08:24 / 18.08.2020
4491

Sug‘urta sohasida yana bitta qonun qabul qilish ko‘zlanmoqda

Qonun hujjatlari ta'sirini baholash tizimi portalida “Majburiy sug‘urta turlari to‘g‘risida”gi Qonun loyiha joylashtirilgan. U Transport vositalari egalarining fuqarolik javobgarligini majburiy sug‘urta qilish bo‘yicha to‘lovlarni kafolatlash jamg‘armasi tomonidan tayyorlangan.

Qonun loyihasi Prezidentning 02.08.2019 yildagi “O‘zbekiston Respublikasining sug‘urta bozorini isloh qilish va uning jadal rivojlanishini ta'minlash chora-tadbirlari to‘g‘risida” PQ-4412-son qaroriga muvofiq tayyorlangan.
 
Norma’ning yozishicha, mazkur hujjatning asosiy maqsadi - majburiy sug‘urta turlari sohasidagi munosabatlarni tartibga solish, ularning umumiy tamoyillarini belgilashdan iborat. Loyiha Transport vositalari egalarining fuqarolik javobgarligini majburiy sug‘urta qilish bo‘yicha to‘lovlarni kafolatlash jamg‘armasi tomonidan tayyorlangan.
 
Qonun loyihasi 39 ta moddadan iborat, ular sug‘urtaning quyidagi jihatlarini ochib berish va tartibga solishga qaratilgan:

• asosiy tushunchalar;
• majburiy sug‘urta turlari va uning asosiy tamoyillari;
• majburiy sug‘urta turlari sub'yektlarining huquqlari, majburiyatlari;
• majburiy sug‘urta turlarini amalga oshirish shartlari va tartibi;
• majburiy sug‘urta shartnomasini tuzish;
• zararlar (ziyon, shikast)ni kompensatsiya qilishni kafolatlash mexanizmlari;
• majburiy sug‘urta shartnomalarini tuzish ustidan nazorat qilish;
• majburiy sug‘urta turlari bo‘yicha yagona axborot tizimini shakllantirish va yuritish;
• majburiy sug‘urta fondini shakllantirish;
• majburiy sug‘urta bo‘yicha sug‘urta ta'riflarini davlat tomonidan tartibga solish.
 
Bunda shuni inobatga olish lozimki, ba'zi majburiy sug‘urta turlari bo‘yicha aniq qonunlar mavjud:

• “Ish beruvchining fuqarolik javobgarligini majburiy sug‘urta qilish to‘g‘risida”;
• “Tashuvchining fuqarolik javobgarligini majburiy sug‘urta qilish to‘g‘risida”;
• “Transport vositalari egalarining fuqarolik javobgarligini majburiy sug‘urta qilish to‘g‘risida”.

Ularda majburiy sug‘urtaning mazkur sohalarida munosabatlarni tartibga solish normalari va mexanizmlari yozilgan.
 
Loyiha o‘zgartirilishi, unga qo‘shimchalar kiritilishi yoki rad etilishi mumkin.

Top