10:23 / 23.08.2020
41956

DXX 14 kilogrammdan ortiq oltin quymalarini musodara qildi

Davlat xavfsizlik xizmati xodimlari Toshkent shahar Iqtisodiy jinoyatlarga kurashish departamenti bilan hamkorlikda noqonuniy oltin aylanmasining oldini olish maqsadida tezkor tadbir o‘tkazdi.

Xususan, Toshkent shahridagi «Sharq» yo‘l-patrul xizmati maskanida 1975 yil Andijon viloyatida tug‘ilgan, muqaddam sudlangan A.Nuriddinov boshqaruvidagi «Kobalt» rusumli avtomashina to‘xtatilib, tekshirilganda, avtomashina yukxonasida qora politilen paketlarga o‘ralgan, jami miqdori 14 kg 238 gramm bo‘lgan 16 dona oltin quymasi borligi aniqlandi.

Ma'lum bo‘lishicha, Nuriddinov ushbu oltin quymalarini Toshkent viloyati Qibray tumanidagi uyida qonunga xilof ravishda qo‘lbola usulda tayyorlagan bo‘lib, keyinchalik ularni Andijon va Namangan viloyatlariga olib borib, sotishni rejalashtirgan.

Amaldagi qonunchilikka ko‘ra, oltinni quyma shaklga va yuqori asillik darajasiga keltirib oldi-sotdi qilish taqiqlangan bo‘lib, ushbu harakatlar uchun O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat Kodeksida jinoiy javobgarlik nazarda tutilgan.

Hozirda mazkur holat bo‘yicha tergovga qadar surishtiruv ishlari olib borilib, jinoyat ishi qo‘zg‘atish masalasi ko‘rib chiqilmoqda. Shuningdek, ushbu oltin quymalarning kelib chiqish manbalarini aniqlash bo‘yicha tegishli chora-tadbirlar ko‘rilmoqda.

Top