarlarini Yevropaga yetkazib berishni ko‘paytirmoqchi bo‘lyapti. Biroq, texnik reglamentlar va tarif to‘siqlari bunday imkoniyatlarni keskin cheklaydi. Ularni olib tashlash uchun mamlakat Yevropa Ittifoqiga a'zo bo‘lishi yoki u bilan assotsiatsiya bitimini imzolashi kerak bo‘ladi. Rasmiy Minsk Yevropa Ittifoqi bilan unday kelishuvlarni imzolamagan va hozircha bu masala kun tartibida ham yo‘q. Belarus faqat Rossiya boshliq Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqining a'zosi hisoblanadi. Bu ittifoq a'zolarida esa Belarusdan Yevropa Ittifoqi mamlakatlari  kabi mahsulot sotib olishmaydi.

Yevropa Ittifoqi Belarusga nisbatan iqtisodiy sanksiyalar joriy qilsa, unda G‘arb davlatlari bilan o‘zaro savdo ko‘rsatkichlari yanada pasayib ketadi. Gap shundaki, Belarus zavodlarining Yevroittifoqdagi raqobatchilari siyosiy vaziyatdan foydalanib bu mamlakatdan Yevropa Ittifoqiga olib kirilayotgan mahsulotlarga qo‘shimcha boj yoki boshqa cheklovlar joriy qildirishi mumkin. Agar bu ish sodir bo‘lsa, Belarusdagi kam foyda bilan ishlaydigan korxonalar sezilarli yo‘qotishlarga uchraydi. O‘z navbatida, sanksiyalar vaqtida boshqa biror mamlakat bozorda Belarusning o‘rnini egallamasligiga ham hech kim kafolat bermaydi.

Belarusning Jahon savdo tashkilotiga a'zo bo‘lib kirish jarayoni so‘nggi bosqichga yetib kelgan. Bu yo‘lda AQSh va Yevroittifoq bilan bir qator pozitsiyalarni muvofiqlashtirish qolgan, xolos. Bugun mamlakatda sodir bo‘layotgan siyosiy inqiroz muzokaralar jarayonining ijobiy yakunlanishiga hissa qo‘shmasligi aniq. Shunday ekan, agar Yevroittifoq tomonidan iqtisodiy sanksiyalar joriy qilinsa, Belarus JSTdan yana noma'lum muddatga chetda qolishiga to‘g‘ri keladi. Bu esa mamlakat iqtisodiyotining rivojlanishi uchun jiddiy to‘siq paydo qilishi mumkin.

Mavzu
Belarus-2020
2020 yilning 9 avgustida Belarusda prezidentlik saylovlari o‘tkaziladi. 26 yildan buyon mamlakatni boshqarayotgan Lukashenko bu safar ham nomzodini qo‘ygan.
Barchasi
Top