18:32 / 18.08.2020
7683

Yil oxirigacha 20 ming kishi tashqi mehnat migratsiyasi uchun o‘qitilishi rejalashtirilgan - vazirlik

Bandlik va mehnat munosabatlari vazirining birinchi o‘rinbosari Erkin Muhiddinov migrantlarni chet el mehnat bozorida o‘z malakalari bo‘yicha ishga joylashtirish bo‘yicha rejalashtirilayotgan ishlar haqida ma'lumot berdi.

Vazirlik rasmiysi AOKAda o‘tkazilgan brifingda xavfsiz, tartibli va qonuniy mehnat migratsiyasi tizimini shakllantirish ustida ish olib borilayotganini qayd etib o‘tdi. Bunda mehnat migrantini kasbga, xorijiy tilga o‘qitish, aniq ish beruvchi va barqaror ish o‘rni topib berish, shuningdek, ketishdan oldin moddiy yordam berish kabi ishlar amalga oshiriladi.

Fuqaro xorijga ketgandan so‘ng ham unga moddiy, huquqiy va ijtimoiy yordam berib boriladi. Fuqaro vatanga qaytgandan so‘ng ham malakasiga qarab, mahalliy mehnat bozoridan ish topib beriladi.

«Hozir migrantlar uchun eng katta muammo ularda kasb va til malakasining yo‘qligi bo‘lib qolmoqda. Ko‘pincha xorijdan ish beruvchilar kelib, bo‘sh ish o‘rinlari uchun tanlov e'lon qilinadi. Lekin bizning migrantlarning malakasi bu ish o‘rinlari uchun to‘g‘ri kelmaydi yoki ularda malakasini tasdiqlovchi hujjat bo‘lmaydi.

Bu masalaning yechimi sifatida monomarkazlar, kasbga o‘qitish markazlari tashkil qilinmoqda. Shuningdek, nodavlat kasbga o‘qitish markazlari bilan hamkorlik kengaytirilmoqda. Shu tizim asosida joriy yil tashqi mehnat migratsiyasi uchun kamida 20 ming nafar, keyingi yil esa 50 ming odamni ta'lim bilan qamrab olish rejalashtirilgan», dedi Erkin Muhiddinov brifingda.  

Qo‘shimcha qilinishicha, migrantlarni chet elda o‘qitish ham asosiy rejaga kiritilgan. Rossiya Federatsiyasining Moskva, Sankt-Peterburg, Novosibirsk, Qozon va Yekaterenburg shaharlarida ham o‘zbek migrantlarini kasbga o‘qitish yo‘lga qo‘yiladi. Bu yo‘l bilan joriy yil 500 nafar, kelasi yil 2 ming nafar fuqaroni o‘qitish rejalashtirilgan.

Eslatib o‘tamiz, kuni kecha davlat rahbari boshchiligida o‘tgan videoselektorda mas'ul tashkilotlarga mehnat migrantlarini qo‘llab-quvvatlash, ularni kasbga va tilga o‘qitish topshirig‘i berilgan edi.

Top