02:14 / 19.08.2020
60488
Telegram'dagi xayriya niqobi ostida firibgarlik qilgan 19 yoshli samarqandlik qiz qo‘lga olindi

Telegram orqali xayriya uchun deb 10 million so‘m va 1400 AQSh dollari miqdoridagi pullarni firibgarlik yo‘li bilan o‘zlashtirayotgan shaxs Samarqand shahrida qo‘lga olindi.

Foto: Toshkent viloyati IIBB

Telegram'da «E'zozaga yordam» nomli xayriya guruhi tashkil qilingan bo‘lib, u orqali saxovatli va ko‘ngilli insonlar og‘ir xastalikka chalingan 3 yoshli E'zozaning davolanishi uchun yordam berib kelmoqda. Ammo xayriyani niqob qilgan shaxslarning qilmishlarini hech narsa bilan oqlab bo‘lmaydi, deb xabar beradi Toshkent viloyati IIBB axborot xizmati.

13 avgust kuni Toshkent viloyati IIBB 1-mintaqaviy hudud boshlig‘i nomiga Chirchiq shahrida yashovchi E'zozaning otasi fuqaro E.Gulmetov ariza bilan murojaat qiladi. U o‘z arizasida noma'lum ayol uning qizi E'zozaga tegishli ma'lumotlarni o‘zlashtirish orqali Telegram'da tashkil etilgan «E'zozaga yordam» guruhida o‘zini go‘yoki E'zozaning onasi deb tanishtirib, firibgarlik yo‘li bilan xayriya pullarini o‘zlashtirayotgani haqida bayon qilib, unga tegishli chora ko‘rishni so‘raydi.

Holat yuzasidan IIBB tezkor xodimlari olib borgan surishtiruvlar davomida ushbu ayolning E'zozaga yoki uning yaqin qarindoshlariga hech qanday aloqasi yo‘qligi aniqlanadi va jinoyatning oldini olish maqsadida tezkor tadbir tashkil etiladi.

Tadbirga o‘z ixtiyori bilan ko‘maklashishga rozilik bildirgan E'zozaning otasi internetdagi noma'lum ayol bilan shartli ravishda «saxovatli inson» bo‘lib telefon orqali muloqotga kirishadi. Suhbatda ayol E'zozaning onasi ekani va qizchaning kunlik muolajalari uchun zudlik bilan 25 million so‘m pul zarurligi, uning ahvoli og‘irligi va o‘zi Samarqand viloyatida ekanini aytib, xayriya pullarini olish uchun Toshkent shahrida ichki ishlar xodimi bo‘lib ishlovchi tanishini yuborishini aytadi.

Shundan so‘ng, tadbirga IIV O‘XB Toshkent viloyati bo‘yicha bo‘limi xodimlari ham jalb etiladi va soat 17:30larda belgilangan joyga kelib «saxovatli inson»ga o‘zini ichki ishlar organlarida xizmat qiluvchi deb tanishtirgan Shavkat ismli shaxs xayriya sifatida berilayotgan kelishilgan pullarni olayotgan vaqtida daliliy ashyolar bilan ushlanadi.

Tekshiruv davomida, u aslida 1981 yilda Samarqand shahrida tug‘ilgan, «Samarqand–Toshkent» yo‘nalishida yo‘lovchi tashish bilan shug‘ullanuvchi Shavkat B. ekani va biron-bir huquqni muhofaza qiluvchi organda xizmat qilmasligi aniqlanadi.

Ushlangan shaxs bilan o‘tkazilgan suhbat davomida, unga noma'lum ayol qo‘ng‘iroq qilib, Toshkent shahrida 10 million so‘m va 1 400 AQSh dollari miqdoridagi pullari borligini, faqat pulni olayotgan odamiga o‘zini IIO xodimi deb tanishtirishini iltimos qilganini va buning evaziga 200 ming so‘m pochta puli olishga kelishganini ma'lum qiladi.

Haydovchi Shavkat B. o‘z ixtiyori bilan tezkor tadbirni davom ettirishga rozilik bildiradi.

14 avgust kuni Samarqand shahrida tezkor tadbir davom ettirilib, firibgarlikda gumonlanuvchi ayol haydovchi Shavkatdan kelishilgan pullarni olayotgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan qo‘lga olinadi.

Firibgarlikda gumonlangan shaxs 2001 yilda tug‘ilgan, turmushga chiqmagan Samarqand shahrida yashovchi M.M. ekanligi aniqlangan.

O‘tkazilgan suhbat davomida, u Telegram'da faolligi va bir-biridan farq qiluvchi 8ta profildan foydalanishi, ularning 4tasi AQSh raqamlaridan ochilgani aniqlangan.

Hozirda holat yuzasidan fuqaro M.M.ga nisbatan Qibray tumani IIB TB tomonidan JKning 168-moddasi 2-qismi «a» bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.

Qo‘shimcha qilinishicha, holat yuzasidan voqea joylarida tushirilgan tezkor tasvirlar yaqin vaqt ichida video kontent tarzida namoyish etiladi.

Mavzu
Koronavirus O‘zbekistonda
15 mart kuni O‘zbekistonda koronavirusga chalingan ilk bemor aniqlandi.
Barchasi
Top