08:19 / 20.08.2020
2167
O‘zbekiston pandemiya vaqtida Rossiya bilan tovar aylanmasini 18 foizga oshira oldi
Foto: CC0 / Unsplash / Carlos Muza

O‘zbekiston pandemiya vaqtida Rossiya bilan tovar aylanmasini oshira olgan sanoqli davlatlardan biri bo‘ldi. 2020 yilning 1-yarmida ikki davlat o‘rtasidagi tovar aylanmasi 18 foizga, Rossiyaning O‘zbekistonga eksporti hajmi esa 24,5 foizga o‘sgan. Bu haqda Rossiya sanoat va savdo vazirligi matbuot xizmati ma'lum qildi. 

“2020 yilning 1-yarmida koronavirus pandemiyasiga qaramay, savdo-iqtisodiy hamkorlik dinamikasi ijobiy natija ko‘rsatdi. 2020 yilning yanvar oyidan iyun oyigacha bo‘lgan davrda ikki tomonlama tovar aylanmasi deyarli 18 foizga, Rossiyaning O‘zbekistonga eksporti hajmi esa 24,5 foizga o‘sgan”, deyilgan xabarda.

Shuningdek, 19 avgustda O‘zbekiston va Rossiya savdo-iqtisodiy hamkorlik va sanoat kooperatsiyasi haqida memorandum imzolagan. Ushbu hujjat ikki tomonlama uchrashuvlarni tashkillashtirishda ko‘mak berish, qo‘shma ishlab chiqarishlarni yaratish, sanoat va savdo sohalarida o‘zaro manfaatli investitsiyalar uchun qulay sharoitlarni shakllantirishni nazarda tutadi. 

“Memorandumni amalga oshirish uchun maxsus ishchi guruh – loyiha ofisini tuzamiz. Uning ishiga Rossiya va O‘zbekistonning sanoat va savdo sohasida faoliyat olib boruvchi tashkilotlari, korxonalari va birlashmalari vakillari jalb qilinadi”, deb ta'kidlab o‘tgan Rossiya sanoat va savdo vaziri Denis Manturov.

Ikki davlat o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy hamkorlikning ustuvor yo‘nalishlari sifatida qishloq xo‘jaligi, oziq-ovqat sanoati va yo‘l-qurilish mashinasozligi, farmatsevtika, raqamli texnologiyalar va riteyl belgilab olingan.

Top