11:35 / 24.08.2020
4510
O‘qishini ko‘chirish va tiklash istagini bildirganlarga arizalarini tahrirlash uchun vaqt berildi

Rad etilgan arizalarning kamchiliklarini tahrirlash uchun oxirgi muddat 25 avgust kuni soat 23:59gacha etib belgilangan.

Oliy va o‘rta maxsus ta'lim vazirligi 2020-2021 o‘quv yili uchun respublika oliy ta'lim muassasalariga o‘qishini ko‘chirish (tiklash) maqsadida onlayn ro‘yxatdan o‘tgan fuqarolarning arizalari to‘liq ko‘rib chiqilganini va ayrim arizalar rad etilganini ma'lum qildi.

Rad etilgan arizalarning kamchiliklarini tahrirlash uchun oxirgi muddat 25 avgust kuni soat 23:59gacha etib belgilangan.

«Bu muddatdan so‘ng arizani tahrirlashga yo‘l qo‘yilmaydi va kamchiliklari bartaraf etilmagan arizalar ko‘rib chiqilmaydi. Ro‘yxatdan o‘tgan barcha fuqarolardan o‘zlarining shaxsiy kabinetlariga kirib (ro‘yxatdan o‘tishdagi login va parol orqali) arizalarining ko‘rib chiqilish holatlarini doimiy kuzatib borishlari so‘raladi», deb yozadi vazirlik.

Qabul qilingan aksariyat hujjatlar quyidagi sabablarga ko‘ra qayta tahrirlash uchun qaytarilgan:

  • pasport nusxasi (doimiy yashash manziliga ro‘yxatga qo‘yilgan beti bilan birga) to‘liq yoki sifatli yuklanmagan. O‘qishni ko‘chirish to‘g‘risidagi murojaatlarni ko‘rib chiqishda talabaning doimiy yashash manzili asoslovchi sabablardan biri hisoblanadi;
  • OTMda o‘qiyotganlik (o‘qiganlik) to‘g‘risidagi belgilangan shakldagi hujjat (akademik ma'lumotnoma yoki reyting daftarchasi yoki transkript) nusxasi to‘liq yoki sifatli yuklanmagan;
  • o‘qigan (o‘qiyotgan) OTM yoki ta'lim yo‘nalishi nomi to‘liq kiritilmagan;
  • mavjud bo‘lmagan OTM yoki ta'lim shakli yoki ta'lim yo‘nalishiga ko‘chirish bo‘yicha ro‘yxatdan o‘tilgan.
Top