22:51 / 20.08.2020
4157
11 marta operatsiya qilingan fuqaroning murojaati nazoratga olindi – Senat

Jizzaxlik ayol 11-jarrohlik amaliyotidan keyin ahvoli og‘irlashgani, bunga shifokorlarning noto‘g‘ri operatsiyasi sabab bo‘lganini ta'kidlagan.

Karantin davrida fuqarolar Oliy Majlis Senatining virtual qabulxonasi hamda Senat Raisining ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalari orqali ham murojaat yo‘llamoqda, deya xabar bermoqda yuqori palataning axborot xizmati. Qayd etilishicha, Senat a'zolari hududlardagi real holat bilan tanishib, muammo va kamchiliklarni hal etishmoqda. 

«Yaqinda Jizzax viloyatida istiqomat qiluvchi fuqaro M.Shunk Oliy Majlis Senatiga ijtimoiy tarmoq orqali murojaat yo‘llab, 3 yil davomida davolanib kelayotgani, 11 marotaba jarrohlik amaliyotini o‘tkazgani va oxirgi 11-jarrohlik amaliyotidan keyin ahvoli og‘irlashib qolganligini qayd etgan. Shifokorlarning noto‘g‘ri jarrohlik amaliyoti tufayli bunday ahvolga tushib qolganini ta'kidlagan.

Kuni kecha Senatning Fan, ta'lim va sog‘liqni saqlash masalalari qo‘mitasi raisi Odiljon Iminov Jizzax viloyatida bo‘lib, ushbu murojaatni o‘rgandi. Fuqaro M.Shunkning holidan xabar olib, uning muammolarini bartaraf etish bo‘yicha tegishli mutasaddilarga ko‘rsatma berdi», deyiladi Senat xabarida.

Ta'kidlanishicha, murojaatchiga keyingi jarrohlik amaliyoti o‘tkazilishi va ijtimoiy qo‘llab-quvvatlanishida ko‘mak berilgan. Shuningdek, mazkur masala senator tomonidan nazoratga olingan.

Top