09:33 / 19.08.2020
19227

Mali prezidenti harbiy isyon natijasida hokimiyatdan chetlatildi va hibsga olindi

Mali prezidenti Ibrohim Bubakar Keyta o‘z lavozimini topshirgani va parlament tarqatib yuborilganini e'lon qildi. Keyta o‘zi va bosh vazir Bubu Sisse seshanba kungi harbiylar isyonidan bir necha soat o‘tib qo‘lga olingach bu haqda ma'lum qildi.

Foto: AFP

Keyta televideniye orqali murojaat qilib, hokimiyatda qolish uchun qon to‘kilishini istamasligini ma'lum qilgan.

«Men ushbu lahzada Mali xalqiga uzoq yillardan beri meni qo‘llab-quvvatlagani uchun minnatdorlik bildirmoqchiman va shu ondan barcha vakolatlarni o‘zimdan soqit qilishimni ma'lum qilmoqchiman. Milliy assambleya va hukumat ham tarqatiladi.

Men hokimiyatni saqlab qolish uchun qon to‘kilishini istamayman. Agar qurolli kuchlarimizdagi ayrim qismlar shuni istasa, menda boshqa tanlov qoladimi?», degan u.

Ibrohim Bubakar Keyta 2018 yilda prezidentlik saylovlarida g‘olib chiqqandi, ammo so‘nggi vaqtlarda Malida korrupsiya avj oldi, iqtisodiyot o‘sishi pasaydi va mamlakatning ayrim hududlarida zo‘ravonlik kuchaydi

Isyon
Seshanba tongida poytaxt Bamako yaqinidagi Kati harbiy bazasida otishmalar bilan harbiy isyon boshlandi.

Poytaxtdan 15 kilometr masofadagi bazada isyon ko‘targan zobitlar boshliqlarni hibsga oldi va poytaxtga yurish qilishdi.

Afrika ittifoqi, G‘arbiy Afrika davlatlari iqtisodiy hamjamiyati (ECOWAS) va Fransiyaning sobiq metropoliyasi (Mali undan 1960 yilda mustaqil bo‘lgan) isyonni qoralab chiqdi.

BMT bosh kotibi Antoniu Guterrish mamlakat rahbariyatini zudlik bilan ozod qilishni va konstitutsion tartibni tiklashni talab qildi.

Davlat to‘ntarishi haqida nimalar ma'lum?
Isyonga Katidagi harbiy baza qo‘mondoni o‘rinbosari, polkovnik Malik Dyau va general Sadio Kamara boshchilik qilgan.

Isyonchilar harbiy lagerda nazoratni qo‘lga olishgach poytaxtga yurish qilgan. Ular prezident qarorgohini qamal qilib egallashgan. Qarorgohda bo‘lgan prezident va bosh vazir qo‘lga olingan. Shuningdek, bir qancha vazirlar, parlament spikeri va bir qator harbiy amaldorlar ham hibsga olingan.

Isyonning aniq sababi ma'lum emas, shuningdek, unda qancha askar va zobitlar qatnashgani ham.

Mahalliy nashrlarning yozishicha, ziddiyat ish haqi bo‘yicha bahsdan boshlangan bo‘lishi mumkin.

«Frans-press» agentligi poytaxtdagi Adliya vazirligiga tegishli binolardan biridagi yong‘in videosini e'lon qilgan.

Kati bazasida 2012 yilda ham isyon bo‘lgandi. Harbiy xizmatchilar  o‘shanda qo‘mondonlik mamlakat shimolidagi jangarilarga qarshi turishga layoqatsizligidan g‘azablanishgandi.

O‘shanda isyon davlat to‘ntarishi va prezident ag‘darilishiga, shuningdek, mamlakat shimolida jangarilarning uzil-kesil g‘alabasiga olib kelgandi.

Jangarilarning muvaffaqiyatiga javoban Fransiya o‘z harbiylarini sobiq mustamlakasi hududiga kiritgan va ularni mamlakatdan haydab chiqarishga uringandi.

Ibrohim Bubakar Keyta Foto: AFP

2013 yilda Ibrohim Bubakar Keyta Mali prezidenti etib saylangan. U bungacha Mali milliy yig‘ini spikeri (2002-2007), mamlakat bosh vaziri (1994-2000) bo‘lgan. Bosh vazir Bubu Sisse esa hukumatni 2019 yil apreldan boshqarib kelgan.

Hozirda Malida jangarilarga qarshi kurashish uchun fransuz harbiy kontingenti joylashtirilgan.

Mali poytaxti atrofidagi qo‘riqchilar

Hozirgi isyon prezidentning iqtisodiy siyosatidan norozilik va hukumatning korrupsiyada ayblanishiga qarshi namoyishlar fonida bo‘lib o‘tdi.

Namoyishchilar yetakchilaridan biri, konservativ siyosatchilar orasida nufuzga ega bo‘lgan, respublikada fransuzlar ta'siriga qarshi imom Mahmud Diko hisoblanadi. U 2018 yilda ikkinchi muddatga saylangan prezident iste'fosini talab qilib kelardi.

Diko muxolifatchilarning «5 iyun harakati - Birlashgan vatanparvarlar» tashkiloti rahbarlari hisoblanadi, ushbu tashkilot harbiy to‘ntarishni qo‘llab-quvvatladi.

Muxolifatchilar sodir bo‘lgan voqealarni isyon emas, xalq qo‘zg‘oloni deb atashmoqda.

Mavzuga oid
Top