07:51 / 18.08.2020
11869
Sug‘urtasiz avtomobillarni jarima maydoniga qo‘ymaslik taklif etilmoqda

Deputatlar avtotransport vositasini sug‘urta yo‘qligi uchun jarima maydoniga qo‘yilmaslik haqida qonun loyihasi ishlab chiqishdi. Bu haqda deputat Rasul Kusherbayev xabar berdi.

Yaqinda “Mening fikrim” veb-portalida “Avtotransport vositasining sug‘urtasi yo‘qligi yoki texnik ko‘rikdan o‘tmaganligi tufayli jarima maydoniga qo‘yish amaliyotini bekor qilish haqida”gi taklif 10 000dan ortiq ovoz olgan edi.

Ushbu taklif Nizomga muvofiq Oliy Majlisi Qonunchilik palatasida ko‘rib chiqilib, deputatlar tomonidan uni amalga oshirish maqsadida Ma'muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga tegishli o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish bo‘yicha qonun loyihasi ishlab chiqildi.

Qonun loyihasida transport vositalari egalarining o‘z fuqarolik javobgarligini majburiy sug‘urta qilmaganligi (yoki DYHXX xodimi so‘ragan vaqtida yonida bo‘lmaganligi) uchun transport vositasini jarima maydonida majburiy ushlab turish amaliyotini bekor qilish nazarda tutilmoqda.

O‘rganishlar xorijiy davlatlarda xususan Germaniya, Angliya, Rossiya Federatsiyasi, Belarus Respublikasi, AQShning bir qator shtatlarida fuqarolik javobgarligini majburiy sug‘urta qilish bo‘yicha sug‘urta polislari bo‘lmasa, ma'muriy jarimalar belgilangan bo‘lib, biroq transport vositasini ushlab turish ko‘rsatilmaganligini ko‘rsatmoqda.

Qonun loyihasi tez orada Qonunchilik palatasining yalpi majlisida ko‘rib chiqiladi, deb yozadi deputat. 

Top