07:50 / 20.08.2020
35192
To‘rtko‘lda ichki ishlar bo‘limida komaga tushib, vafot etgan fuqaro yuzasidan rasmiy ma'lumot berildi 

Mazkur holat bo‘yicha tuman prokuraturasi tomonidan surishtiruv ishlari olib borilmoqda.

Ijtimoiy tarmoqlarda To‘rtko‘l tumanida ichki ishlar bo‘limida komaga tushib, vafot etgan fuqaro haqida xabarlar tarqaldi. Qoraqalpog‘iston Respublikasi IIV axborot xizmati holat bo‘yicha izoh berdi.

Qayd etilishicha, joriy yilning 26 iyul kuni soat taxminan 16:30larda To‘rtko‘l tumani IIB navbatchilik qismiga To‘rtko‘l tumani “Yangiobod” mahalla fuqarolar yig‘inidagi xonadonlar birida janjal bo‘layotgan haqida xabar berilgan.

Kelib tushgan xabarga ko‘ra, hududiy profilaktika inspektori leytenant M.Jumaniyazov, sherigi profilaktika inspektori leytenant M.Jabbarbergenov bilan birga voqea joyiga yetib borishgan. 

Shu yerda yashovchi fuqaro S.I. mast holda oila tinchligini buzayotganligi, badanida tan jarohatlari borligi aniqlanib, bemorga tez tibbiy yordam ko‘rsatish maqsadida tuman tibbiyot birlashmasiga olib borilgan va mutaxassislar tomonidan tibbiy ko‘rikdan o‘tkazilgan. Birlamchi tashxisga ko‘ra, fuqaro S.I. mastlik holatida ekanligi, ikkala oyog‘ining pastki qismida tirnalgan, yuz qismida shilingan jarohatlari mavjudligi qayd etilgan. 

Shundan so‘ng, holatni rasmiylashtirish maqsadida S.I. profilaktika inspektorining xizmat xonasiga olib kelinib, tegishli hujjatlar rasmiylashtirilayotgan vaqtda, fuqaro tobi qochganligini ma'lum qilgan. Chaqirtirilgan tez tibbiy yordam xodimlari fuqaroning qon bosimi yuqori bo‘lganligi sababli, uning turmush o‘rtog‘i Ch.X.ning kuzatuvi ostida tibbiy muolaja ko‘rsatish uchun tuman tibbiyot birlashmasiga olib ketishgan. 

Tibbiyot birlashmasi xodimlari tomonidan fuqaro S.I. tibbiy ko‘rikdan o‘tkazilib, shu kuni soat taxminan 18:30larda uyiga javob berilgan.
Ertasi kuni, ya'ni 27 iyul kuni ertalab fuqaro S.I. hushiga kelmaganligi sababli uning oila a'zolari tomonidan tuman tibbiyot birlashmasiga olib borilgan va holat haqida tuman ichki ishlar bo‘limiga xabar berilgan.

2020 yilning 11 avgust kuni fuqaro S.I. tuman tibbiyot birlashmasi jonlantirish bo‘limida tegishli muolajalarga qaramay koma holatidan o‘ziga kelmasdan vafot etgan.

Hozirda mazkur holat bo‘yicha To‘rtko‘l tumani prokuraturasi tomonidan surishtiruv ishlari olib borilmoqda.

“Shu o‘rinda ijtimoiy tarmoq yurituvchi va foydalanuvchilaridan barcha kelib tushayotgan ma'lumotlarni haqqoniyligini tekshirib, so‘ng jamoatchilikka yetkazishingizni, yolg‘on ma'lumotlarni tarqatmasliklarini so‘rab qolamiz”, - deyiladi izohda.

Top