18:53 / 18.08.2020
1560
Yoshlar-2020: forumda ko‘tarilgan 3ta muhim masala

«Yoshlar-2020: global hamjihatlik, barqaror taraqqiyot va inson huquqlari» mavzusidagi inson huquqlari bo‘yicha Samarqand veb-forumi yakunlariga bag‘ishlangan matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi.

Tadbirda Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori Akmal Saidov pandemiya ko‘plab yoshlarning ishsizligiga sabab bo‘lgani, keyinchalik mana shunday vaziyat yuzaga kelganida qanday yo‘l tutish bo‘yicha olib borilayotgan ishlar haqidagi savolga javob berdi.

«Samarqand forumida eng ko‘p ko‘tarilgan savol sifatida 3ta masala ko‘tarildi. Birinchisi, ta'lim olish. Yoshlarning ta'lim olish huquqini ta'minlash. Eng ko‘p ma'ruzalar yoshlar ta'limiga bag‘ishlandi.

Ikkinchisi, yoshlar o‘rtasidagi ishsizlik. Ayniqsa pandemiya yoshlarga qaysi sohalarda eng katta ta'sir ko‘rsatdi deganda ish bilan band qilish sohasi deb e'tirof etildi. Hatto alohida e'tibor berish kerak, alohida dastur qilish kerak degan takliflar bo‘ldi. Yoshlar ishlari bo‘yicha agentlikning rahbari Sa'dullayev hozir biz O‘zbekistondagi yoshlarni 2025 yilgacha bo‘lgan taraqqiyoti konsepsiyasini tuzayotganimizni aytdi. Yoshlarning bandligini ta'minlash – eng katta muammolardan biri.

Bitta misol keltiraman: O‘zbekistonda har yili 600-700 ming yosh maktabni yoki oliy o‘quv yurtlarini bitiryapti. Biz yiliga 500 mingga yaqin ish o‘rni yaratyapmiz. Ya'ni 200 ming yosh qolyapti. Ularni nima qilish kerak? Yoshlarning bandligini ta'minlash butun dunyo davlatlari uchun eng katta ustuvor vazifa.

Uchinchi masala – yoshlar o‘rtasida tenglikni ta'minlash. Aytildiki, o‘rta maktabda qiz bolalar bilan o‘g‘il bolalarning tengligi ta'minlangan. Oliy o‘quv yurtidachi? Oliy o‘quv yurtida qizlarning soni kamayib ketyapti. Bu faqat O‘zbekistondagina emas, butun dunyoda. Imkoniyati cheklangan yoshlar huquqini ta'minlash.

Mana shu 3ta global muammo nafaqat O‘zbekiston, balki butun dunyo yoshlarini o‘ylantirayotgan muammolardan. Samarqand forumida nafaqat O‘zbekiston tajribasi o‘rganildi, balki butunjahon yoshlarini o‘ylantiradigan umumiy muammolar ko‘tarildi», dedi Akmal Saidov.

Top