20:00 / 20.08.2020
9625

«Barsa» tarkibida yana niderlandlar ko‘payishi mumkin. So‘nggi transfer xabarlari

Tribuna.uz kunning asosiy transfer yangiliklarini taqdim etadi.

«Barselona»ning yangi bosh murabbiyi jamoaga olib keladigan ro‘yxatni niderlandiyalik futbolchilar bilan to‘ldirmoqda. «Ayaks» yarimhimoyachisi Donni van de Bek va «Lion» hujumchisi Memfis Depay Kataloniyaga kelishi mumkin. Shuningdek, «Everton» himoyachisi Maykl Kin ham Kumanning e'tiborida turibdi. Ushbu futbolchi o‘z vaqtida Angliyada Kuman qo‘l ostida ham to‘p surgandi.

Shuningdek, klubning yangi bosh murabbiyi «Liverpul»ning niderlandiyalik yarimhimoyachisi Jorjino Veynaldumni Kataloniyaga taklif etmoqchi. O‘z navbatida jamoadagi tozalash doirasida Luis Suares boshqa chempionatga yo‘l olishi mumkin. Unga «Yuventus» va «Ayaks»dan qiziqishlar mavjud.

«Byornli»ning sobiq yarimhimoyachisi Jyeff Hendrik «Nyukasl» safiga borib qo‘shiladi. 28 yoshli havbek yaqin vaqt ichida tibbiy ko‘rikdan o‘tadi va klub futbolchisi sifatida rasman tanishtiriladi. Bir oy oldin Jyeff «Byornli» tarkibini erkin agent sifatida tark etgandi. (Manba: Sky Spors)

«Torino» «Milan»ning chap qanot himoyachisi Rikardo Rodrigesni sotib olganini rasman e'lon qildi. Transfer turinliklarga 3 million yevroga tushdi. 27 yoshli futbolchi klub bilan 1 yillik shartnomaga imzo chekdi (Manba: klub sayti)

«Roma» Aleksey Miranchuk uchun «Atalanta» bilan raqobat qilishga tayyor. Rimliklar «Lokomotiv»ning bergamoliklar bilan muzokaralari boshi berk ko‘chaga kirib qolganidan foydalanib qolishmoqchi. Avvalroq, «temiryo‘lchilar» ushbu yarimhimoyachi uchun 15 million yevro olmoqchi ekanliklari haqida xabarlar tarqalgandi. «Atalanta» esa summani pasaytirish ilinjida. (Manba: RBK-Sport)

«Manchester Yunayted» «Bornmut» vingeri Devid Bruksni qo‘lga kiritish imkoniyatlarini qidirmoqda. U Jyeydon Sancho transferi amalga oshmay qolsa, zaxira varianti sifatida ko‘rilyapti. Ushbu uelslik 23 yoshli futbolchi futbolchi o‘tgan mavsumda 9 o‘yinda maydonga tushib, bir gol urgan. Qizig‘i, «MYu» safida xuddi shu pozitsiyasida yana bir uelslik futbolchi – Daniel Jyeyms ham to‘p suradi. (Manba: Sport Witness)

Tyago Silva yangi mavsumni «Chelsi» tarkibida boshlashi mumkin. Londonliklar 35 yoshli braziliyalik markaziy himoyachini erkin agent sifatida o‘z saflariga qo‘shib olmoqchi. Lekin bu masalaga YeChL finalidan so‘ng oydinlik kiritiladi. Silva shu kunlarda o‘z agentining ham nomerini bloklab qo‘yganini, butun diqqatini «Bavariya»ga qarshi kechadigan finalga qaratib, transfer masalasini keyingi qoldirganini aytgan. (Manba: The Telegraph)

«Milan» Serj Ore yuzasidan «Tottenhem» bilan kelishish harakatlarini davom ettirmoqda. Londonliklar 27 yoshli futbolchini 23 million funtdan arzonga bermoqchi emas, «Milan» esa, ushbu mablag‘ni yig‘ish uchun bir qator futbolchilarni sotishi kerak. Ma'lum bo‘lishicha, himoyachi «Milan»ga o‘tishga rozilik bergan. (Manba: Calciomercato)

«Roma» markaziy himoyachisi Federiko Fasioda keyingi mavsumni davom ettiradigan jamoa borasida ikki variant bor – «Vilyarreal» va «Benfika». Argentinalik 33 yoshli futbolchining «Roma» bilan shartnomasi kelasi yozda nihoyasiga yetadi, shuning uchun italiyaliklar uni sotib yuborishga qarshi bo‘lmasliklari ehtimoli yuqori. (Manba: Tuttomercatoweb)

«Yuventus» vingeri Federiko Bernardeskiga «Chelsi» va «Atletiko» qiziqish bildirmoqda. «Yuventus» rahbariyati asosiy tarkibga kira olmayotgan 26 yoshli futbolchini sotib yuborishga qarshi emas. O‘tgan mavsumda Federiko 29 o‘yinda qatnashdi, ammo asosan zaxira o‘rindig‘idan maydonga tushirildi. (Manba: Calciomercato)

«Napoli» «Legiya»ning chap qanot himoyachisi Mixal Karbovnik transferini yakunlashga yaqin turibdi. Italiyaliklar futbolchining transferini 7 million yevroga hal qildi va endi kichik detallar ustida ish olib borilmoqda. O‘tgan mavsumda futbolchi Polsha chempionatida 28 o‘yinda maydonga tushib, 7 golli pas uzatdi. (Manba: Weszlo)

«Yuventus» sport direktori Fabio Paratichi «Vulverhempton» bilan muzokaralarni yakunlash uchun Angliyaga uchib ketdi. Turinliklar hujumchi Raul Ximenes transferini imkon qadar tezroq hal qilish niyatida. 29 yoshli meksikalikning transfer summasi 50 million yevro atrofida baholanmoqda. (Manba: Tuttosport)

«Bavariya» va «Milan» safidagi o‘yinlari orqali tanish bo‘lgan yarimhimoyachi Xose Sosa faoliyatini «Fenerbahche» tarkibida davom ettiradi. 35 yoshli futbolchi bilan shartnoma shartlari kelishib olindi. U o‘tgan mavsumni ham Turkiyada, «Trabzonspor» tarkibida o‘tkazib, keyin erkin agent sifatida klubni tark etgandi. (Manba: Nicolo Schira)

«Manchester Siti» va «Zenit» klublarining sobiq yarimhimoyachisi Xavi Garsiya Portugaliyaning «Boavishta» klubi a'zosiga aylandi. 33 yoshli futbolchi ushbu klub bilan bir yillik shartnomaga imzo chekdi. Avvalroq, futbolchi «Betis» safini erkin agent sifatida tark etgandi. (Manba: klub sayti)

«Sheffild Yunayted» Aaron Remsdeylning transferini rasman e'lon qildi. «Bornmut» darvozaboni uchun klub 20,5 million funt to‘ladi. 22 yoshli Remsdeyl va «Sheffild» o‘rtasida 4 yillik shartnoma imzolandi. (Manba: klub sayti)

Bu yangilik ketidan yana bir qator transferlarga yo‘l ochadi. Ma'lumki, o‘tgan mavsumda jamoa darvozasini qo‘riqlagan Din Henderson mavsumning eng yaxshilaridan bo‘lgan va klub uni yana bir yil o‘z safida olib qolmoqchi bo‘lgandi. Remsdeylning kelishi, shuningdek, Hendersonning jamoa muxlislariga xayrlashuv maktubining yozishi uning endi «Sheffild»da qolmasligini anglatadi. Shuningdek, «Manchester Yunayted»da ikki variant qoladi – yo Henderson yana ijara shartnomasi asosida boshqa klubga o‘tadi yoki boshqa bir darvozabon Serxio Romero butunlay Manchesterni tark etadi.

Mavzuga oid
Top