17:58 / 18.08.2020
8764
O‘zbekistondagi maktablarning 13 foizida qo‘lni sovun va suv bilan yuvishga sharoit yo‘q – YUNISEF

Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti va YUNISEFning Birlashgan monitoring dasturi hisoboti e'lon qilindi.

Hisobotdagi so‘nggi ma'lumotlariga ko‘ra, O‘zbekistondagi maktablarning 13 foizida qo‘llarni sovun va suv bilan yuvish uchun zarur sharoit mavjud emas. Shuningdek, maktablarning 83 foizi toza ichimlik suvidan foydalanish va 78 foizi asosiy sanitariya sharoitlariga ega.

YUNISEFning O‘zbekistondagi vakolatxonasi pandemiya davrida maktablar xavfsiz faoliyat yuritishi uchun sanitar sharoitlar bo‘lishi zarurligi haqidagi eslatma bilan chiqdi.

«Rasmiy ma'lumotlarga ko‘ra, O‘zbekistonda maktablarning yopilishi 8 milliondan ortiq bolaning ta'lim olishiga o‘z ta'sirini ko‘rsatdi. O‘zbekiston hukumati bosqichma-bosqich tarzda maktablarni qayta ochishni rejalashtirar ekan, bu xavfsiz bo‘lishi va mamlakatning COVID-19 pandemiyasiga qarshi sog‘liqni saqlash tizimi tomonidan tayinlangan umumiy chora-tadbirlariga rioya qilinishi lozim.

Maktablar qayta ochilishidan oldin ular suv bilan ta'minlanishi, sanitariya va gigiyena sharoitlari sifatli va yetarli miqdorda yo‘lga qo‘yilishi kerak. O‘quvchilarga o‘qish uchun xavfsiz, ishonchli qulay muhit yaratish maqsadida maktablarda tozalash va dezinfeksiyalash ishlari tegishli ravishda ta'minlanganiga ishonch hosil qilish darkor», deydi vakolatxona rahbari Sasha Graumann.  

Hisobotda aytilishicha, dunyo bo‘ylab 818 million bola o‘z maktabida qo‘l yuvish uchun asosiy vositalarga ega emas, bu esa ularning COVID-19 va boshqa yuqumli kasalliklar yuqtirishining xavfini oshiradi. Ularning uchdan bir qismdan ko‘prog‘ini (295 million) Afrikadagi Sahroyi Kabirdan janubda joylashgan mamlakatlar bolalari tashkil etadi. Kam rivojlangan mamlakatlarda har 10ta maktabning 7tasi qo‘l yuvish uchun asosiy vositalarga, maktablarning yarmi esa asosiy sanitariya va suv ta'minotiga ega emas.

«COVID-19 tarqalishini nazorat qilishni istagan hukumatlar sog‘liqni saqlash choralarini amalga oshirish zarurati bilan bog‘liq bo‘lgan ijtimoiy-iqtisodiy ta'sirlarni muvozanatga keltirishi kerak. Maktablarning uzoq vaqtga yopilishi bolalarning xavfsizligi, farovonligi va o‘qishiga salbiy ta'sir ko‘rsatishi isbotlangan.

Sanitariya xizmatlaridan foydalanish maktablarda infeksiya tarqalishining oldini olish va nazorat qilish uchun zarurdir. Bu davom etayotgan COVID-19 pandemiyasi davrida maktablarni xavfsiz qayta ochish va ishlatish bo‘yicha hukumat strategiyalarining asosiy yo‘nalishi hisoblanadi», deyiladi hisobotda.

Mavzu
Koronavirus O‘zbekistonda
15 mart kuni O‘zbekistonda koronavirusga chalingan ilk bemor aniqlandi.
Barchasi
Top