15:31 / 21.08.2020
20175

Talaba yigit og‘ir dardga chalindi – yordam zarur

“Talabalik oltin davr” – deyiladi. Lekin oldin davrning chiroyli onlari o‘rniga umrni og‘ir dard bilan kurashib o‘tkazish har qanday irodali odamni ham cho‘ktirib qo‘yadi. Navbatdagi xayriya aksiyasi qahramoni ana shunday sinovga duch kelgan.

– O‘g‘lim Komiljon Tojiboyev O‘zbekiston Milliy Universiteti 2-kurs talabasi. Endigina 20 yoshga kirgan o‘g‘limga “Tizimli gemorragik vaskulit, buyrak va terini zararlashi bilan kechishi, ikkilamchi glomerulonefrit” tashxisi qo‘yilgan, – so‘z boshladi bemorning otasi, bo‘kalik Fayzulla Ahmedov.

2018 yilda shu kasallik aniqlandi va juda shiddat bilan rivojlanib ketdi. Turli shifoxonalarda, asosan Toshkent tibbiyot akademiyasi klinikasida davolandik. Bu kasallik ichki a'zolarni yemirish bilan kecharkan. Jigar, qondagi o‘zgarishlardan tashqari eng og‘ir yuk buyrakka tushdi va o‘g‘lim deyarli bir yildirki gemodializ muolajasisiz yasholmaydigan bo‘lib qoldi. Buyrakni almashtirish uchun Akademik Vohidov nomli klinika, Nefrologiya markaziga va qator xususiy shifoxonalarga murojaat qildik.

Ammo ahvoli og‘irligi sabab bizdagi hech bir shifoxona bu operatsiyani amalga oshira olmadi. Majburlikdan Hindiston va Turkiyadagi yetakchi klinikalar bilan bog‘landik va operatsiya haqida kelishdik. Ammo oilamiz o‘rtahol, zarur mablag‘ni topa olmaymiz.

Majburiyat tufayli o‘g‘lim akademik ta'til oldi. Shifoxonada yotganida, do‘stlari ko‘rishga kelganida o‘g‘limning ko‘zlarida quvonch bilan birga kuchli mungni ham ko‘raman va hech qayerga sig‘may ketaman...

Hech kimning bolasi kasal bo‘lmasin ekan. Zarur bo‘lsa, farzandim uchun nafaqat buyragimni, balki jonimni ham berishga tayyorman. Saxovatli yurtdoshlar – iltimos, o‘g‘limga yordam bering. Bolam sog‘ayib ketsa, butun oilamiz bilan mana shu duogo‘y xalqimizga xizmat qilib o‘tamiz, – deydi ko‘zida yosh bilan ota.

 Komiljon Tojiboyevga oid ma'lumotlar:

 O‘zkard: 8600 1309 4793 6177 (Asakabank, o‘z nomida)

8600 0609 5742 4998 (Xalq banki, onasi Mastura Ahmedova nomida)

Viza: 4097 8201 2020 1287 (otasi Fayzulla Ahmedov nomida)

Sberbank: 4276300019677338 (Ivan Baklanov nomida)

Erkak yig‘lamasin. Ayniqsa bolam deb bo‘zlamasin. Fayzulla Ahmedov o‘g‘lini elga qo‘shgan chog‘ida shunday sinovga duch kelib turibdi. Imkoni borlar ataganlari bilan, yo‘qlar duolarida Komiljondan yordamlarini ayamasinlar.

 Abror Zohidov.

Mavzu
Xayriya aksiyasi
KUN.UZ sayti yordamga muhtoj insonlarga ko‘mak berish niyati bilan qator xayriya aksiyalarini tashkil etib kelmoqda.
Barchasi
Mavzuga oid
Top