11:09 / 19.08.2020
19512

FXX samolyoti Minskka kelgani ma'lum qilindi   

Foto: LiveJournal

Belarus poytaxti Minskka Rossiyaning Federal xavfsizlik xizmati bilan bog‘lanuvchi Tu-214VPU samolyoti keldi. FlightRadar servisi ma'lumotlariga ko‘ra, Moskvadan reys bajargan va RA-64523 bort raqamiga ega samolyot 18 avgust soat 20:18da Minskka qo‘ngan. Bunga Telegram’dagi Nexta Life kanali e'tibor qaratgan.

“Biznes Online” nashri ma'lumotlariga ko‘ra, ushbu samolyot davlat shartnomasiga ko‘ra FXXning maxsus vazifalarni bajaruvchi aviatsiya otryadi uchun qurilgan. Samolyotning nomlanishidagi VPU qisqartmasi “vysotnyy punkt upravleniya” – “balandlikdagi boshqaruv punkti” degan iborani anglatib, ta'kidlanishicha, samolyot FXX rahbariyati parvozlari uchun qo‘llanadi.

Bu samolyot oxirgi haftada Belarusga kelgan, Rossiya hukumatiga tegishli uchinchi samolyot hisoblanadi. Parvozlar Belarusda 9 avgustda prezident saylovlari o‘tgandan keyin davom etayotgan norozilik namoyishlari ortida amalga oshirilgan. Saylovlarda amaldagi prezident Aleksandr Lukashenko katta farq bilan g‘alaba qozongan. Biroq belaruslar saylovlar natijalariga ishonchsizlik bildirishmoqda. G‘arb va Yevropa ittifoqi davlatlari ham saylovlar natijalarini tan olmayapti.

12 avgustda Belarusga Rossiya harbiy-koinot kuchlarining ikkita Tu-134AK samolyoti kelgan. Bu samolyotlar hukumat a'zolarini tashish uchun mo‘ljallangan. Dastlab samolyotlarning Belarusga kelishi maqsadi ma'lum qilinmagan, ammo 2 kun o‘tgach Rossiyaga Belarusda hibsga olingan va u yerda “Vagner” xuquqiy harbiy kompaniyasi jangchilari deb e'lon qilingan 32 rossiyalik qaytarilgani ma'lum bo‘lgan.

Lukashenkoning ta'kidlashicha, Rossiya prezidenti Vladimir Putin Belarus uchun tashqi tahdidlar yuzaga kelsa, Minskni qo‘llab-quvvatlashga va'da bergan. Putin 18 avgustda Belarusdagi vaziyatni Germaniya va Fransiya yetakchilari Angela Merkel va Emmanyuel Makron bilan muhokama qilgan. Rossiya prezidenti suhbat davomida Belarus ishlariga aralashishga yo‘l qo‘yib bo‘lmasligini aytgan. 

Mavzu
Belarus-2020
2020 yilning 9 avgustida Belarusda prezidentlik saylovlari o‘tkaziladi. 26 yildan buyon mamlakatni boshqarayotgan Lukashenko bu safar ham nomzodini qo‘ygan.
Barchasi
Top