17:34 / 21.08.2020
4655
Surunkali kasalliklari bor bemorlarni emlashda ehtiyot bo‘lish kerak - shtab a'zosi

Koronavirusga qarshi kurashish shtabi a'zosi Sevara Ubaydullayeva AOKAda bo‘lib o‘tgan brifingda nafas qisishi, yo‘tal va yengil terlash koronavirus belgisi bo‘lishi ehtimoli haqidagi savolga javob berdi.

«Bugungi kunga kelib dunyo olimlari koronavirus infeksiyasi bilan kasallanganda simptomlar va ularning bosqichlari, ya'ni simptomlar ketma-ketligini tasdiqlashdi. Ushbu ro‘yxatga ko‘ra, koronavirus infeksiyasi tana harorati ko‘tarilishi, yo‘tal va nafas qisishi, holsizlik va darmonsizlik, shuningdek, mushak va bo‘g‘imlardagi og‘riq bilan namoyon bo‘ladi, ba'zi odamlar hid va ta'm bilish hissini yo‘qotishadi.

Shuningdek, kasallikning davomiyligi simptomsiz, yengil, o‘rta, og‘ir va juda og‘ir kechishiga bog‘liq. Koronavirus bir oy davomida o‘rta va og‘ir darajadagi bemorlarda davom etishi mumkin, lekin bunda yuqori harorat, yo‘tal va nafas qisilishi belgilari bo‘ladi», dedi u.

Brifingda ishlab chiqilayotgan vaksinalar juda ko‘p nojo‘ya ta'sirga ega va surunkali kasalligi bo‘lgan bemorlarga mumkin emasligi mazmunidagi savolga ham javob berildi.

«Rossiya Federatsiyasi tomonidan ishlab chiqilgan vaksinaning tarkibi va qo‘llash tartibi ochiq e'lon qilingan. Undagi ma'lumotlarga ko‘ra, vaksinatsiyaga bo‘lgan qarshiliklar boshqa vaksinatsiyalarga bo‘lgan qarshiliklarga o‘xshash. Ya'ni kasalliklarga qarshi emlash nafaqat o‘tkir shamollashlar va boshqa kasalliklar ham avj olgan davrida, balki vaksinaning tarkibidagi ma'lum bir vositasiga nisbatan allergik reaksiya bo‘lsa ham, emlash o‘tkazilmasligi belgilangan.

Lekin yuqorida keltirilgan kasalliklarni o‘tkir davri yoki avj olgan davri o‘tganidan so‘ng emlash tavsiya etiladi. Shu bilan birga, vaksinatsiyadan so‘ng kelib chiqishi mumkin bo‘lgan vaqtinchalik nojo‘ya ta'sirlar mavjud bo‘lib, ular yengil o‘tishi mumkin deb belgilangan.

Surunkali kasalliklarga to‘xtaladigan bo‘lsak, vaksina — kuchsizlantirilgan virus bo‘lgani bois, surunkali kasalliklari bor bemorlarda ehtiyotkorlik bilan emlash kerakligi belgilangan. Ya'ni, agarda emlanayotgan shaxslarda surunkali kasalliklari bo‘lsa, ular shifokor nazoratida bo‘lishlari talab etiladi», shtab a'zosi.

Top