11:05 / 18.08.2020
28562

Samarqandda suv omborini sifatsiz qurgan korxona mansabdorlariga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi

Bundan uch oy avval Kun.uz saytida Nurobod tumanidagi «Omondara» past bosimli suv to‘g‘onida hosil bo‘lgan yoriq – girdobning aholiga keltirishi mumkin bo‘lgan xavfi haqida maqola e'lon qilingandi.

Samarqand viloyat prokuraturasi ushbu to‘g‘on qurilishida qatnashgan korxonaning mansabdor shaxslariga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgani haqida xabar bermoqda.

«O‘zmaxsussuvqurilish ixtisoslashgan kompaniya» DK (hozirgi kunda «O‘zmaxsussuvqurilish» MChJ deb nomlanadi) tomonidan Nurobod tumanida joylashgan «Omondara» past bosimli suv to‘g‘oni qurilishida kamchiliklarga yo‘l qo‘yilgani uchun «O‘zmaxsussuvqurilish ixtisoslashgan kompaniya» DK mansabdor shaxslariga nisbatan JKning 167-moddasi 2-qismi «v» bandi hamda 209-moddasi 1-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

Tergov harakatlari davomida ushbu qurilishga aloqador bo‘lgan korxonalar mansabdor shaxslari guvoh tariqasida so‘roq qilingan.

Hozirgi kunda «Omondara» past bosimli suv to‘g‘onida amalga oshirilgan qurilish ishlari loyiha ko‘rsatkichlariga mos kelishini aniqlash maqsadida nazorat o‘lchovi o‘tkazilmoqda.

Mazkur jinoyat ishi yuzasidan Samarqand viloyat prokuraturasi tomonidan dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda. Tergov davomida aybdor shaxslar doirasi to‘liq aniqlanib, qonuniy qaror qabul qilinishi ta'minlanadi», deyiladi prokuratura xabarida.

Eslatib o‘tamiz, Kun.uz saytida dastlabki maqola e'lon qilingach, Suv xo‘jaligi vazirligi munosabat bildirib, ushbu to‘g‘on aholiga xavf solmasligi haqida ma'lum qilgandi.

Shundan so‘ng masala faqat to‘g‘onning aholiga keltirishi mumkin bo‘lgan xavfida emasligi, balki suv ombor qurilishidan ko‘zlangan maqsad, isrof bo‘layotgan suv va loyihachi, quruvchi, buyurtmachi, umuman suv omborni topshirish, qabul qilib olishga mas'ul bo‘lganlar haqida biror fikr bildirilmaganiga doir savollar ham javobsiz qolgandi.

Mavzuga oid
Top