22:36 / 24.08.2020
3429
Daniya harbiy razvedkasi boshlig‘i lavozimidan chetlatildi

Razvedka xizmati ayrim hollarda asoslar mavjud bo‘lsa-da josuslik faoliyati bo‘yicha surishtiruv o‘tkazmaganlikda hamda mamlakat fuqarolari to‘g‘risidagi ma'lumotlarni noqonuniy yo‘llar bilan to‘plashda ayblanmoqda.

Foto: Picture Alliance

Daniya harbiy razvedkasi  (Forsvarets etterretningstjeneste, FE) boshlig‘i Lars Findsen "Razvedka xizmatlari ustidan nazorat"  (Tilsynet med Efterretningstjenesterne, TET) organi tomonidan aniqlangan kamchiliklar tufayli lavozimidan chetlatildi. Bu haqda TT agentligi xabar berdi.

 TET taqdim etgan hisobotda aytilishicha, harbiy razvedka 2014 yildan boshlab o‘z faoliyati to‘g‘risida to‘liq bo‘lmagan ma'lumot berib kelgan. Razvedka xizmati ayrim hollarda asoslar mavjud bo‘lsa-da josuslik faoliyati bo‘yicha surishtiruv o‘tkazmagan. Bundan tashqari, harbiy razvedka mamlakat fuqarolari to‘g‘risidagi ma'lumotlarni noqonuniy yo‘llar bilan to‘plashda ayblanmoqda.

Mazkur hisobot o‘tgan yil noyabrda taqdim etilgan ma'lumotlar asosida tayyorlangan. Lars Findsendan tashqari, harbiy razvedkaning yana ikki nafar yuqori lavozimli mulozimi ham ishdan chetlatilgan.

Daniya mudofaa vaziri Trine Bramsen hisobotdagi ma'lumotlarni tekshirish uchun komissiya tayinlanganini ma'lum qildi.

"Hech shubhasiz, biz razvedka xizmatlarimiz o‘z vakolati doirasida faoliyat olib borayotganiga ishonch hosil qilishimiz lozim", - deb yozdi u matbuot uchun bayonotida.

Top