19:01 / 20.08.2020
26288

Shavkat Mirziyoyev: Pandemiya Mustaqillik kunida katta yig‘in va sayillar o‘tkazishni cheklashni talab qilmoqda

Prezident Shavkat Mirziyoyev 20 avgust kuni tadbirkorlikni rivojlantirish masalalari bo‘yicha videoselektor yig‘ilishi avvalida pandemiyani jilovlash masalasiga to‘xtalib, Mustaqillik bayramini bunday sharoitda nishonlash yuzasidan ko‘rsatmalar berdi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar qildi.

Qayd etilishicha, bugunga kelib mamlakatda jami koronavirus yuqtirganlar soni 37,5 mingdan oshdi, shundan 33 mingdan ziyodi yoki 88 foizi sog‘aydi. 4 ming bemorni davolash choralari ko‘rilmoqda.

Prezident Shavkat Mirziyoyev bunday natijalar tibbiyot xodimlarining buyuk xizmati ekanini alohida aytib o‘tdi. Vaziyat ayniqsa Toshkent shahrida ijobiy tomonga o‘zgarayotgani, yaqinda Rossiya, Germaniya va Xitoydan taklif etilgan shifokorlar hududlar o‘rtasida taqsimlangani, Germaniyadan yana mutaxassislar kelishi kutilayotgani qayd etildi.

«Xorijlik ekspertlar asosan og‘ir ahvoldagi kasallarni eng zamonaviy uslublar asosida, tizimli ravishda davolashga jalb etilmoqda», – dedi prezident.

Davlat rahbarining ta'kidlashicha, ayni haftalar sinovli davr bo‘ladi: ko‘rilayotgan choralar qanchalik natija berishi keyingi haftada ayon bo‘ladi.

«Lekin aholi tomonidan shifokorlar tavsiyalariga, ya'ni niqob taqish, ijtimoiy masofani saqlash, oilaviy marosimlarni ixchamlash kabi qat'iy ehtiyot choralariga rioya qilinmas ekan, davlat karantin cheklovlarini qaytadan tatbiq qilishga majbur bo‘lishi qayd etildi», – deyiladi rasmiy xabarda.

Shu munosabat bilan, pandemiya sharoitida yashash va ishlashga, turmushda epidemiologik talablarga so‘zsiz amal qilishga barcha odatlanishi kerakligi yana bir bor tayinlandi. Hokimlar, sektor rahbarlari va vazirlarga doimiy ravishda vaziyatni tahlil qilib, COVID-19 tarqalishini qat'iy cheklash, bemorlarni samarali davolash va ehtiyojmandlarga yordam berish bo‘yicha barcha choralarni ko‘rib borish topshirig‘i berildi.

O‘zbekiston mustaqilligining 29 yillik ayyomi ham yaqinlashib kelyapti. Bu masalada shifokorlar bilan maslahat qilgan holda shunday xulosaga kelindiki, pandemiya bilan bog‘liq vaziyat bu yil joylarda katta yig‘in va sayillar o‘tkazishni cheklash talabini qo‘ymoqda. Shuning uchun ushbu ulug‘ sanani ko‘proq oila davrasida nishonlashni tashkil etish masalalari muhokama qilindi.

Korxona va tashkilotlarda ham bayram tadbirlari rejalashtirilgan taqdirda ularni sanitariya normalariga qat'iy rioya etgan holda o‘tkazish maqsadga muvofiqligi ko‘rsatib o‘tildi.

Ommaviy axborot vositalari va internet tarmog‘ida bayram kunlari qiziqarli, yangi formatdagi ko‘rsatuvlar, eshittirish va chiqishlar namoyish etish borasida tavsiyalar berildi.

Top