16:37 / 21.08.2020
11956
Navoiydagi 60 kvartirali turarjoy mojarosi: aholi hamon sarson, muammoga yechim topilmagan

Kun.uz saytida Navoiy shahridagi «tuya go‘shtini yegan» bu turar joy binosi haqida roppa-rosa 2 yil oldin ham reportaj qilingan edi. Qarangki, ushbu turar joy binosidan 60ta xonadon xarid qilgan aholi o‘zini qiynab kelayotgan muammodan hali ham xalos bo‘lmabdi.

Ikki yil avvalgi reportajda aholidan po‘l to‘plab evaziga turar joy binosini qurayotgan «Navoiy quruvchi yoshlari» MChJ (rahbari — Feruz To‘xtayev) bankdan kredit olgani, evaziga shu turar joy binosining poydevor qismini hujjatlashtirib garovga qo‘ygani, kredit o‘z vaqtida so‘ndirilmagani uchun qurilayotgan turar joy binosi auksionga chiqarib sotib yuborilgani, uyni auksionda xarid qilgan yangi tadbirkor esa uy uchun pul to‘laganlarga rad javobini bergani hikoya qilingandi.

Asosan kam ta'minlangan oilalar tomonidan xarid qilingan bir va ikki xonali kvartiralardan iborat uy ikki yil ichida amal-taqal qilib bitkazilgan. Biroq hamon kvartiralar xarid qilganlarga hujjatlashtirib berilmagan. Boz ustiga, MChJning qarzdorligi evaziga vaqti-vaqti bilan MIB odamlarni bezovta qilib turibdi.

MIB Navoiy viloyat boshqarmasi mutasaddilari bilan gaplashganimizda, uyni avvalgi safar 830 million so‘m evaziga auksiondan xarid qilgan yangi tadbirkorning arzi asosida yangi ish ochilgani, shuningdek, «Navoiy quruvchi yoshlari» MChJning soliq majburiyatlari bo‘yicha ham 2 milliard so‘mdan ortiq qarzdorligi vujudga kelgani, bu borada iqtisodiy sudning hal qiluv qarori borligini bildirib o‘tishdi. Undirish uchun MChJning balansida mana shu uydan bo‘lak hech qanday mulki yoki mablag‘i yo‘q ekan.

Ushbu uyga hanuz raqam berilmagan. Qo‘l uchida qilingan tashqi bezak ishlari 1 yilga bormasdan nuray boshlagan. Uy atrofi obodonlashtirilmasdan tuproqqa botib yotibdi. Holbuki, shu atrofida qurilgan boshqa turar joy binolariga tutash hududlar allaqachon obodonlashtirilgan.

Shu uyga yeta olmasdan siqilib dunyoni tark etgan odamlar ham bor ekan. Ayrim oilalar esa ushbu mojaro tufayli parokanda ham bo‘lgan.

Uy xarid qilganlarning ayrimlari esa yashashga boshqa joyi bo‘lmaganidan chala yarim kvartirani bir iloj qilib ta'mirlab, yashab kelishmoqda. Hozirda bunday oilalar soni 20dan ortiq.

Mutasaddi tashkilotlar tadbirkorning bitta mana shu mulkiga yopishib olishayotgani aholida e'tirozlar keltirib chiqarmoqda. Chunki ular garchi hali egalik huquqini qo‘lga kiritmagan bo‘lsa ham, uy uchun kelishuv shartnomasi imzolab, bank orqali pul to‘lab kelishgan. Ular uyni o‘ziniki deb bilishadi.

Biz «Navoiy quruvchi yoshlari» MChJ rahbari Feruz To‘xtayev bilan suhbatlashganimizda, u soliq idorasi oldidagi jarima va soliq majburiyatlarini to‘lay olmasligini aytib o‘tdi. «Navoiy quruvchi yoshlari» MChJni bankrot deb topish to‘g‘risida iqtisodiy sud qarori ham bor ekan. Uning aytishicha, soxta bankrotlik masalasi Navoiy shahar prokuraturasi tomonidan o‘rganib chiqilib, korxona soxta bankrot etilmagani haqida xulosa berilgan.

Quruvchi turar joy binosi hali to‘liq kadastr qilinib rasmiylashtirilmagani, binobarin bino hozircha o‘ziga tegishli MChJ balansida emasligi, davlat idoralari aholiga uylarni rasmiylashtirib berishda yordam qo‘lini cho‘zishi kerakligini aytib o‘tdi. Imkoniyat berilsa, hali faoliyat ko‘rsatib, ishlab, davlat oldidagi qarzlarini to‘lab berishga ham tayyorligini bildirdi.

Keling, voqealar xronologiyasini hamda muammolar qanday paydo bo‘lganini yana bir bor esga olamiz.

1. MChJ 2016 yili aholidan pul yig‘ib (evaziga odamlar bilan kelishuv bitimi tuziladi va notarius orqali imzolangan kafolat xati beriladi), o‘sha pullar va bank krediti hisobiga bir va ikki xonali kvartiralardan iborat turar joy barpo etishga kirishadi. Turar joy binosining poydevor qismi bitganda uni garovga qo‘yib, «Xalq banki»dan kredit oladi.

2. Kredit o‘z vaqtida so‘ndirilmagani uchun bu vaqtga kelib to‘rtinchi qavati tiklanayotgan turar joy binosi auksion orqali sotiladi. Binoni buxorolik tadbirkorlar sotib olishadi, bino qurilishiga ular ham hissa qo‘shishadi, biroq uylar uchun to‘lov qilgan aholi vakillariga rad javobi berib, haydab solishadi.

3. Orada sudlashuvlar bo‘lib o‘tadi va auksion bekor qilinadi. Endi MChJ rahbari F.To‘xtayev va MChJ faoliyati o‘rganilib, 2 milliard so‘m atrofidagi moliyaviy jarimalar va to‘lovlar undirilishi belgilanadi. Undiruv uchun MChJ balansida boshqa mul yoki mablag‘ yo‘q. Ayni paytda yana uy auksionga chiqarilishi kerak bo‘lib turibdi.

4. Boz ustiga avvalgi marta uyni auksiondan xarid qilgan buxorolik tadbirkorlar ham jim qarab o‘tirishgani yo‘q. Ular ham uyga xarajat qilishgan va xarajatlari qoplanishini istab sudga murojaat qilishgan.

Muxtasar qilib aytganda, paydo bo‘lgan vaziyatning bor bo‘y-basti mana shu. Nima qilish kerak, deb o‘ylaysiz? Navoiyda allaqachon dovrug‘ qozongan ushbu 60 kvartirali uy egalari va hattoki quruvchisi ham mahalliy hokimiyatdan najot kutishmoqda.

Ularni o‘z holiga tashlab qo‘yib bo‘lmaydi. Hokimiyat va prokuratura organlari kelishgan holda, ushbu mojaroga chek qo‘yish, muammoga yechim topish, da'vogar tomonlarni murosaga keltirish uchun aholi manfaatlarini ko‘zlab sudga da'vo arizasi kiritishi, kelishuv shartnomasi bo‘yicha pul to‘lagan xaridorlarga xonadonlari hujjatlashtirib berilishi kerak. Masalani hal qilishning bundan boshqa oqilona yo‘li yo‘q.

Xullas, bu ish bilan rasmiylar jiddiyroq shug‘ullanishmasa, shundoq ham qiyin sharoit va vaziyatda kun kechirayotgan oddiy xalqqa jabr bo‘lishi mumkin.

Shuhrat Shokirjonov, Kun.uz maxsus muxbiri.
Jahongir Aliboyev, tasvirchi.

Mavzu
Kun.uz surishtiruvi
Kun.uz xalq murojaatlari asosida joylarda bo‘lib, muammolarni o‘rganmoqda va xolisona yoritmoqda.
Barchasi
Top