22:27 / 20.08.2020
19800
«Yangi tizimga o‘tilgach, pul to‘lagan odamning uyida elektr uzilishi bo‘lmaydi» - Ulug‘bek Mustafoyev

20 avgust kuni Toshkentda «Hududiy elektr tarmoqlari» AJ tomonidan elektr energiyasini hisobga olishni avtomatlashtirish markazi foydalanishga topshirilishiga bag‘ishlangan tadbir tashkil etildi.

Tadbir doirasida «Hududiy elektr tarmoqlari» AJ boshqaruvi raisi Ulug‘bek Mustafoyev jurnalistlarga intervyu berdi.

«O‘zbekistonda yangilik emas, qish paytida odamlar pul to‘lagan bo‘lsa ham, to‘lamagan bo‘lsa ham, elektr ko‘p o‘chiriladi. Bu tizimga o‘tganimizdan keyin pul to‘lagan odamning uyida hech qanday elektr uzilishi bo‘lmaydi.

Xuddi cho‘ntagingizdagi telefon singari: aloqa kompaniyasiga mablag‘ bergan bo‘lsangiz, telefon ishlaydi, puli tugadi – o‘chadi. Bu tizim joriy etilganidan keyin «to‘la, ol» bo‘ladi.

Qarzdorga elektr energiya berilmaydi. Qancha pul to‘lasingiz, o‘shanga yarasha iste'mol qilasiz. Debitor qarzdorlik o‘z-o‘zidan yo‘qoladi.

Janubiy Koreya – kiberxavfsizlik bo‘yicha dunyoda yetakchi. Biz hamkorlik uchun tender asosida shu mamlakatni tanladik», – deya Ulug‘bek Mustafoyevning so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.

Markaz «Hududiy elektr tarmoqlari» AJ, Koreyaning «KT Corporation» kompaniyasi va Osiyo taraqqiyot banki hamkorligida barpo etildi.

Tizimni joriy etish uchun OTBdan 200 mln dollar miqdorida kredit olinmoqda. Ulug‘bek Mustafoyev qarzni qaytarish haqida ham gapirdi.

«Elektron hisoblagichlarimiz aholiga ham, yuridik shaxslarga ham tekinga o‘rnatib berilyapti, birovdan bir so‘m pul olganimiz yo‘q. Qarz yo‘qotishlarni tartibga solish va undirilmagan debitor qarzdorliklar hisobidan qaytariladi», – dedi «Hududiy elektr tarmoqlari» AJ raisi.

«Hududiy elektr tarmoqlari» AJ boshqaruvi rahbari Ulug‘bek Mustafoyev

Uning qo‘shimcha qilishicha, kompaniyaning ayni paytdagi qarzdorligi 3,5 trillion so‘mni tashkil etadi.

Ma'lum qilinishicha, bugungi kunda respublikada 7,4 mln abonent elektr energiyasidan foydalanadi. Hozir 3,6 mln xonadonga zamonaviy elektron hisoblagichlar o‘rnatib berildi. Ularning 1,9 mln.tasi billing tizimiga ulangan. Markazning dasturiy ta'minoti esa 8 mln. iste'molchini qamrash imkoniyatiga ega.

Markaz filiali rahbari Davrbek Imomov «bunday markazlar sanoqli davlatlarda bor»ligini aytdi.

«Bunday markazlar dunyoda sanoqli davlatlarda bor. U ishlab chiqarishdan tortib iste'molchigacha bo‘lgan hudud balansini to‘liq qamrab oladi. Ya'ni markazning monitorlar joylashgan maxsus xonalaridan turib respublikadagi istalgan xonadondagi elektrdan foydalanishdagi noqonuniy holatlarni masofadan turib kuzatish imkoniyatiga egamiz.

Sohamizdagi jiddiy muammo – debitor qarzdorlik. O‘z vaqtida undirilmagan mablag‘ sabab ta'minot masalasi oqsab qolgan. Ushbu markaz mazkur maummalarga yechim topishda muhim ahamiyatga ega», – deydi Davrbek Imomov.

Davrbek Imomov

Tadbirda aytilishicha, 2021 yilning yozida butun respublika aholisini elektr energiyasini hisobga olishni avtomatlashtirish tizimiga o‘tkazish rejalangan.

Top