10:55 / 22.08.2020
1428
Gidroenergetika sohasida xalqaro hamkorlik: Fransiya bilan 55.8 mln yevrolik kelishuv imzolandi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining «O‘zbekiston Respublikasi va Fransiya Respublikasi o‘rtasidagi ikki tomonlama hamkorlikni yanada kengaytirish va mustahkamlash chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi 2018 yil 28 noyabrdagi 4037-son Qarori doirasida O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi va Fransiya taraqqiyot agentligi o‘rtasida Andijon viloyatida Paytoq kichik GESi, Janubiy Farg‘ona kanali 1A – kichik GESi va 2A – kichik GESi qurilishi hamda Chorvoq GESining faoliyati xavfsizligini oshirish loyihalarini moliyalashtirish uchun 20 yil muddatga 55,8 mln yevrolik kredit ajratilishi bo‘yicha zayom kelishuvi imzolandi.

Keyingi bosqichda ushbu kredit mablag‘lari loyihalar doirasida Fransiya taraqqiyot agentligi protseduralariga muvofiq, tender savdolari asosida zamonaviy texnologik uskunalar xaridiga va qurilish ishlariga yo‘naltiriladi.

Umumiy qiymati 52,5 mln yevroga teng Paytoq kichik GESi, Janubiy Farg‘ona kanali 1A – kichik GESi va 2A – kichik GESi qurilishi uchun kreditning 46,5 mln yevroga teng qismidan foydalaniladi.

Ushbu loyihalarning texnik-iqtisodiy asosnomasi Fransiya taraqqiyot agentligi buyurtmasiga muvofiq «ISL», «IED», «R-plus» konsultantlar konsorsiumi tomonidan ishlab chiqilgan. Investitsiya loyihalari doirasida 11,1 mln yevrolik qurilish-montaj ishlari amalga oshirilishi hamda 26,9 mln yevrolik texnologik uskunalar keltirilishi rejalashtirilgan.

Ushbu yangi kichik GESlarni 2023 yilda foydalanishga topshirish ko‘zda tutilmoqda.

Mazkur loyihalarni amalga oshirilishi 51,2 mln. kVt.soat arzon va ekologik sof elektr energiya ishlab chiqarish, 15 ta qo‘shimcha ish o‘rinlarini yaratish, mamlakat energetika balansida gidroenergetika ulushining o‘sishi va yoqilg‘i resurslarini tejash, elektr energiyaga tobora o‘sib borayotgan talabni qondirish imkonini beradi.

Bundan tashqari, Chorvoq GESda amalga oshirilishi rejalashtirilayotgan qiymati 33,95 mln yevroga teng «GES faoliyati xavfsizligini ta'minlash bo‘yicha loyiha»ni moliyalashtirish uchun jalb qilinayotgan kreditning 9,3 mln yevrolik qismi yo‘naltiriladi.

Respublikamizda ekologik toza, qayta tiklanuvchi elektr energiyasi ishlab chiqarish manbasi hisoblangan gidroenergetika sohasi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 2 maydagi PQ–2947-son Qarori bilan tasdiqlangan «2017-2021 yillarda gidroenergetikani yanada rivojlantirish chora-tadbirlari Dasturi» asosida yanada rivojlanmoqda.

Ushbu dasturga muvofiq, «O‘zbekgidroenergo» AJ tomonidan «Loyihalar fabrikasi» mexanizmini joriy qilgan holda zamonaviy texnologiyalarga asoslangan yangidan yangi loyihalarning uzluksiz ishlab chiqarilishi hamda Investitsiya dasturiga kiritilib, samarali amalga oshirilishi ta'minlanmoqda.

Joriy yilda «loyihalar fabrikasi» bo‘yicha dastlabki umumiy qiymati 1,57 mlrd. dollarga teng, quvvati 907,5 MVt bo‘lgan 23 ta investitsiya loyihasi tayyorlanmoqda, shundan qiymati 1,37 mlrd. dollarlik 14 ta loyiha doirasida 637,25 MVt yangi quvvatlar yaratiladi va qiymati 190 mln. dollarlik 9 ta loyiha doirasida 270,3 MVt quvvatlar modernizatsiya qilinadi.

Ushbu loyihalarni moliyalashtirish uchun Fransiya taraqqiyot agentligi mablag‘laridan tashqari, Osiyo taraqqiyot bankidan 60 mln AQSh dollari va Yevropa tiklanish va taraqqiyot bankidan 80 mln yevro, hamda davlat-xususiy hamkorligi tamoyillari asosida to‘g‘ridan to‘g‘ri investitsiyalar jalb qilinishi ko‘zda tutilmoqda. Bu esa, o‘z navbatida, investitsiya loyihalariga jalb qilinayotgan mablag‘lar va texnologiyalar manbalarini diversifikatsiya qilish imkonini beradi.

Joriy yilda Investitsiya dasturi doirasida umumiy qiymati 1556,2 mln. dollariga teng 19 ta investitsiya loyihasining qariyb 500 mln dollarlik qismi Xitoy Xalq Respublikasi va Rossiya Federatsiyasi moliya institutlari investitsiyalarini jalb qilgan holda amalga oshirilmoqda.

Shu yilning o‘tgan 7 oyi davomida, umumiy quvvati 22,4 MVt bo‘lgan «Shahrixon GESlar kaskadi» UK tarkibidagi Janubiy Farg‘ona kanali 2-GESi va «Qodiriya GESlar kaskadi» UK tarkibidagi 3-GESining modernizatsiyasi loyihalari yakunlanib, foydalanishga topshirildi.

Yil yakuniga qadar yana quvvati 95,9 MVt ga teng qo‘shimcha 4 ta loyihani, ya'ni Qamchiq GES va Zarchob-1 kichik GES qurilishi, shuningdek, «Toshkent GESlar kaskadi» UK tarkibidagi GES-9 ni va «Quyi Bo‘zsuv GESlar kaskadi» GES-14 ni modernizatsiyasini yakunlashga qaratilgan ishlar amalga oshirilmoqda.

Shunday qilib, 2020 yil davomida foydalanishga topshirilgan loyihalar soni 6 taga, qo‘shimcha qurilgan quvvatlar hajmi 118,3 MVt ga hamda yaratilgan yangi ish o‘rinlari soni 100 taga yetkaziladi.

«O‘zbekgidroenergo» AJ Axborot xizmati

Reklama huquqi asosida

Top