15:53 / 23.08.2020
27337
O‘qituvchilarning maoshi, zamonaviy maktablar va pandemiya. Toshkentdagi xalqaro maktab direktori bilan suhbat

Pandemiya sharoitida o‘quvchilar maktabga qaytishi kerakmi? Zamonaviy maktablar, o‘qituvchilarning ortib borayotgan vazifalari va maoshlari haqida Toshkentdagi xalqaro maktab direktori Bill Kralovets bilan suhbatlashdik. U Kun.uz'ning «Erkin suhbat» ko‘rsatuvi mehmoni bo‘lib, umumiy o‘rta ta'limda islohot va o‘zgarishlar haqida gapirib o‘tdi. ​

Alisher Ro‘zioxunov, jurnalist: Ta'lim sohasida ko‘p yillik tajribaga egasiz. Adashmasam, shu kunga qadar, Serbiya, Yaponiya, Venesuela, Kolumbiya, Avstraliya va AQShda faoliyat yuritib, ta'lim bergansiz. Mana endi bir yildan buyon O‘zbekistondasiz. Nega? Nega aynan shu qarorga keldingiz? 

Bill Kralovets, maktab direktori: Shu yil ta'lim sohasida ishlayotganimga 28 yil to‘ladi. Ta'kidlaganingizdek, dunyoning ko‘p davlatida bo‘ldim. Hamma xalqaro maktablar bir-biridan mustaqil faoliyat yuritadi. Ya'ni men bir maktabdan ikkinchi maktabga o‘tkazilmayman. Mehnat faoliyatimni aniq fanlar o‘qituvchisi sifatida boshlagandim, keyin ilmiy ishlar bo‘yicha maktab rahbari, so‘ngra direktori lavozimiga qadar ko‘tarildim.

Oxirgi ish joyim Yaponiyaning Osaka shahrida joylashgan xalqaro maktabda ham muassasaga rahbarlik qilganman. Men u yerdan ketishga qaror qilgan paytda, boshqa xalqaro maktablar vakansiya e'lonlarini kuzata boshladim. Toshkentdagi maktab ma'muriyati direktorlik lavozimiga nomzod qidirayotgandi, suhbatdan o‘tdim. Birinchidan, men Toshkent xalqaro maktabini tanlaganim sababi — ma'muriyat mening nomzodimni tanladi va ish taklif qildi.

Bundan tashqari, maktabning obro‘si baland: bu yerda xalqaro standartlar, xususan IB'ga muvofiq o‘qish tashkil etilgan. Bu yerda 500dan ortiq o‘quvchi tahsil oladi.

Shuningdek, men faqat o‘zimga yangi ish joy emas, balki oilam uchun maroqli shahar, farzandlarimning ta'limi uchun yaxshi maktab tanlashim kerak edi. Uch nafar farzandim ham shu yerda o‘qiydi, demak maktabda o‘qitish sifati men uchun juda muhim bo‘lishi kerak.

A.R.: Maskan yo joylashuv ham sizga ahamiyatlimi?

B.K.: Men hech qachon Toshkent, O‘zbekiston yo Markaziy Osiyoda bo‘lmaganman. Bu ham o‘ziga maftun etdi.

A.R.: Bu yerlar haqida avval eshitganmidingiz?

B.K.: Sobiq Sovet davlatining parchalanishi, -iston davlatlari haqida eshitganman. Bu mintaqa men uchun qiziqarli bo‘lgan. Sarguzashtlarni yaxshi ko‘raman, Toshkent nomini eshitganimda, har bir amerikalik singari ekzotikani his etdim. O‘zbekiston, Toshkent, tog‘lar, Buyuk ipak yo‘li va boshqa narsalar... Bu ham hal qiluv qarorimga o‘z ta'sirini o‘tkazdi. Negaki, xalqaro maktablarda ishlash faqat ta'lim berishdan tashqari, dunyoni ko‘rish va turli madaniyatlar bilan tanishuvni ham anglatadi.

A.R.: Toshkentga moslashib ketish oson bo‘ldimi?

B.K.: Toshkent yashab ketish uchun juda qulay shahar. Men Lotin Amerikada ham bir muddat yashaganman va bu yerda ham latino muhitini his etaman. Odamlar juda kirishimli va ochiq, xotirjam, ba'zan juda xotirjam. Bular menga yoqadi. Bunday sharoitga ko‘nikib olish qiyin emas. Shaharning tabiati, iqlimi ham yoqadi. Yilda 4 fasl o‘z o‘rnida keladi. Kunlar ko‘pincha quyoshli. Muhimi shahar tinimsiz o‘sib boryapti, atrofda yangi-yangi kafe, restoran va ko‘ngilochar maskanlar paydo bo‘lyapti.

Ko‘pincha vaqtimni maktabda o‘tkazaman, lekin bo‘sh vaqtimda oilam bilan tog‘ga borishni yaxshi ko‘raman. U yerda chiroyli ko‘l ham bor. Shunchaki, Toshkent va O‘zbekistonni, mehribon o‘zbeklarni sevaman.

A.R.: Keling, suhbatimizni sizning professional mashg‘ulotingiz haqida davom ettirsak. Har sohaning ustasi o‘z kasbi va faoliyati to‘g‘risida qandaydir bir pozitsiyaga ega. Masalan, ularning o‘z kasbi to‘g‘risida biror falsafasi bo‘ladi. Ta'lim siz uchun nima? U ideal sharoitda qanday bo‘lishi kerak?

B.K.: Maktab direktori sifatida mening falsafam — «yaxshi maktabni yaratish uchun, kuchli o‘qituvchilarni to‘pla». Kuchli o‘qituvchilarni bir jamoaga yig‘ish, ularning malakasini muntazam oshirib borish faoliyatim muvaffaqiyatini kafolatlaydi, desam bo‘ladi. O‘qituvchi o‘z yo‘nalishida ko‘p bilimga ega bo‘lishi kerak. Muhimi, u bolalar bilan ishlashga ishtiyoqmand, kasbining fidoyisi bo‘lsin. Ota-onalar farzandi uchun maktab tanlayotganda muassasa binosi, futbol maydoni yo sport zaliga kirib ko‘radi. Aslida o‘quvchining qanchalik yaxshi ta'lim va tahsil olishi o‘qituvchining o‘qitish sifatiga bog‘liq. Shuning uchun, jamoadagi o‘qituvchilar o‘z ustida qattiq ishlashi, dars jarayonini sifatli olib borishi uchun yetarli sharoit yetkazib berish haqida ko‘proq o‘ylayman.

Maktabda 68 nafar xorijiy fuqarolar ishlaydi. Biz faqat eng kuchli o‘qituvchilarni olib kelishga harakat qilamiz.

A.R.: Siz ularni qanday topasiz? Ular aynan shu jamoada ishlashga qanday omillar turtki bo‘ladi?

B.K.: Xalqaro maktablar soni so‘nggi 10 yilda ko‘paydi. Ularning tashkiliy tuzilish ham har xil. Masalan, o‘tgan yillar ichida tijoriy maqsadda tashkil etilgan maktablar ham ko‘paydi. Lekin bizning maktab 25 yildan beri faoliyat yuritadi va u notijorat muassasa hisoblanadi. Ushbu omil o‘qituvchilar uchun muhim, deb bilaman.

Iste'dodli o‘qituvchi istiqbolda o‘z kasbiga ko‘proq mehr qo‘yishni, bolalarga ta'lim berishni o‘ylasa, biznes modeldagi maktabni tanlamaydi. Bu yerda o‘qituvchilar o‘z g‘oyalarini rivojlantirish va amalga oshirishi uchun yetarlicha erkinlikka ega, ularga raqobatbardosh maosh to‘lanadi. Ko‘pincha, ular ko‘p muddatda ishlash uchun keladi. Biz o‘qituvchilaring innovativ bo‘lishi rag‘batlantiramiz, maktabda 0dan 12 sinfgacha ta'lim beriladi. Demak, ular faoliyati davomida o‘quvchi qanday kamol topishini ham kuzatib bora oladi.

Internet ko‘p narsada inqilob yaratdi. Shu tufayli, o‘qituvchilarni yangi narsalarni tajriba qilib ko‘rishga chaqiramiz. Bu taklif va sharoitlar ularga manzur keladi.

A.R.: Ta'lim berayotgan o‘qituvchi zimmasida qanday mas'uliyat bor?

B.K.: Birinchi navbatda u o‘quvchilari bilan munosabatlarda mas'ul. Bu munosabat kuchli, ikki tomonlama, ko‘pincha individual quriladi. Fan yuzasidan hamma narsani bilishingiz mumkin, lekin o‘quvchining kimligini bilmasangiz va shu alfozda uni dars jarayoniga jalb etmoqchi bo‘lsangiz, bu juda qiyin kechadi. O‘qituvchiga bolani darsga qiziqtira olishi va jarayonda faol bo‘lishiga erishish juda qiyin. Lekin bu muhim vazifa.

A.R.: O‘qituvchi uchun maoshning hajmi ahamiyatlimi?

B.K.: Ko‘p o‘qituvchilar ta'lim sohasini millioner bo‘lib ketish uchun tanlamaydi. Agar u milliardlab pul topishni maqsad qilganda edi, o‘qituvchilikni emas, huquqshunos yo biznes sohasida o‘qigan bo‘lardi. Ta'lim sohasini tanlagan odamlar bolalarni sevadi, ular dunyoda yaxshilik qilishni istaydi. Shunga qaramay, xalqaro va tajribali o‘qituvchilarni ishga yo‘llash uchun barcha xarajatlarni qoplaydigan, kichik bo‘lmagan maosh hamda imtiyozlar to‘plami taklif etiladi. O‘qituvchi ham pensiyaga chiqib, jamg‘argan pullari evaziga hayotini osuda davom ettira olishi kerak. Shuning uchun o‘qituvchini professional tanlovini hurmat qilishadi, deb o‘ylayman va shu tufayli ular ishlaydi.

A.R.: Ayrim davlatlarda davlat maktablari ayrim fanlarga ixtisoslashtirilib, o‘sha fanlar chuqur o‘rgatiladi. Bu O‘zbekistonda ham istisno emas. Masalan, kimyo, fizika, matematika, tillar yo tarixga ixtisoslashtirilgan maktablar juda ko‘p. Vaqtlar o‘tib, bu o‘z natijasini berishiga ishonasizmi?

B.K.: Menimcha, maktabning katta funksiyalaridan biri o‘quvchiga turli g‘oyalar, fanlar va yo‘nalishlar bilan tanishib chiqishiga imkoniyat berishdir. Yakunda bola qaysi soha unga yaqin ekanini anglab olishi kerak. Kuchli maktablar turli fanlar va ko‘p yo‘nalishlar bo‘yicha ta'lim dasturini taklif etadi.

Menga ixtisoslashtirilgan maktab g‘oyasi ham yoqdi. Aniq fanlar chuqurlashtirib o‘qitiladigan maktab o‘quvchilar alohida qobiliyatiga qarab, saralab olinadi, ular o‘zini erkin his etgan yo‘nalishda ko‘proq va chuqur bilim beriladi. Bu yaxshi. Shuningdek, yoshligidan qaysi fanni ko‘proq o‘rganmoqchiligini aniqlay olgan o‘quvchilar uchun bu yaxshi imkoniyat.

A.R.: Mahalliy maktablar bilan tanishishga imkoniyat bo‘ldimi? Ularning o‘qitish tizimini o‘rgandingizmi?

B.K.: Men mahalliy maktablar tizimini batafsil o‘rgana olmadim. Mahallamizda joylashgan maktab haqida o‘tgan-ketganimda xabarlar eshitaman. Prezident maktabi ma'muriyati bilan ozroq munosabatimiz bor. Shunday maktablarni tashkil etishni davom ettirish kerak, hukumatning ta'limga sarflagan puli hech qachon havoga sovurilgan hisoblanmaydi. U qachondir hosil beriladi. Ayniqsa, bolaning boshlang‘ich ta'limiga e'tiborni susaytirmaslik kerak.

Bu yerdagi maktablar haqida bilganlarim esa, ularda har bir sinfda o‘quvchilari ko‘p bo‘ladi. Avvalroq aytganimday, bu o‘qituvchiga o‘quvchisi bilan munosabatlarini rivojlantirishda qiyinchilik tug‘diradi. Tasavvur qiling, sinfda 50 nafar o‘quvchi bo‘lsa, buni uddalash juda qiyin bo‘ladi. Ammo maktab jamiyatda alohida ahamiyatli ekani, mamlakatda o‘qituvchilar kuni bayram sifatida nishonlanishi menga yoqdi. Atrofdagi maktablarda infratuzilmasini rivojlanayotganini ko‘raman, bu ham yaxshi o‘zgarish.

A.R.: Bilamizki, ta'limda islohot o‘tkazish uchun yozib qo‘yilgan qoida va yo‘riqnoma yo‘q. Lekin hukumat ta'lim sohasida islohotni qilishi kerak. Sizningcha ilk qadamlarni nima bilan boshlash kerak? Ta'lim islohotida nima ustun turadi?

B.K.: Aytganimday, ular o‘qituvchiga ko‘proq e'tibor qaratish kerak. Ta'limda kuchli va tajribali o‘qituvchilar ko‘proq bo‘lishi kerak. Ular qo‘ldan kelgan ishni mahorat bilan amalga oshirish uchun resurs, vakolat va sharoit zarur. Sinfdagi o‘quvchilar sonini kamaytirish ham kerak. Menimcha, san'at va ijodiy yo‘nalishda ko‘proq bilim va tajriba qilishi uchun ta'limga mablag‘ tashlash kerak. O‘quvchilar amaliy san'at, teatr, aniq fanlar laboratoriyalaridan faol foydalanishi zarur. Ularga sport va atlet maydonlari, dasturlash tillarini o‘rganishga moslashgan kompyuterlar kerak.

Bolalar ko‘p kitoblar jamlangan maktab kutubxonasiga kirishi kerak. Bularning hammasi pul turadi.

A.R.: Haqiqat. Agar hukumat malakali, tajribali o‘qituvchilarni yollashi kerak, deya faraz qilsak, u holda masalaning ikkinchi tomonida tugalmas munozara boshlanadi. Ya'ni islohotni qayerdan boshlash kerak? Oliy ta'lim tizimidanmi yo boshlang‘ich ta'limdanmi? Negaki, kuchli o‘qituvchilar oliy ta'lim muassasalarini tamomlab kelishi kerak. Shundaymi?

B.K.: Bilaman, qishloq va shaharlarda boshlang‘ich ta'limdan barcha bir xil bahramand bo‘lolmaydi. Ammo bolaning 3-7 yoshidagi davri muhim rivojlanish payti bo‘lib, boshlang‘ich ta'lim olish uchun ahamiyatli hisoblanadi. U to‘yib ovqatlanishi, dam olishi kerak. U madaniyat, atrofdagi odamlar, jamiyat bilan tanishadi. Ijtimoiylashuv hodisasi yuz beradi. Yoshlikdagi sa'y-harakat uzoq muddatga tikilgan sarmoya singari juda muhim. Keyinchalik, o‘quvchilar mashaqqatlar bilan universitet kirish imtihonlariga tayyorgarlik ko‘radi. Ammo oliy ta'lim tizimidagi hamma muassasa ham kutilganday yaxshi o‘qitmaydi.

Balki oliy ta'lim muassasasi maktab bitiruvchisiga nima kerakligini tadqiq etishi kerakdir, ularni olg‘a intilishini rag‘batlantirish yo‘llarini izlashi kerakdir. Afsuski, universitetlar ko‘pincha bunday qilmaydi.

Xalqaro maktab direktori Bill Kralovets suhbat davomida yomon maktablarga tavsif berib, samara faoliyat yurituvchi maktablarni tashkil etish haqida o‘z mulohazalari bilan o‘rtoqlashdi. Shuningdek, u zamonaviy ko‘rinishdagi maktablar va umumiy o‘rta ta'lim kelajagi haqida fikr yuritdi. Suhbat so‘ngida Bill kelgusi mavsumni pandemiya sharoitida qanday boshlashi borasida berilgan savollarga javob berdi. 

Bill bilan suhbatni Youtube orqali to‘liq tomosha qilishingiz mumkin.

Ma'lumot uchun, Toshkent xalqaro maktabi nodavlat-notijorat ta'lim muassasasi bo‘lib, unda ta'lim ingliz tilida olib boriladi.

Alisher Ro‘zioxunov suhbatlashdi
Tasvirchi va montaj ustasi Otaxon Yusupov

Top