09:36 / 23.08.2020
20885
Tojikiston prezidentligi uchun navbatdagi nomzod ilgari surildi
Foto: Radio Ozodiy

11 oktabr kuni bo‘lib o‘tadigan Tojikiston prezidenti saylovi uchun mamlakat sotsialistik partiyasi yetakchisi uchinchi bor o‘z nomzodini ilgari surdi. Bu haqda 22 avgust kuni poytaxt Dushanbe shahrida bo‘lib o‘tgan Tojikiston Sotsialistik partiyasi (TSP)ning saylovoldi qurultoyida ma'lum qilingan, deb xabar beradi Asia Plus.

Partiya o‘z yetakchisi, mamlakat parlamenti deputati Abduhalim G‘afforovni Tojikiston prezidentligiga nomzod sifatida ilgari surgan.

Qurultoyda chiqish qilar ekan, G‘afforov partiya o‘zining 24 yillik mavjudligi mobaynida respublikada sodir bo‘layotgan barcha siyosiy jarayonlarda ishtirok etganini ta'kidlab o‘tdi.

TSPning saylovoldi dasturida davlat tuzilmalari, sog‘liqni saqlash, davlat mulkini xususiylashtirish, madaniyat va ta'lim sohalariga kadrlar tanlovi eng muhim masalalardan biri sifatida belgilab olingan.

TSPga 1996 yilda Tojikiston parlamentining sobiq spikeri Safarali Kenjayev tomonidan asos solingan edi. U 1998 yilda o‘ldirib ketilgan.

Abduhalim G‘afforovning nomzodi 2006 va 2013 yilgi saylovlar mobaynida ham ilgari surilgan edi. O‘shanda u elektoratning 2,8 va 1,5 foiz ovozini to‘plashga muvaffaq bo‘lgan.

Eslatib o‘tamiz, Tojikiston prezidentligiga navbatdagi saylov shu yil 11 oktabr sanasida bo‘lib o‘tadi. Prezident 7 yilga saylanadi. 

Top