07:58 / 19.08.2020
13493
O‘zbekistonda 3000dan ortiq dorixonalarga ogohlantirish berildi

Koronavirus infeksiyasining ko‘payishi natijasida odatiy isitma tushiruvchi, viruslarga qarshi, immunitetni oshirishga mo‘ljallangan odatiy dorilar mavjud bo‘lgan dorixonalarda turnaqator navbatlar yuzaga keldi, davolanish uchun zarur bo‘lgan dori-darmonlar esa oshirilgan narxda sotildi.

Iste'molchilar huquqlarini himoya qilish agentligi tomonidan karantin boshlangan davrdan buyon dori vositalari narxi oshib ketishining oldini olish yuzasidan tegishli chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda, deyiladi agentlik xabarida.

Qayd etilishicha, mutasaddi idoralar vakillaridan iborat tuzilgan ishchi guruhlar bilan birgalikda savdo ustamalariga hamda savdo qoidalariga qat'iy rioya qilish, dori vositalariga bo‘lgan sun'iy tanqislik va ajiotaj talabni vujudga keltirmaslik, qonun va litsenziya talablariga amal qilmaslikning huquqiy oqibatlari to‘g‘risida tegishli tushuntirishlar olib borildi, respublika bo‘yicha 3000dan ortiq dorixona rahbarlari va xodimlariga rasmiy ogohlantirish xatlari berildi.

Joriy yilning 20 iyul – 12 avgust kunlari 500ga yaqin dorixonalarda Vazirlar Mahkamasi qarorining 2-ilovasiga binoan COVID-19 infeksiyasi bilan kasallangan bemorlarni davolashda qo‘llaniladigan dori vositalari va biologik faol moddalar ro‘yxatiga kiritilgan dori vositalarining (tovar nomi bo‘yicha) dorixonalarda mavjudligi va ularning chakana narxlari yuzasidan Agentlik tomonidan monitoring kuzatuvlari o‘tkazildi.

Monitoring dorixonalarda quyidagi dori vositalari mavjud emasligini ko‘rsatgan: “Vizavirin” (Hindiston), “Aluvia” (Germaniya), “Lopinavir/Ritonavir” (Hindiston), “Elikvis” (AQSh).

Respublika bo‘yicha o‘rganilgan dorixonalarning 14tasida (Toshkent sh., Andijon, Buxoro, Jizzax, Namangan, Toshkent, Farg‘ona va Xorazm viloyati) “Arbidol” (Rossiya) va “Arpeflyu” (Belarus) dori vositasi mavjudligi hamda ularning qoldiq zaxirasi kamligi (605 quti) kuzatildi.

O‘rganilgan dorixonalarning faqat 3tasida (Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Samarqand va Toshkent viloyati) “Plakvenil” (Ispaniya) dori vositasi borligi va ulardan faqat 12 quti qolganiligi kuzatildi.

Ijtimoiy tarmoqlarda joylashtirilayotgan axborotlarga ko‘ra, aholi talabi yuqori bo‘lgan ayrim dori vositalari dorixonalardan tashqarida va boshqa yo‘llar bilan qimmat narxlarda sotilayotganligi qayd etilmoqda. Xususan, “Plakvenil” kabi dori vositasi dorixonalardan tashqarida 500 ming so‘mdan 1 million so‘mgacha sotilayotgan bo‘lsa, chakana narxi 405 000 so‘mdan oshmasligi lozim bo‘lgan “Kleksan” 4000 XA Me dozali dori vositasi dorixonalar va undan tashqarida 2,4 mln so‘mgacha narxlarda sotilmoqda. Belarusda ishlab chiqarilgan “Geparin” dori vositasi ham dorixonalarda qutisi uchun 400 000 so‘mdan realizatsiya qilinmoqda, uning cheklangan chakana narxi 135 000 so‘mni tashkil etadi.

Agentlikning hududiy tuzilmalari tomonidan 30ta dorixonada o‘tkazilgan tekshirishlar davomida quyidagilar ma'lum bo‘ldi:

1. 9ta (Toshkent sh. Jizzax, Samarqand, Toshkent v.) holatda belgilangan ustamalarni 20 foiz o‘rniga 93 foizgacha qo‘llanilgan.
2. 6ta (Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Buxoro, Qashqadaryo, Sirdaryo v., Toshkent sh.) holatda yaroqlilik muddati o‘tgan, ro‘yxatdan o‘tmagan va kirim hujjati mavjud bo‘lmagan dori vositalarini realizatsiya qilish holatlari aniqlangan.
3. 12ta dorixonaga belgilangan tartibda ish qo‘zg‘atilib, tegishli ko‘rsatma berilgan (chora ko‘rilgan) hamda litsenziya shartlarini qo‘pol ravishda buzganligi uchun belgilangan tartibda litsenziyasini bekor qilish masalasini ko‘rib chiqish uchun Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligiga to‘plangan hujjatlar yuborildi.

Shuningdek, iste'molchilar murojaatlarini o‘rganish davomida va Agentlik tomonidan olib borilgan monitoring natijasida dori vositalarini tovar chekisiz sotish holatlari aniqlanmoqda. Dorixonalar aksariyat holatlarda dori vositalari narxlarini yashirish maqsadida tovar chekini berishmayotganligi kuzatilmoqda. Bu dori vositalarini qimmat narxlarda sotish holatlarini aniqlashni qiyinlashtirmoqda.

Bugungi kunda dorixonalarni litsenziyalash tartibi to‘g‘risida nizomga qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritish, tovar cheki bermaslik litsenziyani bekor qilish uchun asos bo‘lgan qo‘pol buzilishlar sifatida tasniflashni nazarda tutuvchi qaror loyihasi tayyorlandi.

Top