08:17 / 24.08.2020
23664
O‘zbekiston MDH doirasida yana bir hujjatga qo‘shildi

Bu Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi ishtirokchi-davlatlarining mehnat, migratsiya va aholini ijtimoiy himoya qilish bo‘yicha Maslahat kengashini tashkil etish to‘g‘risida 1992 yil 13 noyabrdagi Bitimga o‘zgartirishlar kiritish haqidagi Bayonnomadir.

Bayonnoma 2016 yil 28 oktyabrda Minsk shahrida Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi ishtirokchi-davlatlarining Hukumat rahbarlari yig‘ilishida imzolangan.
 
Norma’ning yozishicha, hujjatda Migratsiya sohasida hamkorlik qilish bo‘yicha Hamdo‘stlik organlarining vakolatlarini taqsimlash nazarda tutiladi hamda MDH ishtirokchi-davlatlarining migratsiya organlari rahbarlari kengashi va Maslahat kengashi o‘rtasida migratsiya sohasidagi funksiyalarning takrorlanishi istisno etiladi. Bu MDH ishtirokchi-davlatlarining ijtimoiy-mehnat sohasidagi kelishuv siyosatining yanada samarali tarzda ishlab chiqilishiga imkon beradi.
 
Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi mazkur xalqaro shartnomani amalga oshirish uchun mas'ul bo‘lgan vakolatli organ etib belgilandi. Moliya vazirligi va Sog‘liqni saqlash vazirligi unga ko‘maklashadi. TIV tegishli bildirishnomani depozitariyga yuboradi. Bayonnoma O‘zbekiston uchun kuchga kirganidan keyin Vazirlar Mahkamasi uning qoidalari amalga oshirilishi ustidan nazorat qiladi.
 
Eslatib o‘tamiz, MDH ishtirokchi-davlatlarining mehnat, migratsiya va aholini ijtimoiy himoya qilish bo‘yicha Maslahat kengashi tashkil etilgan va quyidagilarni amalga oshirish maqsadida faoliyat yuritadi:

• maslahatlar berish va o‘zaro manfaatlarni o‘z ichiga olgan muhim muammolar yuzasidan fikr almashish orqali kelishuv siyosatini ishlab chiqish;
• MDH ishtirokchi-davlatlarining qonun hujjatlarini uyg‘unlashtirish va mehnat munosabatlari, migratsiya, bandlik, aholini ijtimoiy himoya qilish va mehnat muhofazasi bilan bog‘liq masalalarni tartibga solish;
• ushbu masalalar bo‘yicha takliflarni ishlab chiqish hamda davlatlararo kelishuvlar loyihalarini tasdiqlash.
 
Hujjat 12.08.2020 yildan kuchga kirdi. 

Top