07:53 / 21.08.2020
2759
«Dehqonobod kaliy zavodi» atrof-muhitga keltirgan zarari uchun qo‘shimcha 855 mln so‘m kompensatsiya to‘laydigan bo‘ldi

Zavod 2018 yilda 10 million 107 ming so‘m, 2019 yilda 6 million 962 ming so‘m, 2020 yilning o‘tgan davri uchun esa 2 million 698 ming so‘m kompensatsiya to‘lagan. 

Foto: Dehqonobod tumani hokimligi

Dehqonobod kaliy zavodi 2018—2020-yillardagi faoliyati davomida atrof-muhitga keltirgan zarari uchun qo‘shimcha 855 million 500 ming so‘m kompensatsiya to‘laydigan bo‘ldi. 

Qashqadaryo viloyatining Dehqonobod tumani hokimligi axborot xizmati xabariga ko‘ra, bu haqda tuman ekologiya inspeksiyasi boshlig‘i O‘ktam Jo‘lliyev ma'lum qildi.
 
Ta'kidlanishicha, prezident huzuridagi tadbirkorlik sub'yektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha vakilning 2020-yil 4 iyundagi “Dehqonobod kaliy zavodi” AJda tekshirish o‘tkazish to‘g‘risidagi qarori qabul qilingan. Shunga ko‘ra, Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi raisining 2020-yil 12-iyun kuni “Dehqonobod kaliy zavodi” AJda tabiatni muhofaza qilish va tabiiy resurslardan oqilona foydalanishga oid qonun va qonunosti hujjatlari talablari ijrosi ta'minlanishi yuzasidan tekshiruv o‘tkazish haqida buyruq chiqarilgan. 

Ma'lum qilinishicha, tekshiruv 7 kun davom etgan bo‘lib, 2020 yilning19-25 iyun kunlari o‘tkazilgan. 

Dehqonobod tuman ekologiya va atrof muhitni muhofaza qilish sohasidagi nazorat bo‘yicha inspeksiya boshlig‘i O‘ktam Jo‘lliyevning ma'lumot berishicha, zavod 2018 yilda 10 million 107 ming so‘m, 2019 yilda 6 million 962 ming so‘m, 2020 yilning o‘tgan davri uchun esa 2 million 698 ming so‘m kompensatsiya to‘lagan. 

“Endilikda jamiyat shu to‘lovlarga qo‘shimcha yana 855 million 500 ming so‘m kompensatsiya to‘laydi”, — deydi O‘ktam Jo‘lliyev.

2010 yil avgust oyida faoliyatini boshlagan “Dehqonobod kaliy zavodi” o‘tgan o‘n yillik faoliyati davomida 30 dan ortiq xorijiy mamlakatga 300 million dollarlik kaliy o‘g‘itini eksport qilgan.

Top