21:47 / 21.08.2020
4175

O‘zbekistonda navigatsiya xaritalari, kosmik suratlar, dronlardan olingan ma'lumotlarga qonuniy tus berilmoqda

Oliy Majlis Qonunchilik palatasining 21 avgust kuni bo‘lib o‘tgan majlisida «Fazoviy ma'lumotlar milliy infratuzilmasi to‘g‘risida»gi qonun loyihasi deputatlar tomonidan birinchi o‘qishda ko‘rib chiqildi.

Parlament saytida bugun iqtisodiyotning barcha sohalarida raqamlashtirish va innovatsion axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan foydalangan holda geografik axborot tizimlari va veb-portallar shakllantirilmoqda hamda ular yordamida aholiga va tadbirkorlik sub'yektlariga davlat xizmatlari va boshqa turdagi xizmatlar ko‘rsatilayotgani, xususan, navigatsiya xaritalari, geoportallar, internet veb-servislarning ma'lumotlar bazasi fazoviy ma'lumotlardan tashkil topgani ta'kidlanadi. Bunda kosmik suratlar, dronlardan olingan ma'lumotlar, xaritalarda ko‘rsatilgan yer, bino-inshoot, yo‘llar, daryolar, quvurlar va ular to‘g‘risidagi qo‘shimcha ma'lumotlar fazoviy ma'lumotlarning tarkibiy qismi hisoblanadi.

Quyi palatada birinchi o‘qishda ko‘rib chiqilgan «Fazoviy ma'lumotlar milliy infratuzilmasi to‘g‘risida»gi Yer resurslari, geodeziya, kartografiya va davlat kadastri davlat qo‘mitasi raisi Xalilillo To‘raxo‘jayev konseptual asoslab bergan hamda deputatlar oldida himoya qilgan.

Uning tushuntirishicha, loyiha fazoviy ma'lumotlarni yaratish va ulardan foydalanish, Fazoviy ma'lumotlar milliy infratuzilmasini yaratish, qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish sohasida munosabatlarni tartibga solishning huquqiy asoslarini shakllantirish, shuningdek, fazoviy ma'lumotlarni yaratish va ulardan foydalanish sohasida qonunchilikni tartibga solish va tizimlashtirish hamda O‘zbekiston Respublikasi Fazoviy ma'lumotlar milliy infrastrukturasini qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish maqsadida ishlab chiqilgan.

Qonun loyihasi fazoviy ma'lumotlarni yaratish va foydalanish hamda Fazoviy ma'lumotlar milliy infrastuzilmasini yaratish, qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish sohalarida munosabatlarni tartibga solishni nazarda tutadi. Muhokamalardan so‘ng qonun loyihasi birinchi o‘qishda qabul qilingan.

Davergeodezkadastr qo‘mitasi axborot xizmatining xabar berishicha, qonun loyihasi 5 ta bob va 30 ta moddadan iborat bo‘lib, uni tayyorlashda chet el davlatlarining, jumladan Rossiya Federatsiyasi, Yevropa ittifoqi mamlakatlari, Ukraina, Belarus va Koreya Respublikalari, Buyuk Britaniya, Kanada va AQSh qonuniyat tajribalari o‘rganilgan.

Eslatib o‘tamiz, Bo‘stonliq tumani bo‘yicha o‘zboshimchalik bilan qurilgani aytilayotan «dacha»larning kadastr hujjatlari, tuman hokimining yer ajratish to‘g‘risidagi qarori qalbaki ekanini mas'ullar Google Earth geografik axborot tizimining onlayn xaritasi orqali ham isbotlashga harakat qilgan, biroq ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilari holatni aniqlashtirish uchun Google Earth’ning onlayn xaritasi ma'lumotlaridan foydalanish qanchalik qonunga muvofiq ekanini so‘roq ostiga olishgandi. Aftidan «Fazoviy ma'lumotlar milliy infratuzilmasi to‘g‘risida»gi qonun loyihasi ana shu e'tirozlarga javoban ishlab chiqilgan ko‘rinadi.

Top