19:31 / 24.08.2020
16188
Inqirozga qarshi kurash jamg‘armasi mablag‘larining sarflanishi bo‘yicha batafsil ma'lumotlar ochiqlandi

Tashqi qarzlar hisobiga shakllantirilgan jamg‘arma mablag‘larining 67 foizi ishlatib bo‘lindi.

Moliya vazirligi Inqirozga qarshi kurash jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan amalga oshirilgan davlat xaridlari bo‘yicha batafsil ma'lumotlarni e'lon qildi.

Hisobotlardan kimga qancha mablag‘ ajratilgani, davlat xaridlari bo‘yicha tuzilgan shartnomalar, yetkazib beruvchilarning benefitsiarlari kabi axborotlar o‘rin olgan.

Shu maqsadda Moliya vazirligi saytida interaktiv sahifa ochilgan. Ayni paytdagi ma'lumotlar 18 avgust holatiga keltirilgan bo‘lib, sahifa har haftada yangilab borilishi ma'lum qilindi.

Ushbu ma'lumotlarning ochiqlanishi endilikda keng jamoatchilikka mustaqil surishtiruvlar o‘tkazish imkonini beradi.

Eslatib o‘tamiz, Inqirozga qarshi jamg‘armaga 10 trillion so‘m yo‘naltirilgan bo‘lib, u uchta xalqaro tashkilotdan olingan qarzlar hisobiga shakllantirilgan: 41,9 foiz – Osiyo taraqqiyot banki, 37,9 foiz – Xalqaro valuta jamg‘armasi, 20,2 foiz – Xalqaro tiklanish va taraqqiyot banki tomonidan ajratilgan mablag‘lardir.

18 avgust holatiga ko‘ra, jamg‘armadan 8 448,7 mlrd. so‘m miqdorida mablag‘ ajratilgan bo‘lib, shundan 6 753,5 mlrd. so‘mi tegishli tashkilotlar tomonidan o‘zlashtirilgan.

Top