18:48 / 18.08.2020
4284
Turkmanistonda o‘quvchilardan maktabga shaxsiy sanitariya sumkalari bilan kelish talab qilindi

Turkmanistonning Dosho‘g‘iz shahrida yashovchi o‘quvchilar yangi o‘quv yilida maktabga shaxsiy sanitariya sumkalari bilan kelishi shart.

Foto: turkmen.news

Turkmen.news xabariga ko‘ra, sinf rahbarlari va o‘qituvchilar ota-onalarga qo‘ng‘iroq qilib, sumkaning ko‘rinishi va ichida nimalar bo‘lishi haqida ma'lumot berishgan.

Unga ko‘ra, matodan tikilgan sumkada nam va quruq salfetkalar, qo‘l uchun antiseptik, oksolin malhami, yuz uchun himoya niqobi va parta bilan stulni artishga mo‘ljallangan dezinfeksiya vositasi bo‘lishi lozim. O‘qituvchilarning so‘zlariga ko‘ra, sanitariya sumkasi yo‘q bo‘lgan o‘quvchilar darslarga kiritilmaydi.

Bu talab mahalliy xalq ta'limi bo‘limi rahbariyati tomonidan qo‘yilgani yoki umumdavlat miqyosida bo‘lgani haqida ma'lumot yo‘q.

Qayd qilish joizki, Turkmaniston hukumati mamlakatda koronavirus infeksiyasining tarqalganini rasman tan olmagan. Iyul oyida Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti (JSST) Turkmaniston hukumatiga koronavirusning mamlakatga kirib kelganini tan olishni tavsiya qilgan edi. Shundan keyin mahalliy matbuotda turli karantin choralari joriy qilingani haqida xabarlar tarqala boshlandi. Jumladan, «Orolbo‘yi hududidan kelgan zararli chang-to‘zon tufayli» niqob taqib yurish majburiy qilindi.

Mavzu
Koronavirus
2019 yilning dekabr oyi oxirida Xitoyning Uxan shahrida noma'lum virus tarqala boshladi. Bu virus havo orqali odamdan odamga yuqadi va o‘limga olib keladi.
Barchasi
Top