18:14 / 20.08.2020
6355
Belarusda muxolifatning Koordinatsiya kengashi ustidan jinoyat ishi ochildi

Belarusda muxolifatning hukumatni almashtirish maqsadida Koordinatsiya kengashi tuzishi ortidan jinoyat ishi ochildi.

Belarus muxolifati/ Foto: Reuters

«Koordinatsiya kengashini tuzish va uning faoliyati davlat hokimiyatini egallashga, shuningdek, Belarus Respublikasnining milliy xavfsizligiga raxna solishga qaratilgan. Bu fakt yuzasidan Jinoyat kodeksining 361-moddasi bilan jinoyat ishi ochildi», - deb bosh prokuror Aleksandr Konyuk so‘zlarini keltirmoqda «Sputnik Belarus».

Jinoyat ishi Belarus tergov qo‘mitasi tomonidan Jinoyat Kodeksining 361-moddasi 3-qismi bilan ochilgan. 

Bu modda davlat hokimiyatini egallashga yoki Belarus Respublikasi konstitutsiyaviy tuzumini kuch bilan o‘zgartirishga ochiqdan-ochiq da'vat qilish, Belarus Respublikasi milliy xavfsizligiga raxna soluvchi harakatlarni sodir qilish maqsadida xorijiy davlat yoki tashkilotlarga murojaat qilish, shuningdek, ushbu harakatlarni OAV yoki internet tarmog‘i orqali amalga oshirish kabi jinoyatlarni sodir etganlarni 2 yildan 5 yil muddatgacha ozodlikdan mahrum etish jazosini ko‘zda tutadi.

Koordinatsiya kengashida jinoyat ishining ochilishi holatiga izoh berildi.

«Koordinatsiya kengashi a'zolari davlat hokimiyatini egallash yoki Konstitutsiyaviy tuzumni kuch bilan o‘zgartirish yoki davlatga xiyonat qilish yoki terrorchilik harakatini amalga oshirish yoki qo‘poruvchilik yoki Belarus Respublikasi milliy xavfsizligiga raxna soluvchi harakatlarni sodir qilishga qaratilgan chaqiriqlarni tarqatishmagan», - deyiladi Koordinatsiya kengashi rasmiy bayonotida.

Kengashning ta'kidlashicha, reglament va rezolyutsiyada tilga olingan maqsadlar qonuniy va Belarus Respublikasi Konstitutsiyasiga asoslangan.

17 avgust kuni prezidentlikka sobiq nomzod Svetlana Tixanovskayaning ishonchli vakili Olga Kovalkova Belarusda hokimiyatni tinch  yo‘l bilan almashtirish bo‘yicha Koordinatsiya kengashi tuzilganini e'lon qilgan edi.

30 nafar a'zodan iborat kengash tarkibiga Tixanovskayaning ishonchli vakillari – Kovalkovaning o‘zi va Nikolay Kozlov, Viktor Babariko shtabi koordinatori Mariya Kolesnikova, adabiyot bo‘yicha Nobel mukofoti laureati Svetlana Aleksiyevich, «Vesna» huquqni himoya qilish markazi raisi, huquqshunos Ales Belyatskiy, xalqaro mediator Liliya Vlasova, erkinlik uchun harakat rahbari va siyosatchi Yuriy Gubarevich, «Velikiy Kamen» parki ma'muriyati raisi Ales Duko, huquqshunos Maksim Znak, kinossenariyachi Andrey Kureychik, pedagog Yevgeniy Livyant, «A-100» kompaniyalari guruhi raisi Aleksandr Tsenter, rassom Vladimir Tsesler, BELBIZ kompaniyasi asoschisi Tatyana Marinich, iqtisodchi Sergey Chaliy va boshqalar kiritildi.

Tixanovskaya Koordinatsiya kengashi tuzilishi haqida: «Biz ko‘pchilik ekanimizni ko‘rsatdik. Bu mamlakat bizga, Belarus xalqiga tegishli, bir odamga emas», – degan edi.

Amaldagi prezident Aleksandr Lukashenko Koordinatsiya kengashi tuzilishini «davlat hokimiyatini egallashga urinish» deb baholadi.

Mavzu
Belarus-2020
2020 yilning 9 avgustida Belarusda prezidentlik saylovlari o‘tkaziladi. 26 yildan buyon mamlakatni boshqarayotgan Lukashenko bu safar ham nomzodini qo‘ygan.
Barchasi
Top