08:28 / 19.08.2020
7011

Oliy Majlisga tekshiruv o‘tkazish huquqi berildi

Qonun hujjatlariga qonun ijodkorligi hamda parlament nazorati jarayonlari takomillashtirilishiga oid tuzatishlar kiritildi.

Birinchidan, yangi mexanizm – parlament tekshiruvi joriy etiladi. Jamiyat va davlatning eng muhim manfaatlariga daxl qiluvchi, mamlakat xavfsizligi asoslariga, uning barqaror rivojlanishiga salbiy ta'sir ko‘rsatishi mumkin bo‘lgan muayyan faktlarni yoki voqealarni o‘rganish maqsadida parlament tekshiruvi o‘tkaziladi.
 
Norma’ning yozishicha, Qonunchilik palatasi va Senat tomonidan parlament tekshiruvi o‘tkazish to‘g‘risida qaror qabul qilinadi (qo‘shma qaror qabul qilinishi ham mumkin) hamda ularning vakillaridan iborat Komissiya tuziladi, u:

• davlat organlarining, xo‘jalik boshqaruvi organlarining vakillarini, mutaxassislarni, ekspertlarni va olimlarni komissiya ishiga jalb etishga haqli;
• davlat organlaridan, xo‘jalik boshqaruvi organlaridan, boshqa tashkilotlardan, shuningdek fuqarolardan zarur ma'lumotlarni so‘rab olishga, ularni tushuntirish berish uchun taklif etishga haqli;
• Parlamentning tegishli palatasini bajarilgan ishlar to‘g‘risida belgilangan muddatda xabardor qiladi.
 
Ikkinchidan, Qonunchilik palatasi va Senatga davlat organlari, xo‘jalik boshqaruvi organlari rahbarlarining o‘z faoliyatiga doir masalalar yuzasidan axborotini eshitish huquqi berildi. Bu hukumat a'zolariga nisbatan belgilangan tartibga ko‘ra amalga oshiriladi.
 
Uchinchidan, parlament so‘rovi, senatorning so‘rovi, Qonunchilik palatasi yoki tegishli xalq deputatlari Kengashi deputatining so‘roviga javob kim tomonidan imzolanishi aniqlashtirildi. Javobni o‘z nomiga so‘rov yuborilgan mansabdor shaxs yoki uning vazifalarini vaqtincha bajarayotgan shaxs imzolaydi.
 
Eslatib o‘tamiz, so‘rov quyidagi masalalar yuzasidan asoslangan tushuntirish berilishi yoki o‘z pozitsiyasini bayon etish talabini ifodalaydi:

• qonunlar, turli sohalardagi davlat dasturlari ijrosi hamda davlat organlari, xo‘jalik boshqaruvi organlarining mansabdor shaxslari yurituvidagi boshqa muhim masalalar yuzasidan – parlament so‘rovi;
• tegishli hududlarning manfaatlari bilan bog‘liq masalalar yuzasidan – senator so‘rovi;
• tegishli saylov okrugi saylovchilarining huquqlarini va qonuniy manfaatlarini ta'minlash bilan bog‘liq masalalar yuzasidan – deputat so‘rovi.
 
Statistika bo‘yicha ko‘pgina so‘rovlarga manzili bo‘yicha javob berilmayotganligi tuzatishlar kiritishni taqozo etdi. Masalan, 2018 yilda yuborilgan 207 ta parlament so‘roviga boshqa mansabdor shaxslar tomonidan imzolangan 120 ta javob olingan. 2019 yilda 175 ta (72 foiz) deputat so‘roviga tegishli organlar rahbarlarining o‘rinbosarlari, 13 ta (5 foiz) so‘rovga – tobe tashkilotlar rahbarlari, 2 ta so‘rovga (1 foiz) – boshqa tashkilotlarning mansabdor shaxslari tomonidan javob berilgan.
 
To‘rtinchidan, quyidagilar qonunchilik tashabbusi huquqi sub'yekti kiritgan qonun loyihasini birinchi o‘qishda ko‘rib chiqilayotganda ishtirok etishi va ma'ruza bilan so‘zga chiqishi mumkin:

• Jo‘qorg‘i Kenges, Vazirlar Mahkamasi, Konstitutsiyaviy va Oliy sudlar – ular tayinlagan vakil orqali;
• Prezident va Bosh prokuror – shaxsan ishtirok etishi yoki vakil tayinlashi;
• Qonunchilik palatasi deputatlari – shaxsan ishtirok etishi.
 
Qonun loyihasini Qonunchilik palatasiga kiritish to‘g‘risidagi qarorda kimlar loyihani ko‘rib chiqishda ishtirok etishi va ma'ruza bilan so‘zga chiqishi ko‘rsatiladi.
 
Beshinchidan, Qonunchilik palatasi Spikerining birinchi o‘rinbosari maqomi belgilandi. U:

• xalqaro parlament tashkilotlari bilan aloqalarni rivojlantiradi, boshqa davlatlarning parlamentlari va xalqaro parlament tashkilotlari bilan hamkorlik bo‘yicha boshqa tuzilmalar (parlamentlararo guruhlar, komissiyalar, qo‘mitalar, ishchi guruhlar va boshqalar) faoliyatini muvofiqlashtiradi, parlamentlararo diplomatiyani rivojlantiradi, xalqaro shartnomalarning hukumat tomonidan bajarilishini nazorat qilishga doir ishlarni tashkil etadi, tashkiliy va boshqa vazifalarni bajaradi;
• o‘z vazifalarini bajarish davrida siyosiy partiyaga a'zolikni to‘xtatib turadi va fraksiya tarkibiga kirishi mumkin emas;
• Qonunchilik palatasi qo‘mitalarining tarkibiga saylanishi mumkin emas.
 
Qonun 11.08.2020 yildan kuchga kirdi.

Top