08:34 / 22.08.2020
6944

«Odam savdosiga qarshi kurashish to‘g‘risida»gi qonun yangi tahrirda tasdiqlandi

Qonunning maqsadi odam savdosiga qarshi kurashish sohasidagi munosabatlarni tartibga solishdan iborat.

«Odam savdosiga qarshi kurashish to‘g‘risida»gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuniga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish haqida»gi qonun e'lon qilindi.

O‘zbekiston Respublikasining 2008 yil 17 aprelda qabul qilingan «Odam savdosiga qarshi kurashish to‘g‘risida»gi Qonuniga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritilib, uning yangi tahriri tasdiqlandi.

Odam savdosiga qarshi kurashishning asosiy prinsiplari quyidagilardan iborat:

qonuniylik;

odam savdosi bilan shug‘ullanuvchi shaxslar javobgarligining muqarrarligi;

odam savdosidan jabrlanganlarning kamsitilishiga yo‘l qo‘ymaslik;

ijtimoiy sheriklik.

Odam savdosiga qarshi kurashish sohasidagi davlat siyosatining asosiy yo‘nalishlari quyidagilardan iborat:

odam savdosiga qarshi kurashishga, shu jumladan odam savdosiga imkon beruvchi sabablar va shart-sharoitlarni bartaraf etishga qaratilgan chora-tadbirlarni amalga oshirish;

odam savdosining oldini olishga qaratilgan huquqiy, siyosiy, ijtimoiy-iqtisodiy, tibbiy, profilaktika chora-tadbirlarini, axborotga oid chora-tadbirlarni amalga oshirish, shu jumladan aholining huquqiy ongi va huquqiy madaniyatini yuksaltirish;

odam savdosini o‘z vaqtida aniqlash va unga chek qo‘yish, uning oqibatlarini bartaraf etish, shuningdek odam savdosi bilan shug‘ullanuvchi shaxslar javobgarligining muqarrarligi prinsipini ta'minlash;

odam savdosidan jabrlanganlarni, odam savdosidan jabrlangan deb taxmin qilinayotganlarni davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash, shu jumladan ijtimoiy himoya qilish;

odam savdosiga qarshi kurashish sohasida ilmiy-tadqiqot ishlari, konferensiyalar, seminar-treninglar va davra suhbatlari o‘tkazishga doir faoliyatni, shuningdek ushbu sohadagi faoliyatni amalga oshiruvchi davlat organlari xodimlarini kasbga tayyorlashga, qayta tayyorlashga va ularning malakasini oshirishga doir faoliyatni rivojlantirish hamda rag‘batlantirish;

odam savdosiga qarshi kurashish sohasidagi xalqaro hamkorlik.

Odam savdosiga va majburiy mehnatga qarshi kurashish bo‘yicha milliy komissiya davlat hokimiyati va boshqaruvi organlarining, boshqa tashkilotlarning odam savdosiga qarshi kurashish sohasidagi faoliyatini muvofiqlashtiruvchi kollegial organdir.

Milliy komissiyaning qarorlari davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari tomonidan bajarilishi shart, nodavlat notijorat tashkilotlari uchun esa tavsiyaviy xususiyatga ega.

Milliy komissiya:

Odam savdosiga qarshi kurashish masalalari bo‘yicha kichik komissiyadan;

Majburiy mehnatga qarshi kurashish masalalari bo‘yicha kichik komissiyadan iborat.

Milliy komissiyani shakllantirish va uning faoliyatini tashkil etish tartibi O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan belgilanadi.

Odam savdosining oldini olishga doir chora-tadbirlar quyidagilarni o‘z ichiga oladi:

fuqarolarning odam savdosidan jabrlanishining oldini olishga, ularning himoyasiz va xavf ostida qolishiga sabab bo‘lgan ijtimoiy-iqtisodiy muammolarni hal etishga qaratilgan dasturlarni ishlab chiqish hamda amalga oshirishni;

odam savdosiga qarshi kurashish sohasidagi muammolarni aniqlash va ushbu muammolarning yechimlarini ishlab chiqish maqsadida mazkur sohadagi faoliyatning doimiy monitoringini amalga oshirishni;

odam savdosidan jabrlanganlar tushib qolishi mumkin bo‘lgan xavfli vaziyatlar haqida, davlat hamda odam savdosidan jabrlanganlarga yordam ko‘rsatish va ularni himoya qilish bo‘yicha ixtisoslashtirilgan muassasalar tomonidan taqdim etiladigan himoya choralari to‘g‘risida, odam savdosiga qarshi kurashish uchun davlat tomonidan ko‘rilayotgan jinoiy va ma'muriy ta'sir choralari haqida jamiyatning xabardorligini oshirishni;

turistik faoliyatni, shuningdek aholini ish bilan ta'minlashga oid faoliyatni amalga oshiruvchi yuridik shaxslar faoliyatiga doir talablarni belgilashni;

O‘zbekiston Respublikasining davlat ta'lim muassasalarida va nodavlat ta'lim tashkilotlarida odam savdosiga qarshi kurashish sohasidagi ta'lim dasturlarini ishlab chiqishni va amalga oshirishni;

odam savdosiga qarshi kurashishga doir faoliyatni amalga oshiruvchi davlat organlari xodimlarini kasbga tayyorlash, qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish choralarini ko‘rishni.

Odam savdosining oldini olish qonun hujjatlariga muvofiq boshqa chora-tadbirlarni ham o‘z ichiga olishi mumkin.

Mavzuga oid
Top