18:34 / 22.08.2020
37329

Samarqand viloyatidagi eng katta masjid Urgutda barpo etildi

Yaqin kunlarda mamlakatimizdagi masjidlar soni yana bittaga ko‘payadi. Samarqand viloyati Urgut tumanida katta va ko‘rkam qilib qurilgan masjidda ayni kunlarda so‘nggi pardozlash ishlari olib borilmoqda. Kun.uz muxbiri ushbu masjidda bo‘lib, unda amalga oshirilayotgan ishlar bilan tanishdi.

Urgut tumani bosh imom xatibi noibi Husniddin Ibragimovning ma'lum qilishicha, ushbu masjid xonaqohi 55x45 metr o‘lchamda qurilgan bo‘lib, xonaqohning ikki chetida 18x45 metr o‘lchamda ayvon ham tushgan. Masjid xonaqohi o‘rtasidagi gumbazning balandligi 36 metr, masjid chetida joylashgan to‘rtta minoraning har biri 40 metrdan balandroq.

Masjidda bir vaqtning o‘zida 10 mingga yaqin odam sig‘ishi mumkin. Masjid hovlisida namozxonlar uchun barcha sharoitlar muhayyo qilingan zamonaviy tahoratxona hamda xodimlar uchun ikki qavatli ma'muriy bino qurilgan. Atrof obodonlashtirilib, manzarali daraxtlar va gullar ekilgan.

«Ushbu masjid Urgut xalqiga ajoyib tuhfa bo‘ldi. Bugun masjidda so‘nggi pardozlash ishlari bajarilmoqda. Musulmonlar idorasi va Diniy qo‘mita bilan maslahatlashgan holda, ularning ruxsati bilan masjidning ochilish marosimini o‘tkazamiz. Masjidga hali nom berilmagan. Maslahatlashib, unga nom qo‘yiladi», deydi Husniddin Ibragimov domla.

Ma'lumot uchun, Urgutda qurilgan bu masjid Samarqand viloyatidagi eng katta masjid bo‘ladi.

G‘ayrat Yo‘ldosh tayyorladi

Top