13:54 / 22.08.2020
3147
«Rivojlangan davlatlar mutaxassislari bilan tajriba almashish hozirgi kun talabi» – shtab a'zosi

AOKAda bo‘lib o‘tgan brifingda Koronavirusga qarshi kurashish shtabi a'zosi Barno Abdusamatova OAVda kasallanganlar soni kamayayotgani, tuzalayotganlar soni ko‘payib borayotgani aytilsa-da, nima uchun chet davlatlardan shifokorlar taklif qilinayotgani haqidagi savolga javob berdi.

«Pandemiya tez rivojlanayotganligi sababli butun dunyo olimlari bir joyda to‘xtamayaptilar, ular doimiy izlanishdalar. Virusning yangi qirralari hamda yangi davolash usullari ustida muntazam ish olib borilmoqda. 

Hozirgi kunga kelib, kasallar soni, uning kechishi o‘zgarib borayotganligi, shuningdek, JSST tavsiyalari ham mos ravishda o‘zgarayotganligi sababli jarayonlar ham o‘zgarib borishi tabiiy.

Har bir davlat tavsiyalarni mahalliy sharoitlarga moslashgan holda ishlab chiqadi va har qanday vaqtda uni to‘ldirishi yoki o‘zgartirishi mumkin. Shuning uchun rivojlangan mamlakatlarning malakali mutaxassislari bilan muntazam tajriba almashinib turish hozirgi kun talabi hisoblanadi», - dedi u.

Bundan tashqari, hozir epidemiologik vaziyat bir muncha yaxshilangani va karantin talablari yumshatilganiga qaramay, nima uchun tug‘ruq davrida oila a'zolaridan biri homiladorga hamrohlik qilishga ruxsat berilmayotganiga haqida ham ma'lumot berildi.

«Tug‘ruq vaqtida hamrohlik normal sharoitlarda ma'qullansa ham epidemiologik vaziyatni hisobga olgan holda cheklanishi kerak. Homilador ayollarga oila a'zolari va yaqinlari bilan aloqada bo‘lish uchun turli xil videoaloqa vositalardan foydalanish tavsiyasi qilinadi. Ushbu choralar kasallik tarqalishining oldini olish maqsadida qo‘llaniladi», - dedi Barno Abdusamatova.

Mavzu
Koronavirus O‘zbekistonda
15 mart kuni O‘zbekistonda koronavirusga chalingan ilk bemor aniqlandi.
Barchasi
Top