14:53 / 19.08.2020
9318

Ronald Kuman - «Barselona» bosh murabbiyi

«Barselona» klubi rasmiy sayti Ronald Kuman jamoa bosh murabbiyi etib tayinlangani haqida rasman e'lon qildi.

Foto: Twitter

Niderlandiyalik 57 yoshli murabbiy o‘zi boshqarayotgan Niderlandiya milliy jamoasi bosh murabbiyi lavozimini tark etib, «Barselona» bosh murabbiyi sifatida ish boshladi. Kuman Kataloniya klubi bilan 2022 yilning yoziga qadar mo‘ljallangan shartnomaga imzo chekdi. Yangi murabbiyning taqdimot marosimi bugun, 19 avgust kuni soat 21:00da o‘tkaziladi.

Ma'lumot uchun, Kuman futbolchilik faoliyati davomida 1989 yildan 1995 yilga qadar «Barselona» safida to‘p surgan. Sobiq himoyachi «ko‘k-anorranglilar» bilan 4 karra Ispaniya chempioni, uch karra Superkubok g‘olibi, ikki martadan Ispaniya kubogi va Yevropa chempionlar kubogi hamda UYeFA Superkubogini yutgan.

Kuman bosh murabbiylik faoliyatini 2000 yilda boshlab, hozirgi kungacha «Vitess», «Ayaks», «Benfika», PSV, «Valensiya», AZ, «Feyyenoord», «Sauthempton» va «Everton» klublarida faoliyat yuritgandi.

Eslatib o‘tamiz, «Barselona» YeChL 1/4 finali doirasida «Bavariya»ga 2:8 hisobida mag‘lub bo‘lgach, dastlab bosh murabbiy Kike Seten, ko‘p o‘tmay klub sport direktori Erik Abidal iste'foga chiqarilgandi.

Top